Betti PDF ta'rizde ju'klep ali'w (59 Kb)
Versiyasi'
Betti doc ta'rizde ju'klep ali'w (59 KB)
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi «Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida» gi PQ-3304-sonli qarori haqida
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «Maktabgacha ta`lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida»
2017 yil 30 sentyabrdagi PF-5198-son Farmoniga muvofiq Xalq ta`limi vazirligining maktabgacha yoshdagi bolalarning sifatli ta`lim-tarbiyasini tashkil etish va ularni har tomonlama intellektual, ahloqiy, estetik va jismoniy rivojlantirish vazifalari yangi tuzilgan Maktabgacha ta`lim vazirligi zimmasiga yuklatildi.
Xalq ta`limi tizimida davlat boshqaruvini takomillashtirish, vazirlik faoliyatini umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim tizimini rivojlantirishga yo`naltirish, ta`limning boshqaruv organlari faoliyati samaradorligini hamda mas`uliyatini oshirish, o`quv-tarbiya jarayoniga ilg`or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarni samarali joriy etish orqali ta`lim sifatini ta`minlash maqsadida Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qaror qiladi:
1. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 sentyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida»gi PQ-3304-sonli qarori ijro uchun qabul qilinsin.
2. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori bilan:
a) O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining asosiy vazifalari va faoliyati yo`nalishlari etib;
birinchidan, xalq ta`limi tizimini rivojlantirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshirish, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`limni har tomonlama rivojlantirish, o`quvchilarning bilimi va ma`naviy-axloqiy darajasini yanada yuksaltirish;
ikkinchidan, o`rta ta`lim maktablari hamda o`rta maxsus, kasb-hunar ta`limi muassasalari o`rtasida o`zaro integratsiyani ta`minlash orkali
11 yillik o`rta ta`limni joriy etish bo`yicha tashkiliy-metodik tadbirlar tizimini amalga oshirish;
uchinchidan, umumiy o`rta ta`lim maktablarining 10-11-sinf o`quvchilariga kasb-hunar o`rgatish hamda umumiy o`rta ta`limning davlat ta`lim standartlariga va maktabdan tashqari ta`limga qo`yiladigan davlat talablariga muvofiq xalq ta`limi muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish hamda o`quvchilarga kasb-hunar o`rgatishda metodik rahbarlik qilish;
to`rtinchidan, umumiy o`rta ta`lim muassasalarida chet tillarini o`qitish samaradorligini ta`minlash, o`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va mehnat ta`limini yaxshilash bo`yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
beshinchidan, o`quv-tarbiya jarayoniga o`qitishning zamonaviy ilg`or shakllarini, yangi pedagogik va axborot texnologiyalarini, o`quvchilarning o`quv, psixologik va jismoniy yuklamasini optimallashtirishni hisobga olgan holda ta`lim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
oltinchidan, mazmun va sifat jihatidan xalqaro talablarga javob beradigan, ilg`or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini qo`llagan holda yangilangan o`quv reja va dasturlarga muvofiq ishlab chiqilgan o`quv va o`quv-metodik adabiyotlarning yangi avlodi yaratilishini va nashr etilishini tashkil qilish;
ettinchidan, mehribonlik uylari faoliyatini takomillashtirish, ota-onalar qarovisiz qolgan bolalarning ijtimoiy-psixologik reabilitatsiyasini va huquqiy ximoya qilinishini ta`minlash, ularning ijtimoiy-mehnat ko`nikmalarini hosil qilishiga va jamiyatga uyg`unlashuviga ko`maklashish;
sakkizinchidan, rivojlanishida turli nuqsonlari bo`lgan hamda davolanishga va sog`lomlashtirishga muhtoj bo`lgan bolalarning (shu jumladan inklyuziv) ijtimoiy kafolatlarini ta`minlovchi chora-tadbirlar samaradorligini yanada oshirish, ularning ta`lim-tarbiya olishlari uchun moslashuv muhitini yaratish, imkoniyatlari cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan ta`lim muassasalari (maktablar, maktab-internatlar) faoliyatini muvofiqlashtirish;
to`qqizinchidan, xalq ta`limi muassasalarida O`zbekiston yoshlar ittifoqi bo`limlari faoliyatini samarali yo`lga qo`yish orqali o`quvchilarni umuminsoniy qadriyatlar, yuksak ma`naviyat, insonparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga mustaqillik g`oyalarini yanada chuqur singdirish, «ommaviy madaniyat» ko`rinishidagi yot g`oyalarga qarshi immunitetni mustahkamlash;
o`ninchidan, umumiy o`rta va maktabdan tashqari ta`lim muassasalari tomonidan davlat ta`lim standartlari va talablari bajarilishining tizimli monitoringini olib borish;
o`n birinchidan, ta`lim muassasalarida byudjet mablag`laridan maqsadli va samarali foydalanishni hamda byudjet intizomiga rioya etishni ta`minlash;
o`n ikkinchidan, ta`lim muassasalarida bino va inshootlardan samarali foydalanish ishlarini muvofiqlashtirish va monitoringini olib borish belgilanganligi;
b) O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi markaziy apparatining boshqaruv xodimlari cheklangan soni 68 nafardan iborat bo`lgan tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 3-ilovaga muvofiq;
viloyatlar xalq ta`limi boshqarmalarining namunaviy tuzilmasi
4-ilovaga muvofiq;
Toshkent shahar xalq ta`limi bosh boshqarmasining tuzilmasi
5-ilovaga muvofiq;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Respublika ta`lim markazining tuzilmasi 6-ilovaga muvofiq;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining tuzilmasi 7-ilovaga muvofiq;
Tuman (shahar) xalq ta`limi bo`limlarining namunaviy tuzilmasi
8-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
v) O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vaziriligiga O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi markaziy apparati va hududiy xalq ta`limi boshqaruvi idoralari tuzilmasiga xodimlarning cheklangan umumiy soni doirasida o`zgartirishlar kiritish huquqi berilganligi;
g) O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markaziy instituti A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti deb qayta nomlanganligi;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti tuzilmasi 9-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;
Mazkur Institut xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha tayanch ta`lim muassasasi hisoblanishi belgilab qo`yilganligi;
d) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda:
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi to`g`risida Nizomni;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi Respublika ta`lim markazining ustavini;
O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi O`quvchilarni kasb-hunarga yo`naltirish va psixologik-pedagogik respublika tashxis markazining ustavini;
A.Avloniy nomidagi Xalq ta`limi tizimi rahbar va mutaxassis xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutining ustavini tasdiqlash topshirilganligi;
e) Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi bir oy muddatda Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi to`g`risidagi Nizomni tasdiqlash topshirilganligi;
l) O`zbekiston Respublikasi Prezidentining «O`zbekiston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida» 2017 yil 8 avgustdagi PQ-3180-son qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
3. Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligining tashkiliy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq;
Shahar va tuman xalq ta`limi bo`limlarining namunaviy tuzilmasi
2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
4. Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi bir oy muddatda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi to`g`risidagi Nizom loyihasi ishlab chiqsin va tasdiqlash yuzasidan taklif kiritsin.
5. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2017 yil
11 avgustdagi «Xalq ta`limi vazirligi faoliyatini takomillashtirish to`g`risida»gi 566-son qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin.
6. Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda huquqiy-normativ hujjatlariga mazkur qarordan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar haqida bir oy muddatda Vazirlar Kengashiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilishni o`z zimmamda qoldiraman.
Qoraqalpog`iston Respublikasi
Vazirlar Kengashining Raisi Q.Sariev
Ko'rip shi'g'i'ldi': 5014