Совет Министров Республики Каракалпакстан

Портал государственной власти Республики Каракалпакстан



Скачать страницу в PDF Скачать страницу в PDF (85 Kb)    Версия    Скачать страницу в doc (85 KB)

Sog'lom ona va bola

Prezidentimiz tashabbusi bilan 2016 yil mamlakatimizda Sog'lom ona va bola yili deb e'lon qilindi.

Bu yorug' jahonda neki jonzot bo'lsa, barchasi bolasi uchun qayg'uradi, hatto og'zida don tashib boqadi, himoyalab voyaga etkazadi.

Butun mavjudot orasida eng ulug', eng mukarram etib yaratilgan inson farzandi, uning baxti, kelajagi uchun butun borlig'ini, kerak bo'lsa butun umrini bag'ishlaydi.

Bu borada bizning millatimizga – o'zbek xalqiga etadigani kam topilsa kerak. Farzand ko'rish, uni sog'-salomat katta qilish, baxtu iqbolini ko'rish xalqimiz uchun eng ezgu orzu, oliy baxt hisoblanadi.

Bu bejiz emas. Chunki har bir oilaning kelajagi shu oilada qanday farzand voyaga etayotganiga bog'liq. Oila – jamiyatning kichik, lekin g'oyat muhim bo'g'ini. Demak, butun mamlakatning kelajagi shu yurt farzandlariga bog'liq. Shuning uchun ham O'zbekiston mustaqillikka erishgan kunlardanoq Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida millat taqdiri, mamlakat kelajagi haqida o'ylash, uning huquqiy asoslarini ishlab chiqish, zarur shart-sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilandi. Mustaqillikka erishganimizdan keyin oradan ko'p o'tmay davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan “O'zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Mustaqil O'zbekistonning birinchi ordeni “Sog'lom avlod uchun” deb ataldi.

Bunday sa'y-harakatlar zamirida chuqur ma'no-mazmun mujassam. Millatning nasl-nasabi tozalanishi kerak edi. Chunki sobiq sho'ro tuzumi davrida nainki o'zbek xalqining, balki sobiq ittifoq hududidagi barcha millatlarning nasl-nasabi deyarli buzilib bo'lgan edi. O'sha tuzum, o'sha mafkura rahbarlari sovet davlatida har xil millat bo'lmaydi, yagona sovet xalqi vujudga keldi, deb aytgani, gazetalarda yirik-yirik harflar bilan yozilgani, ko'chalarda, baland binolar peshtoqiga shior qilib osib qo'yilgani bor gap. Eslab ko'ring, o'sha zamonda tug'ruqxonalarda chaqaloq onasiga uch kundan keyin olib kelingan. Ungacha tug'ruqxonadagi onalardan sut olib, hammasini aralashtirib, ana shu aralashma sutni chaqaloqlarga berishgan. Endi o'ylang, o'sha vaqtda tug'ilgan bolalar kimlarning sutini ichgan?! Xudo biladi.

Bunday “tadbir” zamirida ham yuqorida aytganimiz yagona sovet xalqini yaratish g'oyasi yotganiga kim shubha qiladi. Turli ota-onalarning farzandlari o'zlari bilmagan holda aka-uka, opa-singil, aka-singil bo'lib qolgandir balki, chunki ular sut emishgan. Endi bu yog'ini o'zingiz o'ylab ko'ravering...

Xalqimizda sut bilan kirgan jon bilan chiqadi, degan naql bor. Ona sutidek halol degan gap bekor aytilmagan. Demak, bolaning kelajakda qanday inson bo'lib voyaga etishida (tarbiyaning o'rnini, ahamiyatini inkor etmagan holda) ona sutining ahamiyati juda katta.

Mustaqillikka erishganimizdan keyin avvalo tug'ruqxonalar tubdan o'zgardi, ulardagi sharoitlar xalqaro me'yorlar darajasiga ko'tarildi. Eng muhimi, bola tug'ilishi bilan onasi qo'liga beriladigan bo'ldi, chaqaloq og'iz sutini o'z onasi ko'kragidan emadagan bo'ldi. Bu mayda gap yoki kichik masala emas. Har qanday fe'l-atvor – yaxshi fazilatlar ham, nomaqbul odatlar ham ona suti orqali inson qoniga singadi. Qon-qoniga singib ketgan degan ibora zamirida chuqur ma'no bor. Ota-onaga, qarindosh-urug'larga, elu yurtga mehr-muhabbat, sadoqat tuyg'ulari ham shunday.

Nasl-nasab masalasiga xalqimiz azal-azaldan nihoyatda jiddiy, mas'uliyat bilan qaragan. Amir Temur davrida bu borada ko'p ish qilingan. Sohibqiron bu masalaga alohida ahamiyat bergan: “O'g'illarim, nabiralarim va yaqinlarimni uylantirmoq tashvishida kelin izlamoqqa e'tibor berdim. Bu ishni davlat yumushlari bilan teng ko'rdim. Kelin bo'lmishning nasl-nasabini, etti pushtini surishtirdim. Xos odamlar orqali sog'lik-salomatligini, jismoniy kamolotini aniqladim. Kelin bo'lmish nasl-nasabi, odob-axloqi, sog'lom va baquvvatligi bilan barcha qusurlardan xoli bo'lsagina, el-yurtga katta to'y-tomosha berib, kelin tushurdim”.

