O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 martdagi “Avtomobil` transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3589-sonli qarori haqida

Avtomobil` transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, avtomobil` transportida tashishlar xavfsizligini ta`minlash hamda avtotransport xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirish maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil  6 martdagi “Avtomobil` transportini boshqarish tizimini yanada takomillashtirish  chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-3589-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan qarori bilan:

a) O`zbekiston avtomobil` va daryo transporti agentligining daryo transporti sohasidagi davlat boshqaruvi bo`yicha vakolati O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligiga o`tkazilganligi;

b) O`zbekiston avtomobil` va daryo transporti agentligi, O`zbekiston avtomobil` transporti agentligi (keyingi o`rinlarda “O`zavtotrans” agentligi deb ataladi) etib qayta nomlanganligi;

v) quyidagilar:

avtomobil` transporti ob`ektlari va yo`lovchilar xavfsizligini ta`minlovchi istiqbolli axborot-kommunikatsion texnologiyalarini va innovatsion yondashuvlarni keng qo`llagan holda yangi boshqaruv tizimlarini joriy etib, avtomobil` transporti sohasida yagona texnika siyosatini yuritish;

avtomobil` tashuvlarida normativ-xuquqiy va metodik bazani takomillashtirish, avtomobil` transporti tashishlar xavfsizligini ta`minlash bo`yicha muammolar yuzasidan xalqaro normalar, ilmiy-tekshiruv, loyiha-konstruktorlik, texnologik ishlarni inobatga olgan holda texnik tartibga solish sohasida normativ xujjatlarning yagona ma`lumotlar bazasini ishlab chiqish va shakllantirish;

iqtisodiyot tarmoqlari va aholining tashishlarga bo`lgan ehtiyojlarini hamda avtomobil` transporti xavfsizligini ta`minlash choralarini inobatga olgan holda, qishloq aholi punktlarini, shaharlar, viloyat va tuman markazlarini bog`lovchi yangi yo`nalishlarni ochish, avtomobil` transportini rivojlantirish bo`yicha kompleks dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

yo`lovchilarga keng ko`lamli xizmatlar ko`rsatish uchun sharoit yaratish, shu jumladan, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng qo`llab, avtovokzallar va avtostantsiyalar faoliyatini markazlashgan holda boshqarish va muvofiqlashtirish tizimini joriy etish;

avtovokzallar va avtostantsiyalar hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari qaramog`ida bo`lgan umumiy foydalanishdagi yo`lovchi tashish yo`nalishlaridagi to`xtash bekatlarini loyihalash, qurish, rekonstruktsiya qilish va ta`mirlashni tashkil etish;

tashish jarayonlari, qatnov jadvallariga rioya etilishi, yo`llarda harakatlanish tezligi monitoringi,  harakat yo`nalishi sxemasiga rioya etilishi hamda aholiga real vaqt tarzidagi ma`lumotlar xizmatining keng ko`lamli ro`yxati taqdim etilishi yuzasidan markazlashgan dispetcherlik boshqaruvi va nazorati tizimini joriy etish;

tashuv yo`nalishlarini tender asosida joylashtirish, yo`lovchi tashishlari sifati va xavfsizligini oshirish, tenderlar tashkilotchilari ishini muvofiqlashtirish mexanizmlarini joriy etish yo`li bilan avtomobil` transporti xizmatlari bozorida bozor munosabatlari va raqobat muhitini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan faol muloqot qilish orqali avtomobil` transporti sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, xorijiy davlatlarning vakolatli organlari bilan kelishgan holda, yangi muntazam xalqaro avtobus yo`nalishlarini ochish hamda xalqaro avtomobil` tashuvlari sohasidagi xalqaro shartnomalar bo`yicha majburiyatlarning bajarilishini ta`minlash, bu sohadagi amaldagi shartnomalarni qayta ko`rib chiqish va yangilarini tuzish, xalqaro yuk tashuvlarini amalga oshirish uchun ruxsatnomalar blankalarini o`zaro ayirboshlash;

avtomobil` transportida yo`lovchi va yuklarni tashish faoliyatini litsenziyalash, avtomobil` transportida yo`lovchi va yuklarni tashish qoidalariga amal qilish, avtomobilda tashuvlar xavfsizligini ta`minlash talablariga, og`irlik va gabarit ko`rsatkichlariga hamda haydovchilarning mehnat va dam olish rejimlariga rioya etilishini nazorat qilish;

