Prezidentimiz qarori mamlakatimiz futboli rivojida yangi davrni boshlab beradi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning 2018 yil 16 mart kuni “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur qarorning ahamiyati, unda belgilangan vazifalar va kelgusida amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan O`zA muxbiri Professional futbol ligasi bosh direktori Omon G`OFUROV bilan suhbatlashdi.

– Prezidentimizning “Futbolni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarorida mamlakatimizda futbolni rivojlantirish yo`lida muhim bo`lgan vazifalar belgilangan, mazkur hujjat futbolimizda uchrayotgan barcha muammolarning echimini o`zida aks ettirgan. Ushbu qarordan so`ng barchamiz uzoq yillar kutgan terma jamoalarmiz o`z bazasiga ega bo`ldi. Murabbiy va futbolchilarimizning malakasini oshirish uchun evropa futbol tashkilotlari singari ko`p oylik seminarlarni o`tkazish imkoniyatiga ega bo`ldik.

Avvalari terma jamoalarimizning o`quv-mashg`ulot yig`inlari, musobaqalar, o`rtoqlik uchrashuvlarini tashkil etish uchun futbol klublarining maydonlari ijaraga olinar edi. Qaror asosida “Bunyodkor” stadioni baza qilib berilgani terma jamoalarimizga katta qulaylik yaratdi. Ayni damda bu erdagi sport inshootlarini assotsiatsiya tassarufiga o`tkazish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, “Bunyodkor” akademiyasi O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va o`smirlar futbol akademiyasiga aylantirilmoqda. Bu kelajakda o`zining samarasini berishi shubhasiz.

Yaqinda O`zbekiston Milliy olimpiya qo`mitasi raisi va mamlakatimiz futbol assotsiatsiya raisining birinchi o`rinbosari Umid Ahmadjonov Olimpiya zaxiralari kollej va internatlaridan futbol bo`limlarini olib tashlash to`g`risida o`z fikrlarini aytib o`tdilar. Kuni kecha e`lon qilingan qarorda ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlaridagi futbol bo`limlarini qisqartirish haqida to`xtalib o`tildi. U erda futbol bilan shug`ullangan bolalar saralanib, ular ichida futbolga qiziqqan va iqtidorli bo`lgan yoshlar futbol akademiyalariga joylashtiriladi. Biroq saralanmagan yosh sportchilar o`zlarining iqtidoridan kelib chiqib, boshqa sport turlariga yo`naltiriladi.

Hozirda O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tizimidan jami 27 futbol bo`yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari faoliyatini tanqidiy tarzda o`rganilish ishlari boshlandi. Bir oy muddatda o`rganilgandan so`ng, ularning 14 tasi hududiy bolalar va o`smirlar futbol akademiyalariga aylantiriladi. Shu tariqa mamlakatimizda yagona O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida Respublika bolalar va o`smirlar futbol akademiyasi hamda 14 ta hududiy bolalar va o`smirlar futbol akademiyalari shakllanadi. U erda bolalar o`z iqtidoriga qarab darvozabon, himoyachi va xujumchi sifatida bo`linadi va tarbiyalanadi. Akademiyaga 5 yoshdan kattalar qabul qilinadi.

Shuningdek, O`zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Futbol bo`yicha trener va hakamlarni tayyorlash respublika maktabi tugatlib, hozirda assotsiatsiya qoshida futbol bo`yicha trener va hakamlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`limi tashkil qilinmoqda.

Yurtimizning barcha mahallalarda yangi futbol maydonlari quriladi, mavjudlari qayta tamirlanib, obodonlashtiriladi. Fuqarolarning o`zini o`zi boshqarish organlari raislarining o`rinbosarlari futbolga ma`sul etib tayinlanadi va ular futbol musobaqlarini tashkil etib, mahallada voyaga etmaganlar o`rtasida futbolni yanada ommalashtiradi. Musobaqalarga hududdagi futbol akademiyalarining murabiylari taklif qilinadi va ular iqtidorli bolalarni saralaydi va akademiyaga olib keladi.

Qarorda futbolimiznig 105 yilligi munosabati bilan Qo`qonda barcha jahon talablariga javob beradigan stadion barpo etilishi rejalashtirilgan. Zamonaviy stadionning qurilish ishlari rejaga muvofiq keyingi yilining dekabr` oyida yakunlanadi.

Oldin futbol jamoalari yoz oylarida o`quv-mashg`ulot yig`inlarini horijda o`tkazar edi. Qarorda Toshkent viloyati Bo`stonliq tumanidagi “Sijjak” dam olish maskani negizida O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida futbol bo`yicha milliy terma jamoalar uchun o`quv-mashg`ulot bazasini tashkil etish belgilab qo`yilgani barchamizni hursand qildi.

Hozirgi vaqtda evropa mamlakatlarida futbol jadal rivojlangan bo`lib, u erdagi mutaxassislar ko`plab davlatlarda mazkur sport turini ommalashtirmoqda. Biz ham horijdan mutaxasislar olib kelmoqdamiz. Ayni vaqtda O`zbekiston futbol assotsiatsiyasi tomonidan mintaqviy rivojlantirish ishlari amalga oshirilmoqda. Hozirda vodiy mintaqasida Namangan, Andijon va Farg`ona viloyatlaridagi futbol bilan shug`ullanayotgan yoshlarni tajribali futbolchi sifatida kamol topishi uchun serbiyalik mutaxassis faoliyat olib bormoqda. Yaqin kunlarda qolgan mintaqalarga Germaniya, Ispaniya, Bel`giya va Frantsiyadan tajribali mutaxassislar kelishi kutilmoqda.

 

Javohir Toshxo`jaev, O`zA

 


Sana: 2018-03-18 19:19:09, Ko'rib chiqildi: 2823