Vazirlar Kengashining Umumiy bo`limining funktsional vazifalari to`g`risida N I Z O M
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Umumiy bo`limining funktsional vazifalarini belgilaydi.
Umumiy bo`lim (keyingi o`rinlarda Bo`lim deb ataladi) Vazirlar Kengashida ish yuritishni ta`minlaydigan, Vazirlar Kengashi, uning Rayosati majlislarini tashkiliy-texnik jihatdan tayyorlaydigan va ularga xizmat ko`rsatadigan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini Vazirlar Kengashi tomonidan ko`rib chiqilishini ta`minlovchi funktsional tarkibiy bo`lim hisoblanadi.
2. Bo`lim o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.
3. Bo`lim o`z faoliyatini Vazirlar Kengashi Raisi rahbarligida amalga oshiradi.
4. Bo`lim o`ziga yuklangan vazifalar va funktsialarni bajarishda Vazirlar Kengashining boshqa tarkibiy bo`linmalari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Bo`limning vazifalari va funktsiyalari
5. Quyidagilar bo`limning asosiy vazifalari hisoblanadi:
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli hamda 1999 yil 23 martdagi 140-sonli qarorlari bilan belgilangan talablarga muvofiq Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashida ish yuritilishini ta`minlaydi;
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Virtual va Xalq qabulxonalaridan kelib tushgan murojaatlarni belgilangan tartibda rasmiylashtirish hamda amaldagi qonunchilik talablariga muvofiq javob berilishini nazorat qilib borish;
6. Bo`lim o`ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
Vazirlar Kengashi Raisi va uning o`rinbosarlari tomonidan jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning vakillarini shaxsan qabul qilinishini tashkil etadi;
Vazirlar Kengashiga kelib tushgan yozma, og`zaki va elektron tarzdagi murojaatlarini ro`yxatdan o`tkazadi, o`z vaqtida ko`rib chiqilishini ta`minlaydi va ijrosini nazorat qiladi;
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasi orqali, shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 1007-ishonch telefoni orqali jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan murojaatlarni qabul qiladi, o`z vaqtida ko`rib chiqilishini ta`minlaydi va ijrosini nazorat qiladi;
o`ziga yuklangan boshqa funktsiyalarni belgilangan tartibda amalga oshiradi.
3-bob. Bo`limning huquqlari va javobgarligi
7. Bo`lim o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:
zarurat bo`lganda “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi va Qorakalpog`iston Respublikasi qonunlari, “Qorakalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi to`g`risida”gi Qonuni talablari buzilgan holda kelib tushgan hujjatlarni qaytarib yuborish.
8. Bo`limning javobgarligi:
o`ziga yuklangan vazifalar hamda funktsiyalarning sifatli va o`z vaqtida bajarilishi;
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq bo`limga tegishli takliflar va hujjatlar loyihalari har tomonlama va o`z vaqtida tayyorlanishiga;
davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Vazirlar Kengashiga, ya`ni bo`limga yuklatilgan vazifalar yuzasidan kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va o`z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishiga;
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqilishi va amalga oshirilishini nazorat qilish;
O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash to`g`risida” 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qaroriga muvofiq ijro intizomi ta`minlash;
Bo`lim o`ziga yuklangan vazifalarning zarur darajada va samarali bajarilishi uchun Vazirlar Kengashida ish yuritishning sifati hamda jismoniy shaxslarni va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash natijadorligi uchun javob beradi.
4-bob. Bo`limning tuzilmasi
Bo`limning tuzilmasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Bo`limning faoliyati mazkur Nizomga va Vazirlar Kengashining ish rejasiga muvofiq tashkil etiladi.
11. Bo`lim o`z faoliyatida Vazirlar Kengashining Raisiga bo`ysunadi.
12. Bo`lim boshlig`i Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
13. Bo`lim mutaxassislari Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.
14. Bo`lim nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.
15. Bo`lim mutaxassislarining funktsional vazifalari Vazirlar Kengashining Raisi tomonidan tasdiqlanadi.
5-bob. Bo`lim faoliyatini tashkil etish
16. Bo`lim ishlari O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o`rinbosarlari topshiriqlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Kengashining ish rejalari asosida tashkil etiladi.
17. Bo`lim o`z faoliyatini yarim yillik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.
18. Bo`limda har haftada yig`ilishlar o`tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo`ljallangan ishlar va topshiriqlar belgilab olinadi.
19. Bo`limda ish yuritilishi, hujjatlarning aylanishi bo`lim mutaxassislari tomonidan olib boriladi hamda shu haqida muntazam ravishda Vazirlar Kengashining Raisiga ma`lumot berib boriladi.
20. Bo`lim boshlig`i:
Vazirlar Kengashi Raisining ko`rsatmasi va topshiriqlariga asosan ishni tashkil etadi;
bo`limga bevosita rahbarlikni amalga oshiradi, bo`lim mutaxassislarining ishlarini tashkil qiladi hamda mazkur Nizomga muvofiq bo`limga yuklangan vazifalar va funktsiyalarining bajarilishi uchun to`liq javob beradi;
Vazirlar Kengashida ish yuritishning tizimini O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli hamda 1999 yil
23 martagi 140-sonli qarorlari bilan belgilangan talablariga to`liq muvofiqlashtirib boradi;
«Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi Qonun talablarining ijrosini ta`minlaydi;
Vazirlar Kengashiga kelib tushgan hujjatlar, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushgan og`zaki, yozma va elektron murojaatlarning kotibiyat, guruh va bo`limlar tomonidan ijrosi bo`yicha nazoratini amalga oshiradi;
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasidan kelib tushgan murojjatlarni Vazirlar Kengashida tuzilgan ishchi guruh bilan birga Qonun talablari doirasida ko`rib chiqilishini ta`minlaydi va ishchi guruh ishini muvofiqlashtirib boradi;
Vazirlar Kengashiga kelib tushgan hujjatlarning avtomatlashtirilgan tizimini yaratadi va ulardan samarali foydalanadi;
Ishlar Boshqarmasining komp`yuter texnikasi texnigi, nusxa ko`paytirish mutaxassisi va xat tarqatuvchi (kur`er) ishlarini tashkil etadi;
bo`limga yuklangan vakilligi doirasida hokimliklar, vazirlik, davlat qo`mitalari, muassasalar va boshqa birlashmalarda ijro intizomini mustahkamlashda hamda «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida»gi Qonun talablarining ijrosini nazorat qilib boradi va ularning ijrosi bo`yicha ma`lumotlarni oladi;
Vazirlar Kengashi apparatining hujjatlar bilan ishlashini tashkil qiladi, Vazirlar Kengashi Raisi hamda Ishlar Boshqaruvchisining xizmat zarurligidan kelib chiqgan hollarda qonun doirasida boshqada topshiriqlarini bajaradi.
21. Bo`lim boshlig`i vaqtincha bo`lmagan taqdirda uning vazifasini bosh mutaxassis bajaradi.
Ko'rib chiqildi: 5347