O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 23 fevraldagi “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi 140-sonli qarori to`g`risida

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga doir ishlar samaradorligini oshirish va faollashtirish, bu boradagi ta`lim-tarbiyaviy ishlarga mamlakatimiz fuqarolarini, davlat va nodavlat notijorat tashkilotlarini hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini yanada faol jalb etish va yoshlar ongiga vatanparvarlik, mardlik tuyg`ularini singdirish maqsadida,

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

 

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
23 fevraldagi “Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi 140-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan quyidagilar:

a) Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasi (keyingi o`rinlarda Kontseptsiya deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;

Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasini amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o`rinlarda Dastur deb ataladi)
2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi.

b) Quyidagilar Kontseptsiyaning asosiy vazifalari etib belgilanganligi:

yoshlarni milliy g`oya va Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi
va ongiga Vatan himoyasi sharafli va muqaddas burch ekanini chuqur singdirish;

qadimiy tariximiz va madaniyatimiz, jonajon Vatanimizning mustaqilligi va ravnaqi yo`lida fidokorona kurashgan milliy kahramonlarimiz bilan fahrlanish, ularga munosib bo`lish tuyg`usini shakllantirish, milliy armiyamizning qudrati va salohiyatiga bo`lgan ishonchni kuchaytirish;

milliy armiyamizga jismonan baquvvat va ma`nan etuk yoshlar zarurligi,
 harbiy xizmat har bir O`zbekiston fuqarosi uchun muqaddas burch ekani haqidagi tushunchani hamda bu boradagi nazariy-amaliy ko`nikmalarni mustahkamlash;

yoshlarda yon-atrofimiz va jahonda ro`y berayotgan siyosiy-ijtimoiy jarayonlarga milliy manfaatlarimizdan kelib chiqqan holda yondashish ko`nikmalarini, turli ichki va tashqi tahdidlarga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish;

har qanday murakkab vaziyatlarda tezkor va mustaqil qaror qabul qilish, zamonaviy harbiy-texnika vositalaridan samarali foydalanish malakasiga ega yoshlarni tarbiyalash;         

O`zbekiston manfaatlarini nafaqat harbiy sohada, balki xayotning barcha jabhalarida himoya qilishga tayyor turish, yurt uchun fidoyi bo`lish - bu bugungi kun talabi ekanini hayotiy misollar va ta`sirchan vositalar orqali yoshlar ongiga singdirib borish.

v) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar
va Toshkent shahar hokimliklariga bir oy muddatda Kontseptsiya asosida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning hududiy kompleks dasturlarini ishlab chiqish va tasdiqlash topshirilganligi.

g) Dasturning bajarilishi uchun mas`ul bo`lgan vazirliklar, idoralar
va boshqa tashkilotlar, shu jumladan Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tegishli chora-tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tashkil etish hamda yilning har choragi birinchi oyining beshinchi sanasigacha bo`lgan muddatda O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga ularning bajarilishi to`g`risidagi hisobotlarni taqdim etish topshirilganligi.

d) O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga:

Dasturni bajarish yuzasidan vazirliklar, idoralar va boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtirish hamda uning o`z vaqtida va sifatli bajarilishi yuzasidan tizimli nazorat o`rnatilishini ta`minlash;

Dasturni bajarilishi yuzasidan yilning har choragi birinchi oyining o`ninchi sanasigacha bo`lgan muddatda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobotlarni taqdim etish;

manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasini amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi 1-ilovaga hamda Yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash kontseptsiyasini amalga oshirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturida belgilangan vazifalarning bajarilishini nazorat qiluvchi Ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Nukus shahar va tumanlar hokimliklariga bir oy muddatda Kontseptsiya asosida yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning hududiy kompleks dasturlarini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

5. Dasturning bajarilishi uchun mas`ul bo`lgan vazirliklar, idoralar
va boshqa tashkilotlar, shu jumladan Nukus shahar va tumanlar hokimliklari tegishli chora-tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini tashkil etish hamda har chorak yakuni bilan Vazirlar Kengashiga ularning bajarilishi to`g`risidagi hisobotlarni taqdim etilishini ta`minlasinalar.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat kilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari M.Jumanov zimmasiga yuklatilsin.

 

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                    Q.Sariev


Ko'rib chiqildi: 3529