O`zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan O`zbekiston Respublikasi hududida avtomobilda xalqaro tashuvlarni amalga oshirish shartlariga rioya etilishini nazorat qilish (O`zbekiston Respublikasining Davlat chegarasi orqali o`tkazish punktlari bundan mustasno);

avtomobil` transportida, eng avvalo, transport xavfsizligini ta`minlash masalalari bo`yicha kadrlar malakasini oshirish va qayta tayyorlashni tizimli tashkil etish “O`zavtotrans” agentligining asosiy vazifalari va faoliyatining yo`nalishlari etib belgilanganligi;

“O`zavtotrans” agentligiga yuklangan vazifalar va faoliyat yo`nalishlarining sifatli hamda to`laqonli bajarilishi uchun shaxsiy javobgarlik “O`zavtotrans” agentligi boshlig`i zimmasiga yuklanganligi;

g) Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi shahar yo`lovchi transportini boshqarish bo`yicha maxsus vakolatli organlar “O`zavtotrans” agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirish va ularga maxsus vakolatli organlar va departamentlarning huquqlari, majburiyatlari, shtat birliklari va mol-mulklari 1-ilovaga muvofiq ro`yxat bo`yicha berish topshirilganligi;

Shahar yo`lovchi transportini boshqarish bo`yicha maxsus vakolatli organlar va departamentlarni “O`zavtotrans” agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirish bo`yicha komissiya tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

         d) Avtomobil` va daryo transportini rivojlantirishni normativ-texnik ta`minlash Respublika markazi “O`zavtotranstexnika” ilmiy-ishlab chiqarish markazi” DK;

“Avtodaryotrans-ilm” kasb malakasini oshirish davlat ilmiy-metodik markazi “Avtomobil` transporti kadrlari malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash instituti” DK deb qayta nomlanganligi;

e) O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligining Nukus avtomobil` yo`l-xo`jaligi va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejini, Andijon transport va xizmatlar ko`rsatish kasb-hunar kollejini hamda Samarqand avtomobil` va yo`llar kasb-hunar kollejini, ularning ta`minotini O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, “O`zavtotrans” agentligi tarkibiga o`tkazish to`g`risidagi taklifiga rozilik berilganligi;

j) quyidagilar:

O`zbekiston avtomobil` transporti agentligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;

O`zbekiston avtomobil` transporti agentligi markaziy apparati tuzilmasi uning xodimlari cheklangan umumiy sonini 80 kishi, shu jumladan, boshqaruv xodimlarini 62 kishi etib, 4-ilovaga muvofiq amalga oshirish belgilanganligi;

O`zbekiston avtomobil` transporti agentligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va cheklangan xodimlari soni 5 va 5 “a”-ilovalarga muvofiq;

Avtomobil` transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi 6-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga avtomobil` transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturini amalga oshirish natijalarini har tomonlama tahlil qilish asosida dastur parametrlariga o`zgartirishlar kiritish huquqi berilganligi;

z) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, tumanlar va shaharlar hokimliklariga “O`zavtotrans” agentligi bilan birgalikda shahar va tumanlarda yangi tashkil etilayotgan avtomobil` tashuvlarini muvofiqlashtirish shu`balarining shahar va tumanlarda joylashtirilishini ta`minlash topshirilganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi PQ-2724-son qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o`zgartirishlar kiritish, jumladan:

yangi avtobus yo`nalishlarini tashkil etish hamda avtovokzallar va avtostantsiyalar qurilishi va rekonstruktsiya qilinishining 2018-2021 yillarda respublika iqtisodiyoti va chekka mintaqalar aholisining tashishlarga bo`lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangilangan maqsadli ko`rsatkichlari 7-8-ilovalarga muvofiq;

