Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Shavkat Mirziyoyev: Milliy armiyamiz – g‘urur-iftixor, kuch va bilim timsoli

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (58 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (58 KB)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifining ikkinchi kuni “Forish” tog‘-dala o‘quv bazasida bo‘ldi. 

O‘zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasining eng muhim strategik nuqtasida joylashgan. Bu esa, mamlakatni har jihatdan ishonchli himoya qilishni, yildan-yilga shakl va uslublari o‘zgarib borayotgan qurolli tahdidlarga qarshi qo‘shinlarni tezkor tayyorlashni taqozo etadi. 

Dunyoda sodir bo‘layotgan harbiy harakatlar tahlili asosida barpo etilgan mazkur poligonda jangovar tayyorgarlikni oshirish yuzasidan qo‘yilgan vazifalar bajarilmoqda. Biroq tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgani qo‘shinlarning tarkibiy tuzilishi va vazifalarini qayta ko‘rib chiqishni, erishilgan natijalarni tanqidiy tahlil qilib, yangi innovatsion texnologiyalar asosida taktik tayyorlash va uni muntazam takomillashtirib borishni talab qilmoqda.

Dastlab, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarida jangovar tarkibning yangi qiyofasiga bag‘ishlangan videolavha namoyish etildi.  Shundan so‘ng davlatimiz rahbari  mazkur tog‘-dala o‘quv bazasida harbiylarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. 

-Bu yerda harbiylarga barcha sharoitlar yaratish zarur. Har bir yotoqxona oldida hammom tashkil qilish kerak,  - dedi Prezident. – Barchamiz shuni yaxshi bilishimiz lozim, bugungi harbiy xizmat yuqori tayyorgarlik va zamonaviy ko‘nikmalarni talab qiladi. 

Davlatimiz rahbari harbiylar uchun ajratilgan yotoqxona, mashg‘ulotlar maydonlarida bo‘ldi. 

O‘quv bazasi motoo‘qchi bataloni, tank bo‘linmasi, artilleriya batareyalari, merganlar guruhi, aviatsiya jangovar bo‘linmasi, razvedka, uchuvchisiz uchish apparatlari, radioelektron kurash guruhlari, muhandis-sapyor va olov brigadalari bo‘yicha mashg‘ulotlar maydonchalariga ega.

Bu yerda jangovar harakatlar davomida shaxsiy tarkibning kuchli ruhiy ta’sir va zarbalarga duch kelishi inobatga olinib, mashg‘ulotlarda batalon taktik guruhlarining har qanday murakkab sinovlarga bardoshliligini oshirishga qaratilgan innvotsion texnologiyalar joriy etilgan. 

O‘quv bazasida balandligi 1000 metrgacha bo‘lgan murakkab tog‘ va qoyalardagi o‘quv joylarida shaxsiy tarkibning taktik harakatlanish ko‘nikmasi oshiriladi. Bu yerda harbiy sohadagi yangiliklar va bugungi zamon talablaridan kelib chiqib, taktik guruhlarning boshqaruv organlari va jangovar bo‘linmalar imkoniyati, askardan komandirgacha barcha harbiy xizmatchi qo‘llayotgan taktikani takomillashtirish imkoniyati mavjud. Qisqa muddatda mamlakatimizning istalgan hududida har qanday jangovar topshiriqni bajarish ko‘nikmasini yuzaga chiqaradigan mashg‘ulotlar amaliyotga kiritilgan.   
Qo‘shinlarning boshqaruv tizimini avtomatlashtirish, jangovar shaylik va salohiyatni kuchaytirish borasida ilg‘or xorijiy tajribalar  o‘rganilmoqda. Rossiya, AQSh, Hindiston va boshqa mamlakatlar harbiy bo‘linmalari ishtirokida o‘tkazilayotgan hamkorlikdagi nazariy va amaliy mashg‘ulotlar jangovar tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qilmoqda.

Dala mashqlariga chiqqan harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash maqsadida baza kutubxonasi turli mavzudagi adabiyotlar va kundalik nashrlar bilan ta’minlangan. Shuningdek, Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faollari ishtirokida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual bellashuv va o‘yinlar, shaxmat-shashka, stol tennisi, futbol, voleybol kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. 

-Bu kabi harbiy o‘quv bazalar konsepsiyasini ishlab chiqish kerak,- dedi Shavkat Mirziyoyev. – Hozir bu yerdagi barcha narsalar ma’naviy eskirgan. Harbiylar bu yerga kelganda haqiqiy vatanparvarlik ruhini his qilishi kerak.

 

“Forish” tog‘-dala o‘quv bazasida o‘tkazilayotgan tayyorgarlik mashg‘ulotlari tog‘ va cho‘l hududlarida, favqulodda o‘zgaruvchan vaziyatlarda, har qanday ob-havo sharoitida topshiriqlarni kechayu kunduz to‘laqonli bajarishga, jangovar harakatlarni tashkillashtirish va uzluksiz boshqaruvni takomillashtirishga xizmat qilmoqda. 

Prezidentimiz o‘quv-mashg‘ulotlarini ko‘zdan kechirdi. Mashg‘ulotlarning birida shartli qurollangan buzg‘unchi tudalar razvedka guruhlari orqali aniqlandi. O‘sha ma’lumotlar asosida qaysi taktikani qo‘llash, qanday quroldan foydalanish bo‘yicha aniq reja ishlab chiqildi va dushman yakson qilindi. 
 

Davlatimiz rahbariga uchuvchilar – polkovnik Abdulla Yo‘ldoshev va podpolkovnik Baxtiyor Otajonovlar o‘z boshqaruvidagi MIG-29 qiruvchi samolyotida yurtimiz havo hujumidan mudofaa salohiyatini namoyish qildi.

    
Bu kabi dala-o‘quv mashg‘ulotlari harbiylarning jangovar tayyorgarligini oshirishda, ularning zamonaviy harbiy texnikalardan foydalanish ko‘nikmasini shakllantirishda muhim o‘rin tutishi ta’kidlandi. 
Abu Bakr O‘rozov, Umar Asrorov, O‘zA 
 

31.03.2018 18:43 da elon qilingan, 1589 marta korib chiqildi