Oradan olti asr o'tib Islom Karimov millatning nasl-nasabini, sog'lom avlod masalasini davlat siyosati darajasiga ko'tardi. Prezidentimiz deyarli har bir chiqishida sog'lom avlod, yoshlar masalasiga e'tibor qaratadi. Farzandlarimiz bizdan ko'ra kuchli, bilimli, dono va, albatta, baxtli bo'lishlari shart, degan g'oyani istiqlolning ilk yillarida ilgari surgan. Farzandlarimizning sog'lom tug'ilishi, o'sishi, o'qishi, voyaga etishi uchun qilingan ishlarning salmog'i juda ulkan. “Bolalarni asraylik” xalqaro tashkiloti tomonidan tuzilgan reytingda o'sib kelayotgan yosh avlod salomatligi haqida eng ko'p g'amxo'rlik ko'rsatadigan davlatlar orasida O'zbekiston 9-o'rinni egallagani bejiz emas yoki o'z-o'zidan bo'lib qolgani yo'q.

Mamlakatimizda sog'lom bola, sog'lom avlod masalasiga kompleks yondoshilmoqda. Boshqacha aytganda, sog'lom bola tug'ilishi uchun avvalo ota-ona sog'lom bo'lmog'i lozimligiga katta e'tibor berilmoqda. Prezidentimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida “Sog'lom bola sog'lom va ahil oilaning mevasi bo'lib, faqatgina sog'lom onadan sog'lom bola tug'iladi”, deb alohida ta'kidladi. Bu masala mamlakatimiz mustaqillikka erishgan ilk yillardan alohida e'tiborda. O'sha ma'ruzada davlatimiz rahbari buni alohida qayd etdi: “Biz mustaqillikka erishganimizdan so'ng sog'lom va barkamol avlodni voyaga etkazish, birinchi navbatda oila, onalik va bolalikni himoya qilish masalasini o'zimiz uchun eng muhim, ustuvor vazifa sifatida belgilab oldik”.

Buning amaldagi isbotini yillarning nomlanishi va shu asosda davlat dasturlari ishlab chiqilib, hayotga joriy etilgani misolida yaqqol ko'rishimiz mumkin. Oila yili, Ayollar yili, Sog'lom avlod yili, Ona va bola yili, Sihat salomatlik yili, Yoshlar yili, Barkamol avlod yili, Sog'lom bola yili. Bularning zamirida sog'lom ona va sog'lom bola masalasi mujassamdir. Skrining markazlari, perinatal markazlar barpo etilgani avvalo onalarning, shu bilan birga, homilaning sog'lom bo'lishiga alohida e'tibor qaratilayotganiga yorqin misoldir.

Prezidentimiz 2016 yilni mamlakatimizda Sog'lom ona va bola yili, deb e'lon qildi. Bu xalqimizning dilidagi gap bo'ldi. Zotan, bola sog'lom bo'lishi uchun avvalo ona sog'lom bo'lishi zarurligini sira esdan chiqarmasligimiz kerak. “Bolaga e'tibor bo'lajak onaga e'tibor qaratishdan boshlanishi kerak. Chunki homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati, barcha his-tuyg'ulari, kayfiyati ona vujudi orqali bolaga o'tadi”, deb ta'kidladi Islom Karimov.

Yana bir muhim jihat: sog'lom tushunchasiga keng ma'noda qarash va yondashish lozim. “Biz sog'lom bola deganda nafaqat jismoniy, balki ma'naviy jihatdan ham sog'lom bolani o'zimizga tasavur etamiz”, deb ta'kidladi davlatimiz rahbari. Darhaqiqat, jismoniy va ma'naviy sog'lom farzand ota-onaning baxti. Demak, jamiyatning baxti. Shu bois bolaning yo jismonan, yo ruhan nogiron bo'lib tug'ilishiga olib kelishi mumkin bo'lgan holatlarni bartaraf etish uchun barcha chora-tadbirlar ko'rilmoqda. Bular – erta turmush qurish va yaqin qarindoshlar o'rtasidagi nikohning oldini olish, nikohga kiruvchilarning sog'ligini tibbiy ko'rikdan o'tkazish kabi g'oyat muhim masalalardir.

