Qaraqalpaqstan Respublikasi' Ministrler Ken'esi

Qaraqalpaqstan Respublikasi'ni'n' Ma'mleketlik hu'kimet portali'


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Betti PDF ta'rizde ju'klep ali'w Betti PDF ta'rizde ju'klep ali'w (62 Kb)    Versiyasi'    Betti doc ta'rizde ju'klep ali'w (62 KB)

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to`g`risida”gi 120-sonli qarori haqida

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichida milliy an`ana hamda qadriyatlarimizni tiklash va rivojlantirish, ajdodlarimiz hotirasini ulug`lash, ularga hurmat-ehtirom ko`rsatish, muqaddas qadamjolar
va ziyoratgohlarni obodonlashtirish, ularning musulmon olamida nufuzini yanada oshirish borasida keng ko`lamli bunyodkorlik ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, joylarda qabristonlarni obodonlashtirish va saqlash borasida quyidagi bir qator kamchiliklar kuzatilmoqda:

birinchidan, ba`zi mahalliy hokimliklar va mutasaddi tashkilotlarning loqaydligi va e`tiborsizligi natijasida ko`plab qabristonlar nochor
va tashlandiq ahvolga kelib qolgan;

ikkinchidan, ayrim qabristonlar hududini devor bilan o`rash ishlari olib borilmagan, ularda obodonlashtirish ishlari tizimli va izchil tashkil etilmagan;

uchinchidan, obodonlashtirish ishlari va xayriya hasharlariga aholini faol jalb etishga etarli e`tibor qaratilmagan;

to`rtinchidan, ayrim qabristonlar hududlarida quruq o`t, barg,
shox-shabbalar yoqish, qishloq xo`jaligi ekinlari o`stirish, uy hayvonlarini boqish holatlari kuzatilmoqda;

beshinchidan, ayrim qabristonlarda ularga tegishli hududdagi erlar o`zboshimchalik bilan o`zlashtirilib, uy-joy qurish kabi diniy va milliy qadriyatlarga zid ishlarga yo`l qo`yilmoqda.

Joylarda yo`l qo`yilayotgan mazkur kamchiliklarni bartaraf etish, yoshlarni milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, ularda muqaddas maskanlarni saqlash, qadrlash, ajdodlar xotirasiga
hurmat-ehtirom ko`rsatish tuyg`ularini shakllantirish, shuningdek, vatandoshlarimizni yurtimizdagi qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar
va qabristonlarni obod qilishdek ezgu ishlarga faol jalb etish, bu boradagi ma`naviy-ma`rifiy targ`ibot ishlarini yanada kuchaytirish davr taqozosidir.

Qayd etilganlardan kelib chiqib, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish, bu maskanlarda xalqimizning ziyorat qilishi, fuqarolarning diniy e`tiqod erkinligini ta`minlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish borasidagi ishlarni tizimli tashkil etish
va ularning samaradorligini yanada oshirish hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi 120-sonli qarori ijrosini ta`minlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
15 fevraldagi “Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar
va qabristonlarni obodonlashtirish ishlarini samarali tashkil etish to`g`risida”gi 120-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:

a) Respublikada mavjud qabristonlarni saqlash va obodonlashtirish ishlarining ahvoli qoniqarsiz deb hisoblanganligi;

b) O`zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish ishlari uchun O`zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining 2018 yil boshiga mavjud mablag`ining tasdiqlangan aylanma kassa mablag`lari miqdoridan oshgan qismi hisobidan Qoraqalpog`iston Respublikasi byudjetiga, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga 3 mlrd. so`mdan mablag` ajratilishi belgilab qo`yilganligi;

v) O`zbekiston musulmonlari idorasiga bir oy muddatda rekonstruktsiya qilish va ta`mirlash talab etiladigan eski masjidlar ro`yxatini shakllantirish, ularni O`zbekiston musulmonlari idorasi huzuridagi Muqaddas qadamjolarni saqlash va obod etish hayriya jamoat fondi hamda homiylar hisobidan 2018-2019 yillar davomida rekonstruktsiya qilish
va ta`mirlash ishlarini tashkil etish tavsiya etilganligi;

g) Quyidagilar:

Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi o`rinlarda - Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;

Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo`yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq;

Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturi ijrosini nazorat qilish
va hisobotlarni taqdim etish sxemasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

d) Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo`yicha ishchi guruhga Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlar monitoringini tashkil etish, vazirliklar va idoralarga tegishli tashkiliy-amaliy yordam ko`rsatish vazifasi yuklanganligi;

e) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi, O`zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini
qo`llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg`armasi, Toshkent islom universitetining takliflari asosida er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo`mitasi hamda Davlat arxitektura va qurilish qo`mitasi ikki oy muddatda diniy qoidalar va milliy urf-odatlarni e`tiborga olgan holda qabristonlar tuzilishi (qabriston hududi, qabrlar orasidagi yo`laklar, qabr toshlari)ning yagona namunaviy loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish topshirilganligi;

yo) O`zbekiston musulmonlari idorasiga juma ma`ruzalari va joylarda tashkil etiladigan diniy-ma`rifiy tadbirlarda muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish bo`yicha targ`ibot ishlarini tizimli tashkil etish va ta`sirchanligini yanada oshirish tavsiya etilganligi;

j) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita O`zbekiston musulmonlari idorasi bilan birgalikda bir oy muddatda muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni ziyorat qilish odoblari bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqish topshirilganligi;

z) O`zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi O`zbekiston Respublikasi Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita, O`zbekiston musulmonlari idorasi, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Respublika kengashi bilan hamkorlikda:

yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar
va qabristonlarni obod qilish hamda ularda muqaddas maskanlarni qadrlash, saqlash va ajdodlar xotirasiga hurmat-ehtirom ko`rsatish tuyg`ularini tegishli fanlar mashg`ulotlari hamda maqsadli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar orqali shakllantirish;

umumxalq bayramlari, shu jumladan, diniy bayramlar arafasida muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir xayriya hasharlarida ko`ngilli ravishda tashabbuslar bilan chiqqan yoshlarning ishtirokini ta`minlash yuzasidan choralar ko`rib borish topshirilganligi;

i) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta`minlash topshirilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Shahar va tumanlar hokimliklari;

a) bir oy muddatda - qabristonlarning mavjud holatini o`rganib, homiylarni jalb etgan holda, ularni talab darajasida obodonlashtirish hamda ta`mirlash choralarini ko`rsinlar va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobotni 2018 yil 25 martga qadar Vazirlar Kengashiga kiritsinlar;

b) bir oy muddatda – Qoraqalpog`iston musulmonlari qoziyoti bilan hamkorlikda qabristonlar joylashgan hududdagi mavjud talablarni o`rganib chiqib, ushbu maskanlarda diniy marosimlarni (janoza, marhumlarni xotirlash) o`tkazishga mo`ljallangan maxsus joy tashkil etish yuzasidan takliflarni Vazirlar Kengashiga taqdim etsinlar.

4. Qoraqalpog`iston Respublikasi musulmonlari qoziyotiga 3 (uch) hafta muddatda rekonstruktsiya qilish va ta`mirlash talab etiladigan eski masjidlar ro`yxatini shakllantirish hamda ular O`zbekiston musulmonlari idorasiga taqdim etish tavsiya etilsin.

5. Quyidagilar:

Qoraqalpog`iston Respublikasidagi muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar dasturi (keyingi o`rinlarda - Dastur deb ataladi) 1-ilovaga muvofiq;

Qoraqalpog`iston Respublikasidagi muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo`yicha ishchi guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish bo`yicha chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish bo`yicha ishchi guruhga Dasturda belgilangan chora-tadbirlarning o`z vaqtida va sifatli bajarilishini muvofiqlashtirish, amalga oshirilgan ishlar monitoringini tashkil etish, vazirliklar va idoralarga tegishli tashkiliy-amaliy yordam ko`rsatish vazifasi yuklansin.

7. Qoraqalpog`iston Respublikasi musulmonlari qoziyotiga juma ma`ruzalari va joylarda tashkil etiladigan diniy-ma`rifiy tadbirlarda muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish bo`yicha targ`ibot ishlarini tizimli tashkil etish
va ta`sirchanligini yanada oshirish tavsiya etilsin.

8. Qoraqalpog`iston Respublikasi musulmonlari qoziyoti bir oy muddatda muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni ziyorat qilish odoblari bo`yicha tavsiyalar ishlab chiqsin.

Nukus shahar va tumanlar hokimliklari muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarda ziyorat qilish odoblari yozilgan lavhalarning tegishli joylarda o`rnatilishini ta`minlasin.

9. O`zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog`iston Respublikasi Kengashi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Xalq ta`limi vazirligi, O`rta maxsus
va kasb-hunar ta`limi boshqarmasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi musulmonlari qoziyoti, Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo`yicha Qoraqalpog`iston Respublikasi kengashi bilan hamkorlikda:

yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga hurmat va sadoqat ruhida tarbiyalash, yurtimizdagi muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar
va qabristonlarni obod qilish hamda ularda muqaddas maskanlarni qadrlash, saqlash va ajdodlar hotirasiga hurmat-ehtirom ko`rsatish tuyg`ularini tegishli fanlar mashg`ulotlari hamda maqsadli ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar orqali shakllantirish;

umumxalq bayramlari, shu jumladan, diniy bayramlar arafasida muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirishga doir xayriya hasharlarida ko`ngilli ravishda tashabbuslar bilan chiqqan yoshlarning ishtirokini ta`minlash yuzasidan choralar ko`rib borsin.

10. Qoraqalpog`iston Respublikasi Adliya vazirligi va boshqa manfaatdor vazirliklar, idoralar bilan birgalikda o`zlari qabul qilgan
normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirilishini ta`minlasin.

11. Qoraqalpog`iston teleradiokompaniyasiga, Qoraqalpog`iston axborot agentligiga, Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligiga ushbu qaror ijrosini tashkil etish, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, masjidlar va qabristonlarni obodonlashtirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni ommaviy axborot vositalarida keng yoritib borish tavsiya etilsin.

12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosarlari A.Tajetdinov, S.Nagmetov, M.Jumanov, M.Aleuov hamda Nukus shahar va tumanlar hokimlari zimmasiga yuklansin.

 

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                       Q.Sariev


Ko'rip shi'g'i'ldi': 2618