O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 martdagi «Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir, Qo`ng`irot  va Qonliko`l tumanlarida chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini etishtirishni keskin oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 188-sonli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida  Vazirlar Kengashi

QAROR QILADI:

  1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 9 martdagi «Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir, Qo`ng`irot    va Qonliko`l tumanlarida chorvachilik tarmoqlarini yanada rivojlantirish, chorvachilik mahsulotlarini etishtirishni keskin oshirish chora-tadbirlari to`g`risida»gi 188-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.
  2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan quyidagilar:

a) Qishloq xo`jaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi, Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlari hokimliklarining Taxtako`pir va Qonliko`l tumanlarida chorvachilik tarmoqlarini rivojlantirish shuningdek, Taxtako`pir tumanida chorvachilik ozuqa bazasini mustahkamlash maqsadida 2018 yilda 800 gektar paxta maydonlarini qisqartirib o`rniga qishloq xo`jaligi hayvonlari uchun ozuqa ekinlarini joylashtirish, kelgusi yillarda bosqichma - bosqich paxta maydonlarini qisqartirib borish to`g`risidagi takliflariga rozilik berilganligi;

b) Quyidagilar:

Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir tumanidagi tadbirkorlar tomonidan 2018-2019 yillar mobaynida tashkil etiladigan va Farg`ona viloyati tadbirkorlari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir tumanida 2018 yilda tashkil etiladigan loyihalar                              1 va 1a-ilovalarga muvofiq;

Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tumanidagi tadbirkorlar tomonidan 2018-2019 yillar mobaynida tashkil etiladigan va Andijon viloyati tadbirkorlari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Qo`ng`irot tumanida 2018 yilda tashkil etiladigan loyihalar 2 va 2a-ilovalarga muvofiq;

Namangan viloyati tadbirkorlari tomonidan Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonliko`l tumanida 2018 yilda tashkil etiladigan loyihalar 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

v) Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxtako`pir, Qo`ng`irot va Qonliko`l tumanlarida Andijon, Farg`ona va Namangan viloyatlari tadbirkorlari tomonidan amalga oshirilishi belgilangan loyihalarni ishga tushirish uchun ajratiladigan kreditlar garov ta`minoti masalalarini hal qilish shaxsan viloyatlar hokimlari zimmasiga yuklatilganligi;

g) O`zbekiston Respublikasi Suv xo`jaligi vazirligiga Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash jamg`armasini boshqarish departamenti O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «2018-2019 yillarda irrigatsiyani rivojlantirish                  va sug`oriladigan erlarning meliorativ holatini yaxshilash Davlat dasturi to`g`risida» 2017 yil 27 noyabrdagi PQ-3405-son qaroriga muvofiq Taxtako`pir va Qo`ng`irot tumanlarida belgilangan irrigatsiya va melioratsiya tadbirlarining o`z vaqtida bajarilishini ta`minlash topshirilganligi;

d) O`zbekiston Respublikasi Qishloq xo`jaligi vazirligiga, Iqtisodiyot vazirligi, Investitsiyalar bo`yicha davlat qo`mitasi, Qishloq xo`jaligi korxonalarini tarkibiy qayta tuzish agentligi va tijorat banklari bilan birgalikda chorvachilik yo`nalishi bo`yicha amalga oshirilayotgan loyihalarni ustuvor tartibda xalqaro moliyaviy institutlarning uzoq muddatli kreditlari hisobiga moliyalashtirishni ta`minlash topshirilganligi;

e) «O`zagrotexsanoatxolding» va «O`zavtosanoat» aktsiyadorlik jamiyatlari hamda tijorat banklariga tashkil etilayotgan loyihalar tashabbuskorlariga talab etiladigan texnikalarni yil yakuniga qadar o`rnatilgan tartibda etkazib berish vazifasi yuklanganligi;