Bolaning jismonan sog'lom, ruhan tetik, irodasi mustahkam, qat'iyatli bo'lib o'sishida sportning o'rni g'oyat katta. Shu bois mamlakatimizda bolalar sportini rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilayotir. Prezidentimiz tashabbusi bilan Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi tuzilgani va ushbu jamg'arma homiylik kengashining raisi davlatimiz rahbarining o'zi ekani bu masalaga naqadar jiddiy e'tibor qaratilayotganini yaqqol ko'rsatib turibdi. Bunday xolat, ya'ni bolalar sportini rivojlantirish bo'yicha maxsus jamg'arma tashkil etilishi va davlat rahbarining o'zi unga mas'ul bo'lishi dunyoning hech bir mamlakatida kuzatilmaydi.

Bugungi kunda bolalarni, jumladan, qizlarni sportga jalb etish ommaviy tus oldi. Zero, mazkur jamg'armani tuzishdan asosiy maqsad ham ana shu – bolalarning sport bilan shug'ullanishini odat tusiga kiritish, shu orqali sog'lom avlod tarbiyasini yo'lga qo'yishdir. Ushbu ezgu niyatlarni amalga oshirish uchun nainki poytaxtimizda yoxud viloyatlar markazlarida, balki uzoq-uzoq qishloqlarda ham zamonaviy sport inshootlari qurildi va qurilmoqda. Ular sport inventarlari va jihozlari bilan ta'minlangan. Eng asosiysi, ushbu sport maskanlaridan foydalanish koeffitsenti yildan yilga oshib borayotir.

Ana shunday e'tibor va g'amxo'rlik samarasida o'g'il-qizlarimiz sportning turli yo'nalishlari bo'yicha Osiyo va jahon chempionatlarida, Olimpiya o'yinlarida yuqori natijalarni qo'lga kiritmoqda.

Ertasini o'ylagan xalq farzandlari sog'ligi va tarbiyasiga ustuvor vazifa sifatida qaraydi. Bu yo'lda vaqtni ham, mablag'ni ham – hech narsani ayamaydi. Buni O'zbekistonda mustaqillik yillarida amalga oshirilgan betimsol ishlar va uning ulkan natijalari oynadek ko'rsatib turibdi. Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti tomonidan O'zbekistonning bu boradagi boy tajribasi ko'plab davlatlar uchun namuna sifatida tavsiya etilgani ham bejiz emas.

Bolaning har jihatdan sog'lom ulg'ayishi, uning yorug' kelajagini ta'minlash bir oylik, yoki bir yillik ish emas. Bu – uzluksiz jarayon. Zero, inson bor ekan, farzand dunyoga keladi, farzand tug'ilar ekan, uning o'ziga xos quvonchu tashvishlari ham bo'ladi. Balki inson hayotining mazmuni shudir...

Mustaqillikning ilk yillarida tug'ilgan bolalar yigirmadan oshdi. Ular bilan suhbatlashib ko'ring-a. Sobiq tuzum davridagi yigirma yoshli bola bilan bugungi yigirma yoshli o'g'il-qizlarning dunyoqarashi, fikrlash tarzi, rangi-ro'yi, qaddi-qomati, yurish-turishi keskin farq qiladi. Hozirgi yoshlarda ichki dadillik, o'ziga, ertasiga ishonch, qat'iyat bor. O'zining fikrini erkin ifoda eta oladi, mustaqil fikrlaydi. Kim nima desa ergashib ketavermaydi. Chunki ularning nasl-nasabi toza, bu yorug' olamga kelib ilk bor tatigani o'z onasining suti. Ular sog'lom onalarning bolalari. Ular – istiqlol farzandlari. Bugungi yoshlar el-yurt taqdiri, Vatan kelajagi uchun daxldorlik tuyg'usini anglagan, bu yo'lda mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir yoshlardir. Ular jamiyatimizda hal qiluvchi kuch sifatida maydonga chiqmoqda. Ana shunday yoshlari bor mamlakat taraqqiyot yo'lidan izchil borishiga, dunyoda hech kimdan kam bo'lmasligiga shubha yo'q.

Ha, tarixan qisqa davrda – yigirma to'rt yilda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida millatimizning, xalqimizning nasl-nasabini tozalash yo'lida ulkan, asrlarga tatigulik ishlar qilindi va bu yuksak samaralar bermoqda. Zero, mustaqil taraqqiyot yillarida amalga oshirilgan buyuk o'zgarishlarning eng buyugi, ayni vaqtda eng murakkabi odamlar ongining, dunyoqarashining o'zgargani, millatning nasl-nasabi tozalanganidir. Binobarin, inson ongini, tafakkurini o'zgartirish har qanday yirik inshootni qurishdan ko'ra qiyinroqdir.

Elu yurtimiz kelajagi nasl-nasabi toza, iligi to'q, fikri teran, qat'iyatli yoshlar qo'lida ekan, mamlakatimizda buyuk davlat bunyod etilishi va O'zbekiston eng rivojlangan, qudratli davlatlar safidan o'rin olishiga qat'iy ishonamiz.

Mamatqul Hazratqulov, O'zA

 

 

Sog'lom oila” sport musobaqasi

Sog'lom ona va bola yili munosabati bilan “Sog'lom oila” shiori ostida o'tkazilayotgan respublika oilaviy sport musobaqalarining Nukus shahar bosqichi bo'lib o'tdi. 