2018-2021 yillarda avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan milliy tashuvchilarning katta hajmli yuk avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko`rsatkichlari 9-ilovaga muvofiq belgilanganligi;

2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida va to`liq amalga oshirilishi yuzasidan mas`uliyat Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda “O`zavtotrans” agentligi boshlig`i zimmasiga yuklatilganligi;

k) Ilmiy-tadqiqot ishlari, yo`lovchi avtovokzallari va avtostantsiyalari, shuningdek, mahalliy davlat hokimiyati organlariga qarashli bo`lgan umumiy foydalanishdagi yo`lovchi yo`nalishlari oraliq bekatlarini qurish, rekonstruktsiya qilish va ta`mirlash bo`yicha dasturlar, avtotransport vositalarini xarid qilish va avtomobil` transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish, “O`zavtotrans” agentligini saqlashni moliyalashtirish maqsadlari uchun yuridik shaxs maqomiga ega bo`lmagan O`zbekiston avtomobil` transporti agentligining Avtomobil` transportini rivojlantirish jamg`armasi (keyingi o`rinlarda  Jamg`arma deb ataladi) tashkil etilganligi;

Jamg`armani moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilanganligi:

shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro avtomobilda yo`lovchilar va yuk tashishlarni amalga oshirishga litsenziyalar berish va ularning amal qilish muddatini uzaytirish uchun to`lanadigan davlat boji mablag`larining 100 foizi;

“O`zavtotrans” agentligining hududiy boshqarmalari inspektorlari tomonidan avtomobil` tashuvlari sohasida tuzilgan ma`muriy huquqbuzarliklar to`g`risidagi bayonnomalar bo`yicha undiriladigan jarimalar summasining 84 foizi;

Jamg`armaga yuklangan vazifalarni amalga oshirish uchun jalb etiladigan xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumat tashkilotlari va boshqa donorlar kreditlari (zayomlari) va grantlari;

davlat va xususiy hamkorlik doirasidagi xususiy investitsiyalar hamda qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar;

“O`zavtotrans” agentligiga O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi bilan kelishilgan holda ikki oy muddatda Jamg`arma to`g`risidagi Nizomni ishlab chiqish va tasdiqlash topshirilganligi;

l) 2022 yilning 1 yanvarigacha bo`lgan muddatga:

lizing kompaniyalari va xalqaro tashuvlarni amalga oshiruvchi milliy tashuvchilar O`zbekiston Respublikasiga olib kirilayotgan va  mamlakatda ishlab chiqarilib xarid qilinayotgan yuk avtotransporti vositalarini O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi organlarida ro`yxatdan o`tkazishda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika yo`l jamg`armasiga undiriladigan yig`imlar to`lovidan;

asosiy faoliyati avtobuslarda yo`lovchi tashishni amalga oshirish bo`lgan umumiy foydalanishdagi shahar yo`lovchi transporti tashkilotlari er solig`i to`lovlaridan ozod etilganligi;

m) “O`zavtotrans” agentligi boshlig`iga:

avtobuslarda yo`lovchi tashish (shu jumladan, xalqaro) xizmatini ko`rsatuvchi, yuklarni avtomobilda tashishlar hamda transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi, to`xtash bekatlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta`mirlash va boshqa avtomobil` transporti sohasida faoliyat yurituvchi unitar korxonalar shaklidagi mustaqil maxsus korxonalarni tashkil etish topshirilganligi;

