«O’zbekturizm» xalqaro sayyohlik yarmarkasida

Ispaniyaning Madrid shahrida 19-23 yanvar kunlari «FITUR – 2011» xalqaro sayyohlik yarmarkasi bo’lib o’tadi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sayyohlik infratuzilmasini yanada rivojlantirish, O’zbekistonning sayyohlik salohiyatini xorijda keng targ’ib etish, uning zamonaviy turlarini shakllantirish borasida keng ko’lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Buyuk ipak yo’lining markazida joylashgan yurtimiz o’zining noyob tarixiy obidalari, betakror madaniyati va an’analari hamda go’zal tabiati bilan sayyohlarni tobora ko’proq jalb qilayotir. Soha infratuzilmasining barcha tarmoqlarini izchil rivojlantirish borasida olib borilayotgan keng ko’lamli islohotlar yuksak samaralar bermoqda. Yurtimizda zamonaviy mehmonxonalar hamda dam olish maskanlari soni tobora ko’payib, ularda servis xizmati tubdan yaxshilanmoqda. Yangi sayyohlik marshrutlari ishlab chiqilayotgani, mavjud transport kommunikatsiyalari ta’mirlanib, yangilari barpo etilayotgani sohaning yanada taraqqiy etishiga hamda o’lkamizga kelayotgan sayyohlar sonining ortishiga xizmat qilmoqda. O’zbekiston bilan Jahon sayyohlik tashkiloti o’rtasidagi aloqalar izchil taraqqiy etmoqda. Mamlakatimiz Jahon sayyohlik tashkilotiga 1993 yili a’zo bo’lgan. Yurtimizda ushbu tashkilot bilan hamkorlikda xalqaro sayyohlik yarmarkalari, xalqaro konferensiya va seminarlar muntazam o’tkazilayotir. 2010 yilning oktabr oyida BMTning Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh kotibi Taleb Rifaining mamlakatimizga tashrifi o’zaro aloqalarni yangi pog’onaga ko’tarib, sayyohlik sohasidagi hamkorligimizning mustahkamlanishiga xizmat qilayotir. O’zbekiston sayyohlik va tarixiy joylar soni bo’yicha dunyodagi yetakchi o’n mamlakat qatorida turadi. Buyuk ipak yo’li chorrahasida joylashgan mamlakatimizda to’rt mingdan ziyod tarixiy va madaniy yodgorlik bor. Ularning bir qismi YUNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro’yxatiga kiritilgan. Buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan bu bebaho obidalar asrlar osha dunyo ahlini maftun etib kelmoqda. Dunyoning turli burchaklaridan tashrif buyuradigan sayyohlar Samarqand, Buxoro, Xiva, Toshkent, Shahrisabz, Qarshi, Termiz, Marg’ilon, Qo’qon singari tarixiy shaharlarimizdagi osori-atiqalarni katta qiziqish bilan tomosha qiladi. Davlatimiz rahbarining milliy qadriyatlarimizni qayta tiklash borasidagi doimiy g’amxo’rligi tufayli so’nggi yillarda ko’plab yodgorliklar qayta ta’mirlandi. «O’zbekturizm» milliy kompaniyasidan ma’lum qilishlaricha, mamlakatimiz har yili ikki millionga yaqin xorijiy sayyohni qabul qilishi mumkin. Shu nuqtai nazardan «FITUR – 2011» xalqaro sayyohlik yarmarkasi O’zbekistonning sayyohlik sohasidagi salohiyatini to’la namoyish etish uchun qulay imkoniyatdir. Aytish joizki, «FITUR» eng yirik xalqaro yarmarkalardan hisoblanadi. Ma’lumotlarga ko’ra, o’tgan yilgi yarmarkada 150 dan ziyod mamlakatdan o’n ming kompaniya olti yuzga yaqin stend bilan ishtirok etgan. Bu galgi yarmarkada 166 mamlakatdan o’n bir mingdan ziyod sayyohlik firma va kompaniyalari vakillari, ekspert va olimlar ishtirok etishi kutilmoqda. «FITUR – 2011» xalqaro sayyohlik yarmarkasida mamlakatimizning «O’zbekturizm», «O’zbekiston havo yo’llari», «O’zbekiston temir yo’llari» va boshqa kompaniya va firmalari ishtirok etishi kutilmoqda. Mazkur yarmarka O’zbekistonda sayyohlik sohasini yanada rivojlantirish va chet ellik sheriklar bilan o’zaro aloqalarni yanada kengaytirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi shubhasiz. O’zA
Sana: 2011-01-19 15:10:10, Ko'rib chiqildi: 3161