Nukus shahar ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi tomonidan tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida sportning ommaviyligini ta'minlash, yosh avlodni sog'lom voyaga etkazish, milliy o'yinlarimizni tiklash va keng targ'ib etish, oilada sog'lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi. 

Korxona, tashkilot va muassasalarda mehnat qilayotgan xodimlar va ularning oila a'zolarini sportga jalb etish, sport bilan shug'ullanishni kundalik turmush tarziga aylantirishga qaratilgan oilaviy sport musobaqasida 35 jamoa tarkibida 70 oila ishtirok etdi. Umumta'lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, madaniyat muassasalarida ishlayotgan xodimlar va ularning oila a'zolaridan tarkib topgan jamoalar qator sport turlari bo'yicha bahslashdi. 

– Musobaqaning dastlabki bosqichi 72 boshlang'ich tashkilotda bo'lib o'tdi, – deydi Nukus shahar ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi kengashi raisi Ulzoda Auezmuratova. – Ularda ishtirok etgan 360 jamoa tarkibida 2 ming 520 nafar sportchi “Chaqqonlik va merganlik estafetasi”, “Qaddimizni rostlaymiz”, “Sakrashni boshlaymiz”, “Mohir hujumchi”, “Tezlik estafetasi”, “Arqon tortish”, “Bir jamoa estafetasi” kabi bellashuvlarda o'zaro kuch sinashdi. 

Oilaviy sport bellashuvining shahar bosqichida 3-umumta'lim maktabi o'qituvchisi Gulmira Satboeva hamda 6-umumta'lim maktabi o'qituvchisi Azamat Shilmanov oilalaridan tarkib topgan jamoa a'zolari barcha shartlar bo'yicha birinchi o'rinni egalladi va musobaqaning Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. 

“Eng chaqqon oila”, “G'alabaga bo'lgan intilishi yuksak oila”, “Faol ishtirok etgan oila” nominatsiyalari bo'yicha ham g'oliblar aniqlanib, taqdirlandi. 

Aminboy Ortiqboev, Maqsad Habibullaev (surat), O'zA

Sog'lom avlod shakllanishining muhim omili

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, inson salomatligining 50-52 foizi turmush tarziga, iste'mol qilayotgan oziq-ovqatiga, 20 foizi atrof-muhit ta'siri va 8-10 foizi tibbiy xizmat darajasiga bog'liq. Bundan ko'rinadiki, vitaminlarga boy mahsulot iste'mol qilish, sog'lom turmush tarziga e'tiborli bo'lish sog'lom hayot kechirishning asosiy omilidir. 

Binobarin, bolalar salomatligini asrash ularning vitaminga boy oziq-ovqat mahsulotlari iste'mol qilishi, to'g'ri ovqatlanishi va sog'lom turmush tarzi muhim ahamiyatga ega. 

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholiga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish, bolalar salomatligini asrash, xastaliklarning oldini olish choralarini ko'rish maqsadida ko'plab loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda. «Ko'krak suti bilan emizishni targ'ib qilish va qo'llab-quvvatlash», «Besh yoshgacha bo'lgan bolalar orasida A vitamini saplementatsiyasi» kabi loyihalar bolalar o'limining kamayishi, xastaliklar asoratini bartaraf etishga xizmat qilmoqda. 

O'zbekiston Respublikasining “Yod etishmasligi kasalliklari profilaktikasi to'g'risida”gi hamda “Aholi o'rtasida mikronutrient etishmasligi profilaktikasi to'g'risida”gi qonunlarining qabul qilinishi aholi o'rtasida turli kasalliklar kamayishiga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. 

O'zbekiston Sog'liqni saqlash vazirligidan ma'lum qilishlaricha, bolalarni emlash, ularni vitaminlar bilan ta'minlash bo'yicha amalga oshirilayotgan loyihalar samarasida o'sib kelayotgan avlodning sog'lom va barkamol ulg'ayishida ulkan natijalarga erishilmoqda. 

Mazkur yo'nalishdagi milliy dastur asosida 2003 yildan buyon yilda ikki marta “Bolalar salomatligi haftaligi” o'tkaziladi. Bolalarni yuqumli kasalliklarga qarshi davlat tomonidan bepul emlashning milliy taqvimi yaratilib, zamon talablari asosida yangi emlash vositalari bilan boyitilmoqda. 

Yaqinda o'tkazilgan ushbu saplementatsiyaning yigirma beshinchi turi davomida mamlakatimizdagi 2,7 million bola A vitamini bilan emlandi. 

