Nukusda "Istiqlol farzandlari" yoshlar festivali bo‘lib o‘tdi

Nukusda "Istiqlol farzandlari" yoshlar festivali bo‘lib o‘tdiNukusda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 25-yilligi bayramiga bag‘ishlab yoshlar festivali o‘tkazildi. 

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi kengashi va qator tashkilotlar hamkorligida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida tashkil etilgan festivalga 1 ming 600 dan ziyod yigit-qiz jalb etildi. Ular safida turli ko‘rik-tanlovlar, fan olimpiadalari va nufuzli sport musobaqalari g‘oliblari bor. 

Prezidentimizning 2014-yil 6-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbir yurtimizda ro‘y berayotgan ijtimoiy-iqtisodiy o‘zgarishlar, shahar va qishloqlarimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari bilan yoshlarni tanishtirish, ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda. 

Festival doirasida “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida insholar tanlovi, “Hokim va yoshlar” loyihasi bo‘yicha “Yoshlar siyosati – yoshlar nigohida”, “Qonuniylik va huquq-tartibotni mustahkamlashda yoshlarning hissasi” mavzularida uchrashuvlar o‘tkazildi. “Tarixiy xotirasiz kelajak yo‘q” shiori ostida Savitskiy nomidagi qoraqalpoq davlat san’at muzeyiga sayohat tashkil qilindi. 

Berdaq nomidagi qoraqalpoq davlat musiqali teatrida taniqli estrada xonandalari va yosh ijrochilar ishtirokida Vatan, mustaqillik va yoshlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlardan iborat konsert namoyish etildi. 

 

 

  O‘zA

Sana: 2016-08-24 09:05:13, Ko'rib chiqildi: 7113