“O`zavtotrans” agentligi tuzilmasidagi unitar korxonalarni birlashtirish va tugatish huquqi berilganligi;

n)  “O`zavtotrans” agentligiga va uning tomonidan tashkil etiladigan maxsus korxonalarga O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi rahbari bilan kelishgan holda, tender savdolari o`tkazmasdan, eng maqbul takliflarni tanlab olish yo`li bilan avtobuslar va mikroavtobuslar faoliyatini masofadan onlayn tarzida kuzatish hamda yo`lovchilar transportida yo`l haqini naqd pulsiz to`lash tizimini joriy etish uchun mo`ljallangan avtotransport vositalari, dasturiy mahsulotlar, uskunalar, mexanizmlar, materiallar, butlovchi anjomlarni ishlab chiqaruvchi zavodlar (etkazib beruvchilar) yoki ularning rasmiy dilerlari (distrib`yutorlari) bilan to`g`ridan-to`g`ri shartnomalar tuzishga ruxsat etilganligi;

o) “O`zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi maxsus korxonalar asoslash ehtiyoji mavjud bo`lganda texnik-iqtisodiy asoslash asosida 2023 yilning 1 yanvarigacha bo`lgan muddatga:

barcha turdagi soliqlardan va maqsadli davlat jamg`armalariga o`tkaziladigan majburiy to`lovlardan ozod qilinishi, bunda bo`shagan mablag`lar yangidan tashkil etiladigan maxsus tashkilotlarning moddiy-  texnika bazasini mustahkamlash uchun maqsadli ishlatilishi;

O`zbekiston Respublikasiga belgilangan tartibda tasdiqlangan ro`yxatlar bo`yicha olib kiriladigan transport vositalari, butlovchi anjomlar va ehtiyot qismlar, uskunalar, asboblar va priborlar, mashinalar va mexanizmlar, komp`yuter va diagnostika texnikasi uchun bojxona to`lovlaridan ozod etilishi belgilab qo`yilganligi (bojxonada rasmiylashtiruvlar uchun yig`imlar bundan mustasno);

 “O`zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etilayotgan yangi maxsus tashkilotlar o`rtasida, shuningdek, tashkilotlarning o`zlari o`rtasida qaytarmaslik sharti bilan topshirilayotgan va qabul qilinayotgan mol-mulk yuridik shaxslarning qo`shimcha qiymat va daromad solig`i bo`yicha soliqqa tortish ob`ekti hisoblanmasligi belgilab qo`yilganligi;

p) “O`zavtotrans” agentligi xodimlari xizmat vazifalarini bajarishda idoraviy formali kiyim-bosh kiyishi belgilanganligi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 27 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi vazirliklari, idoralari va tashkilotlarining formali kiyim-boshlarini ishlab chiqish, standartlash, tasdiqlash va tayyorlash mexanizmini tartibga solish chora-tadbirlari to`g`risida”gi             PQ-2800-son qaroriga 1-ilovadagi “Idoraviy formali kiyim-bosh” bobiga quyidagi mazmundagi 6-band qo`shilsin:

“6. O`zbekiston avtomobil` transporti agentligi”;

r) O`zbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga ko`maklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qo`mitasiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ikki oy muddatda “O`zavtotrans” agentligi va uning tomonidan tashkil etiladigan yangi mustaqil tashkilotlarga davlat tasarrufidagi avtovokzallar, avtostantsiyalar, binolar va ishlab chiqarish maydonlarini berish bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi;

s) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O`zbekiston Respublikasida avtomobil` transportini boshqarish tizimini takomillashtirish bo`yicha tashkiliy chora-tadbirlar to`g`risidagi hukumat qarorini ikki hafta muddatda qabul qilish topshirilganligi;

t) “O`zavtotrans” agentligiga, O`zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartirish va qo`shimchalar to`g`risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish topshirilganligi;

u) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko`rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo`lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-2724-son qarorining 1 va 4-ilovalari o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari S.I.Nagmetov, Nukus shahar hokimligi va “O`zavtotrans” agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi va mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan qarori bilan 1-ilovaga muvofiq tasdiqlangan “O`zavtotrans” agentligining tegishli hududiy boshqarmalariga birlashtirilayotgan shahar yo`lovchi transportini boshqarish bo`yicha maxsus vakolatli organlar ro`yxati” doirasida Nukus shahar hokimligi huzuridagi “Nukus transporti” davlat korxonasini belgilangan tartibda “O`zavtotrans” agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasiga biriktirish va unga maxsus vakolatli organlarning huquqlari, majburiyatlari, shtat birliklari va mol-mulklarini berish ishlarini ta`minlasin.

4. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosarlari (Nagmetov, Jumanov) Nukus shahar hokimligi, O`rta maxsus  ta`lim boshqarmasi va mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birgalikda Nukus avtomobil` yo`l-xo`jaligi va xizmat ko`rsatish kasb-hunar kollejini, uning ta`minotini O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtirish tartibini saqlab qolgan holda, “O`zavtotrans” agentligi tarkibiga o`tkazish bo`yicha tegishli hujjatlarini tayyorlasinlar va o`rnatilgan tartibda O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda “O`zavtotrans” agentligiga taqdim etsinlar.

5. O`zavtotrans” agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasiga O`zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko`rsatilgan qarori bilan:

5a-ilovaga muvofiq tasdiqlangan O`zbekiston avtomobil` transporti agentligi hududiy boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi va cheklangan xodimlari soniga muvofiq boshqarmaning tuzilmasini tasdiqlash va faoliyatini tashkillashtirish;

6-ilovaga muvofiq tasdiqlangan “Avtomobil` transportini boshqarish tizimiga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini joriy etish dasturi” doirasida belgilangan tadbirlarning bajarilishini ta`minlash;

tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda shahar va tumanlarda yangi tashkil etilayotgan avtomobil` tashuvlarini muvofiqlashtirish shu`balarining shahar va tumanlarda joylashtirilishini ta`minlash topshirilsin.

6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2017 yil     14 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil                10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko`rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo`lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-2724-son qarori haqida”gi 13-sonli qarori bilan ijro uchun qabul qilingan “2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturiga quyidagilarni nazarda tutuvchi o`zgartirishlar kiritilsin:

yangi avtobus yo`nalishlarini tashkil etish hamda avtovokzallar va avtostantsiyalar qurilishi va rekonstruktsiya qilinishining 2018-2021 yillarda respublika iqtisodiyoti va chekka mintaqalar aholisining tashishlarga bo`lgan ehtiyojlarini hisobga olgan holda yangilangan maqsadli ko`rsatkichlari 7-8-ilovalarga muvofiq;

2018-2021 yillarda avtomobilda xalqaro tashishlarni amalga oshirayotgan milliy tashuvchilarning katta hajmli yuk avtotransport vositalari parkini yangilashning prognoz ko`rsatkichlari 9-ilovaga muvofiq bajarilsin.

2017-2021 yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning o`z vaqtida va to`liq amalga oshirilishi yuzasidan mas`uliyat Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari hamda “O`zavtotrans” agentligi boshlig`i zimmasiga yuklansin.

7. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2017 yil     14 yanvardagi “O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil  10 yanvardagi “Aholiga transport xizmati ko`rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo`lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi PQ-2724-son qarori haqida”gi 13-sonli qarori bilan ma`lumot uchun qabul qilingan 1 va 4-ilovalari o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin.

8. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari S.I.Nagmetov, “O`zavtotrans” agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi, tumanlar va Nukus shahri hokimliklari bilan birgalikda avtobuslarda yo`lovchi tashish (shu jumladan, xalqaro) xizmatini ko`rsatuvchi, yuklarni avtomobilda tashishlar hamda transport-logistika faoliyatini amalga oshiruvchi, to`xtash bekatlarini qurish, rekonstruktsiya qilish, ta`mirlash va boshqa avtomobil` transporti sohasida faoliyat yurituvchi unitar korxonalar shaklidagi mustaqil maxsus korxonalarni tashkil etish bo`yicha asoslangan takliflarni “O`zavtotrans” agentligiga kiritsinlar.

9.Tumanlar va Nukus shahar hokimliklari, vazirlik va idoralar o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari S.I.Nagmetov va “O`zavtotrans” agentligi Qoraqalpog`iston Respublikasi boshqarmasi boshlig`i A.K.Berdiev zimmasiga yuklansin.

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi  

 Vazirlar Kengashining Raisi

 

    Q.Sariev

 


Ko'rib chiqildi: 2929