A vitamini etishmasligi natijasida epiteliy to'qimasi zararlanadi, ko'z xiralashadi. Teri, nafas yo'llari, qovuq va ichakda salbiy o'zgarishlar paydo bo'ladi. Oziq-ovqat mahsulotlari orasida baliq moyi, sariyog', sut, tuxum sarig'i, jigar, buyrakda ushbu vitamin bor. A vitamini ko'plab kasalliklarning oldini olish va asoratini yo'qotishga xizmat qiladi. Tuzni yodlash, bolalar o'rtasida A vitamini saplementatsiyasi, homilador ayollarni polivitamin komplekslari bilan ta'minlash kabi dasturlar mikronutrientlar tanqisligi, kamqonlikning oldini olish borasidagi sa'y-harakatlar natijasida ko'plab xastaliklarning oldi olinayotgani xalqimizning sog'lom turmush kechirishida muhim ahamiyat kasb etayotir. 

Poytaxtimizning Mirzo Ulug'bek tumanidagi 6-oilaviy poliklinikada ham bolalarda A vitamini tanqisligining oldini olishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Oila shifokorlari onalar va bolalar salomatligini mustahkamlash, ular organizmini kerakli vitaminlar bilan to'yintirish maqsadida ovqatlanish ratsioniga amal qilish, bolani to'g'ri parvarishlash bo'yicha suhbatlar o'tkazadi. Bu kabi chora-tadbirlar hududda aholi, xususan, onalar va bolalar sog'lig'ini muhofaza qilishda yuksak samaralar bermoqda. 

– Aholiga vitaminlar berish, chuqurlashtirilgan tibbiy ko'riklar muntazam tashkil etilayotgani farzandlar salomatligini muhofaza qilish imkonini kengaytirmoqda, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi pediatri Zuhriddin Siddiqov. – Ammo bu jarayonda ota-onalar e'tiborli bo'lishi, o'z salomatligi, farzandlaridagi o'zgarishlarga hushyorlik bilan qarashi talab etiladi. 

Ona sog'lom bo'lsagina undan jismonan va aqlan sog'lom farzand dunyoga keladi. Shu bois ayolning bolalik, o'smirlik davridanoq reproduktiv salomatligiga katta ahamiyat berish mas'uliyatli vazifadir.Mutaxassislar tomonidan bu boradagi targ'ibot-tushuntirish ishlari muntazam olib borilayotgani aholi, ayniqsa, yosh onalarning tibbiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. 

Barno Meliqulova, O'zA

Sog'lom bola haftaligi

Qoraqalpog'iston Respublikasida o'tkazilgan Sog'lom bola haftaligida olti oylikdan besh yoshgacha bo'lgan bolalarga foydali mikroelementlarga boy bo'lgan A vitamini tarqatildi. 

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, inson organizmida immunitetni kuchaytirish va uni mustahkamlashda eng muhim mikroelementlardan biri A vitamini etishmasligi ko'rish qobiliyatining susayishi, qizamiq, diareya va o'tkir yuqumli kasalliklar kelib chiqishiga sabab bo'ladi. Shu bois mamlakatimizda har yili bu xastaliklarga qarshi kurashish maqsadida A vitamini saplementatsiyasi dasturiga muvofiq bolalar emlanadi. 

2006 yildan buyon an'anaviy o'tkazilayotgan Sog'lom bola haftaligi doirasida bolajonlarning salomatligini muhofaza qilish, sog'lom farzand tug'ilishi va kamolga etishini ta'minlashga yo'naltirilgan tibbiy profilaktika ishlari amalga oshirilmoqda. 

Nukus shahridagi 5-oilaviy poliklinika shifokorlari ham bu tadbirda faol qatnashdi. 

– Hududimiz aholisining 13 mingdan ziyodi 14 yoshgacha bo'lgan bolalardir, – deydi oilaviy poliklinika bosh shifokori o'rinbosari Qalbike Yerjanova. – Haftalik davomida olti oylikdan 5 yoshgacha bo'lgan 3 mingdan ziyod bola tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. Darmondoriga boy bo'lgan A vitamini tarqatildi. Poliklinikamizda sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish uchun barcha sharoit mavjud. “Salomatlik-3” loyihasi asosida zamonaviy tashxis qo'yish uskunalari, EKG, avtoklav, umumiy amaliyot shifokorlari uchun jamlanma, vaktsinalarni saqlash uchun muzlatgichlar bilan jihozlangan muassasamiz faoliyatidan aholi mamnun. 

Якорь Kegeyli tumanida ham mazkur haftalik doirasida 7 mingdan ziyod bola tibbiy ko'rikdan o'tkazildi. Shifokorlar tomonidan ovullarda aholi o'rtasida bolalarni ko'krak suti bilan oziqlantirish, A vitamini saplementatsiyasi foydasi, onalik va bolalik muhofazasi, oilada sog'lom farzand tug'ilishi haqida tushuntirish ishlari olib borildi. 

Aminboy Ortiqboev, Maqsad Habibullaev (surat), O'zA

Ona qachon baxtli bo'ladi?