yo) Aktsiyadorlik tijorat «Xalk banki» ozuqabop ekinlarni ekadigan qoramolchilik fermer xo`jaliklariga etishtiriladigan mahsulot hajmlaridan kelib chiqib imtiyozli kredit ajratish va ushbu mablag`larni neft` mahsulotlari, mineral o`g`it, urug` xarid qilishga va texnika xizmatlariga yo`naltirish topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi, Taxtako`pir tumani hokimligi «Qorako`l» uyushmasi bilan birgalikda yaylovlardan unumli foydalanish maqsadida 2018-2019 yillarda 10 ming bosh mayda shoxli mollarni parvarishlashga ixtisoslashtirilgan fermer xo`jaliklari tashkil etish choralarini ko`rsin.

4. O`rmon xo`jaligi qo`mitasi, er resurslari va davlat kadastri boshqarmasi 20 kun muddatda sobiq qorako`lchilik shirkat xo`jaliklarini fermer xo`jaliklariga aylantirish jarayonida kimoshdi savdolarida 38 ta suv quduqlari sotib olingan joylardagi o`rmon xo`jaligiga tegishli yaylov erlarni, ushbu loyihalarni sotib olgan fermer xo`jaliklariga berish uchun belgilangan tartibda Taxtako`pir, Qo`ng`irot, Qorao`zak, Ellikqal`a, Beruniy va To`rtko`l tumanlari hokimlariga qaytarilishini ta`minlasin.

5. Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda Taxtako`pir va Qo`ng`irot tumanlarini 2018 yildan boshlab chorvachilikka ixtisoslashtirilgan tumanlarga aylantirish choralarini ko`rsin.

6. Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi Taxtako`pir tumani hokimligi tumandagi go`sht etishtirish bilan shug`ullanib kelayotgan shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo`jaliklariga qulaylik yaratish maqsadida ular tomonidan etishtirilgan go`sht mahsulotlarini xarid qilib olish, saqlash va tizimli ravishda Toshkent shahri aholisiga etkazib berishga ixtisoslashtirilgan, zamonaviy qushxona va muzlatgichga ega bo`lgan tashkilot tashkil etish bo`yicha 20 kun muddatda Vazirlar Kengashiga taklif kiritsinlar.

7. «Mikrokreditbank» Qoraqalpog`iston Respublikasi filiali Taxtako`pir tumani hokimligi bilan birgalikda Taxtako`pir tumani aholisiga quyon etkazib berish va kasanachilik asosida quyon boqishni yo`lga qo`yish, 1000 bosh naslli quyonlarni sanoat usulida parvarishlash maqsadida 2018 yil 1 noyabrga qadar tashkilot tashkil etish chorasini ko`rsin.

8. Qishloq va suv xo`jaligi vazirligi Taxtako`pir, Qo`ng`irot va Qonliko`l tumanlari hokimliklari, tijorat banklari hamda Andijon, Namangan va Farg`ona viloyatlaridan biriktirilgan mas`ullar bilan birgalikda 20 kun muddatda loyihalar tashabbuskorlari bilan birgalikda mazkur qarordan kelib chiqqan holda tarmoq jadvallarini ishlab chiqsin  va tasdiqlasin.

Bunda, loyihalar hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish, qurilish-montaj ishlarini bajarish, zamonaviy texnologik  asbob-uskunalar bilan butlash va quvvatlarni belgilangan muddatlarda foydalanishga topshirish nazarda tutilsin.

9. Taxtako`pir, Qo`ng`irot va Qonliko`l tumanlari hokimliklari har chorak yakuni bo`yicha ushbu qarorda belgilangan tadbirlarning o`z vaqtida, sifatli bajarilishi hamda amalga oshirilgan ishlar to`g`risida Vazirlar Kengashiga axborot kiritib borsin.

10. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni o`z zimmamda qoldiraman.

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

 Vazirlar Kengashining Raisi                              Q.Sariev


Ko'rib chiqildi: 1828