Yomg'ir sharros quymoqda. Atrofda bolasini ko'tarib olgan onadan boshqa hech kim yo'q. Onaning egni shalabbo. Boshidagi ro'moli elkasida. Sochlariga oq oralagan, chehrasini ajinlar to'ri qoplagan. Ufqsiz mehrining kaftida farzandini asrab, voyaga etkazayotgan ona... Bolasini bag'riga mahkam bosgancha, qaergadir shoshayapti. Yo'lning o'ydim-chuqurligidan oyog'i chalkashib ketayapti – huddi hozir toyib ketadiganday. Bola tinmay chinqiraydi. Ona eziladi, ko'zidan tirqirab yosh oqadi... 

Zamondosh musavvir arxividagi illyustratsiyalardan birida shu voqea tasvirlangan. Chorak asr muqaddam ishlangan mazkur suratga tikilib, onaizor bilan o'zimizcha gaplashamiz, oromu osoyishini so'raymiz: Umringiz tarozisining bir pallasiga dilingizni munavvar etgan quvonchlarni, boshqasiga chekkan azobu uqubatlaringizni qo'ysa, qay tomon bosib ketadi? Siynangizda hayot sharbati kamaygani murg'ak go'dagingizga shu qadar musibat, dardu hastaliklar keltirdimi? Siniqqan nigohingizda qalqib turgan tig'li savollarga-ku javob bermoqdan til quriydi, dil qaqshaydi... 

Якорь Rassom e'tiborimizni haligi kartina yonida turgan yana bir illyustratsiyaga qaratadi. Bunda ham xuddi o'sha – farzandini ko'tarib olgan ayol tasvirlangan. Ikkisining nomi bir, o'rtasidagi “yosh” 25 yil. Lekin er bilan osmoncha farq bor. Razm solamiz: 

Bobo quyosh o'zining zarrin nurlarini atrofga sochayapti. So'lim xiyobon. Onaning ko'zlari yulduz misol porlaydi. Ma'suma chehrasida bolalari, oila a'zolari, turmush o'rtog'i sog'-omonligidan, nurafshon hayotidan mamnunligi yaqqol bilinadi. Ufqsiz mehrining kaftida farzandini asrab, voyaga etkazayotgan baxtiyor ona... U farzandini o'ynatib yuribdi. Bolaning ko'zida o't chaqnaydi. Qulog'ingizga uning shodon kulgusi chalinadi go'yo. Yaqindagina yaratilgan mazkur kartinaga termilib, ona bilan o'zimizcha gaplashamiz. “Baxt formulasini” so'raymiz undan. Ayolning jamiyatda munosib o'rin egallagani, oila a'zolarining erishgan bir olam yutuqlarini tiniq tasvirdan anglab dillarimiz quvnaydi. 

Shu o'rinda haqli savol tug'iladi: ikki surat ham bir rassom tomonidan ishlangan va u ikki kartinada bir ayolni tasvirlagan bo'lsa, nega ular orasidagi tafovut shu qadar katta? Kartinalarning nomi nima o'zi?  Ikki kartina o'rtasidagi farqning shu qadar kattaligi kundek ravshan. Ularning nomi esa... ha mayli, bu haqda keyinroq. 

Yaqinda qaysidir xorij telekanalida bir hujjatli film namoyish etildi. Voqealar rivoji taxminan bunday: 

Ayol homiladorlik paytida turli kasalliklarga chalinadi. Farzandini sun'iy yo'l bilan dunyoga keltiradi. Ko'p qon yo'qotgani bois, uzoq vaqt davolanadi. Erining kutilmaganda oilasini tashlab ketishi dard ustiga chipqon bo'ladi. Ruhiy holati yomonlashadi. O'zi bilan o'zi ovora bo'lib qolgan ona farzandining tarbiyasi bilan jiddiy shug'ullana olmaydi. 

Якорь Hash-pash deguncha bolasi ulg'ayib, maktabga chiqadi. Oradan yillar o'tadi. Bola ettinchi yo sakkizinchi sinfda o'qiyotganida maktabga qurol olib borib, bir necha sinfdoshini otib tashlaydi. Qotil voqea joyining o'zida qo'lga olinadi. O'sha kuni tergovchi undan nega bunday qilgani haqida so'raganida, sinfdoshlari unga nisbatan qo'pol munosabatda bo'lishini, masxara qilishini, nuqul kamsitishini aytib, “boplab o'chimni oldim!”, deydi. Ertasi kuni esa kecha nimalar qilganini mutlaqo eslay olmaydi. 

Якорь Bir necha hafta davom etgan tibbiy tekshiruvlar natijasida bolaning ruhiyatida allaqanday kasallik mavjudligi va bu onadan unga homiladorlik paytida o'tib, keyinchalik oilaviy muhit hamda tashqi omillar tufayli rivojlanib ketgani ma'lum bo'ladi... 

Bugun shunga o'xshash voqealarga ko'plab mamlakatlarda guvoh bo'lish mumkin. Boisi, hozirgi globallashuv davrida u davlatlarda oila, onalik va bolalikni himoya qilish, yoshlarni tarixiy xotira va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, millat genofondini yaxshilash, aholining hayot darajasi va sifatini oshirish singari ijtimoiy masalalarga deyarli ahamiyat berilmaydi. 

Mamlakatimizda sog'lom ona – sog'lom bola masalasi davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biri etib belgilangan. Keng ko'lamli dasturlar ishlab chiqilgan. Uning doirasida mamlakatimiz tibbiyotida mutlaqo yangi tizim bo'lgan perinatal, skrining xizmatlari, reproduktiv salomatlik markazlari faoliyati yo'lga qo'yilgan. Zamonaviy tibbiy jihoz va uskunalar bilan ta'minlangan tug'ruq majmualari barpo etildi, onalik dasturi hayotga izchil tatbiq qilinmoqda. Qishloq vrachlik punktlari va oilaviy poliklinikalardao'smir qizlar, tug'ruq yoshidagi va homilador ayollar, yosh onalarning salomatligini doimiy nazorat qilib borish, ularni o'z vaqtida tibbiy ko'rikdan o'tkazish uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilgan. Bugun bu ulkan ishlar jahon miqyosida tan olinib, keng e'tirof etilmoqda. 

Mamlakatimizda har bir yilni muayyan nom bilan atash, shu asosda maxsus Davlat dasturi ishlab chiqish va uning ijrosini izchil amalga oshirish yaxshi an'anaga aylangan. Qaysi yilga qanday nom berilishidan qat'i nazar, mazmun-mohiyatida avvalo inson, uning manfaatlari, aholi farovonligini yuksaltirish, jismonan sog'lom, ma'nan barkamol avlodni voyaga etkazishdek ezgu maqsadlar mujassam. 

O'tgan yillar yurtimizda Oila yili, Ayollar yili, Sog'lom avlod yili, Onalar va bolalar yili, Yoshlar yili,Barkamol avlod yili, Mustahkam oila yili, Sog'lom bola yili, deb e'lon qilingani va ular bir-biriga uzviy bog'lanib, to'ldirib kelgani bunga yorqin misol.  Xo'sh, yillarga nom berilishida asosiy e'tibor oila mustahkamligi, ona va bola salomatligiga qaratilishining boisi nimada? 

Aslida hamma gapni mana shundan boshlamoq lozim edi. Kelajagini o'ylagan davlat o'zining azaliy orzu-intilishlarini ro'yobga chiqaradigan buyuk kuchni unib-o'sib kelayotgan yosh avlod timsolida ko'radi. 

Prezidentimiz O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligiga bag'ishlangan tantanali marosimdagi ma'ruzasida ta'kidlaganidek, sog'lom bola sog'lom va ahil oilaning mevasi bo'lib, faqatgina sog'lom onadan sog'lom bola tug'iladi. 

Якорь Xalqimizning ezgu maqsadlari zamirida farzandlarimizni jismonan sog'lom, ma'nan etuk insonlar qilib o'stirish, ularning baxtu saodati, farovon kelajagini ko'rish, dunyoda hech kimdan kam bo'lmaydigan avlodni tarbiyalash orzusi turadi. 

Shoir topib aytgan: dunyoda bolam deb yashaydi o'zbek! Chindan ham, har qaysi ota-ona o'z bolasining sog'lom va barkamol, aql-zakovatli, baxtli bo'lishini istaydi. Shunday farzandni voyaga etkazish, uning hayotda munosib o'rin egallashiga erishish ota-onaning eng ulug', eng muqaddas orzusidir. 

Mutaxassislarning fikricha, sog'lom bolaning dunyoga kelishi, baquvvat bo'lib o'sib-ulg'ayishi avvalo onaning sog'lig'iga bog'liq. Bo'lg'usi ona dilbandini to'qqiz oy o'z bag'rida asrab-avaylab, yorug' dunyoga keltiradi. Mazkur jarayonda ayol qanday kunlarni, qanday ruhiy holatni boshidan kechirsa, bu albatta ona vujudi orqali homilaga ta'sir o'tkazadi. Homilador ayolning ruhiy-fiziologik holati meyorida bo'lishini ta'minlash uchun ularga berilayotgan taomning ratsioni, sifati va kaloriyasiga jiddiy e'tibor qaratish lozim. 

Якорь Ma'lumotlarga ko'ra, bugungi kunda dunyoda 840 milliondan ortiq kishi, ya'ni qariyb har sakkiz odamning biri to'yib ovqatlanmayapti, dunyo aholisining 30 foizidan ko'prog'i to'liq ovqatlanmaslik, eng asosiy mikroelement va vitaminlar etishmasligi muammosini boshdan kechirmoqda. Shu bois 160 milliondan ortiq bola bo'yining o'sishi, jismoniy va intellektual rivojlanishiga doir kamchiliklardan aziyat chekmoqda. 

Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ma'lumotlariga qaraganda, bugungi kunda rivojlanayotgan mamlakatlarda bir kishi uchun tavsiya etilgan kundalik 400 gramm o'rniga bor-yo'g'i 150-200 gramm meva-sabzavot iste'mol qilinmoqda. Vaholanki, xalqaro dietologlarning tavsiyasiga ko'ra, inson iste'mol qiladigan oziq-ovqatning kamida 50 foizini meva-sabzavot tashkil etishi zarur. 

Якорь Mamlakatimizda aholining sifatli oziq-ovqat mahsulotlariga bo'lgan ehtiyojini uzluksiz ta'minlash,onalar va bolalarni talab darajasida parvarish qilish, ularning ovqat ratsioni, uning sifati va kaloriyasini oshirish borasida qilinayotgan ishlar aholi, avvalo, bolalar salomatligini tubdan yaxshilashga ijobiy ta'sir ko'rsatmoqda. Masalan, so'nggi 10 yilda vazni tibbiyotda ko'zda tutilgan me'yordan kam bo'lgan bolalar soni ikki barobardan ziyod, ya'ni 4 foizdan 1,8 foizga qisqardi, ularning bo'yi o'rtacha 3 santimetrga o'sdi. 

Farzandlarimizni har tomonlama sog'lom insonlar etib voyaga etkazish qon-qonimizga singib ketgan. Sog'lom avlod tarbiyasini sportsiz tasavvur etib bo'lmaydi. Zero, sport – insonning xarakterini toblaydi, qalbida o'z xalqi, yurti bilan faxrlanish tuyg'ularini yuksaltiradi. 

Yosh avlodning jismonan va ma'nan etuk insonlar bo'lib ulg'ayishi, sport bilan muntazam shug'ullanishi, iste'dod va salohiyatini namoyon etishi uchun yaratilgan keng sharoitlar ham o'zining yuksak samaralarini bermoqda. 

Uch bosqichli uzluksiz sport tizimi – “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada musobaqalari yoshlarni sportga keng jalb etish, professional sportchilarni tarbiyalashda muhim o'rin tutmoqda. 

Ma'lumotlarga ko'ra, O'zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg'armasi tashkil etilganidan buyon mamlakatimizda 1700 dan ziyod sport ob'ekti barpo etilgan. Ular zamonaviy sport inventarlari va malakali murabbiylar bilan ta'minlangan. Bugun mamlakatimizda 2 milliondan ziyod bola sportning 30 turi bilan muntazam shug'ullanayotir. 

Shaharu qishloqlarda bunyod etilgan shunday zamonaviy sport majmualarida bolalar sport bilan muntazam shug'ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Sog'lom, kuchli, mard va qat'iyatli bo'lib kamolga etmoqda. Irodasi toblanmoqda, turmush tarzi, dunyoqarashi o'zgarmoqda. 

Buning samarasida yoshlarimiz nufuzli xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishib, Vatanimiz bayrog'ini jahon arenalarida baland ko'tarmoqda. Yuksak marralarni ko'zlayotgan yigit-qizlarning g'alabalariga shohid bo'layotgan ota-onalar, bolalar qalbida ham sportga mehr uyg'onmoqda. 

Kelajagimiz vorislarining o'qib-o'rganishlari, tinmay izlanishlari, o'z ustida ishlashlari, fan-texnika imkoniyatlaridan har tomonlama samarali foydalanishlari uchun yangidan barpo etilgan maktab, akademik litsey, kasb-hunar kollejlari hamda universitetlarda yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar haqida-ku ortiqcha tafsilotga berilishning hojati yo'q. Chunki bunday ko'lamdor ishlarning beqiyos natijalarini bugun ushbu ta'lim muassasalarida tahsil olgan yoki o'qiyotgan yoshlarimiz erishayotgan yutuqlarni deyarli har kuni ko'rib turibmiz. 

...Bu ikki kartina “Ona qachon baxtli bo'ladi?”, deb nomlangan. Darhaqiqat, ayol qachon baxtli bo'ladi? Davlatimiz rahbarining bu boradagi fikrlarini keltirishni lozim topdik: 

“Qachon ayol baxtli bo'ladi? Avvalambor, uning bolalari, oila a'zolari, turmush o'rtog'i sog'-omon bo'lsa.  Qachon ayol hayotdan rozi bo'ladi? Qachonki, oilasi tinch, ro'zg'ori farovon bo'lsa, ertangi kundan ko'ngli to'q bo'lsa.  Hammamiz yaxshi bilamiz, hayot tashvishsiz bo'lmaydi, lekin shu tashvishlar kamroq bo'lsa, engilroq bo'lsa, ana shunda ayol hayotdan rozi bo'ladi.”  Hayotda har kimning o'z maqsadi bor. Kirib kelayotgan yangi – 2016 yilda ana shu maqsadlarimiz ijobati yo'lida yana beqiyos ishlar amalga oshirilishiga shubha yo'q. 

Bekzod Hidoyatov, O'zA 


Просмотров: 5126