Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

To`ylardagi daxmazalarda ko`proq kim aybdor, erkaklarmi yoki ayollar?

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (58 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (58 KB)

Aziz opa-singillarim, dugonalarim! Sizga bugun anchadan beri yuragimda yotgan gaplarni yozishga harakat qildim. Bunga sabab mamlakatimizda to`y va marosimlarni ixchamlashtirish xususida bo`layotgan munosabatlar turtki bo`ldi. Aslini olganda avval ham bu mavzuda bir-ikki maqola yozganman. Biroq bugun kun mavzusiga aylangan, davlatimiz rahbari bot-bot takrorlayotgan to`ylardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, ajrimlar singari salbiy illatlar haqida chuqurroq o`ylab ko`rish vaqti keldi. Nega to`y-marosim masalasi alohida mavzu bo`lib, maydonga chiqdi? Bunda biz xotin-qizlarning orzu-havas atalmish havoyi istaklarimizning ham o`rni bor. Yaqinda Prezidentimizning xalqaro Xotin-qizlar bayramiga bag`ishlangan uchrashuvidagi nutqini tinglab turib qalbim iftixorga to`ldi. Nutqda keltirilgan quyidagi gaplar meni yana bir bor Siz bilan o`rtoqlashishga sabab bo`ldi: “Shu fursatdan foydalanib, siz, muhtarama opa-singillarimizdan to`y va ma`rakalarimizni ixcham va mazmunli o`tkazish bo`yicha o`z fikrlaringizni bildirib, uni hal qilib berishlaringizni iltimos qilaman.” Davlatimiz rahbari bizga masalni hal qilishda yordam berishimizni so`radi, azizlarim. Chunki biz... 

Chunki biz farzandimiz o`g`ilmi, qizmi dunyoga kelgan kunidanoq u bilan bog`liq orzularimizning ro`yobini istaymiz. Farzandimiz ulg`aygan sari orzu-havaslarimiz ham kattarib boradi. To`ylaringni ko`ray deb, niyat qilamiz. To`ylaringni deb! Baxtingni, kamolingni, o`qib, olim bo`lganingni, jamiyat ravnaqiga hissa qo`shganingni singari tilaklarimiz to`y degan orzuning ortida qolib ketadi. 

Xullas, endi indalloga o`tamiz. Ma`naviyatimiz, milliy qadriyatlarimizni izdan chiqarar darajaga bizning orzu-havaslarimiz olib kelmadi? To`g`risi, oilamizdagi erkaklarni, o`g`illarimizning o`zimiz to`y degan umidlarimiz bois qiynab qo`ydik. Masala kattarib, jamiyatning muammosiga aylandi. Tasavvur qilaylik. O`g`il uylantirmoqchimiz. O`g`limizga munosib qiz emas, ko`nglimizga munosib qiz axtarishga tushamiz. Qiz tomondan rozilik olgan kundan boshlab, u tomonga yov qarash boshlanadi. O`n-o`n besh chog`li erkaklar jamoasini tugun-tersak, tog`ora-ovoralar bilan qudanikiga kuzatamiz. Hatto, sandiq ochadiganga alohida tugunchani ham unutmaymiz. Mayli, bular bir o`yin deb qarardik oldin. Endi sandiq ochganlarning nozi boshlanyapti. Quda past ekan. Shuni munosib ko`ribdimi, degan gap-so`zlar chiqmoqda. Erkaklarimiz biz tutqazib yuborgan tugun-tersakka yana qo`shib olib qaytishadi. Endi bunda biz bosh bo`lgan sarpo-suriqlarni erkaklar ko`tarib yurishi or emasmi? To`g`ri, ulug` mehmonga xalqimizda to`n kiydirish marosimi bor. Lekin bizning hamma vakilimizga quda “navbatchi” to`n tarqatishi qaysi mantiqqa to`g`ri keladi? Unashtirishdan qaytgan erkaklarning tugunini poylab o`tiramiz. Ba`zida qo`liga qarab kutib olamiz. Endi uydagi mayda-chuydalarimizni chiqarib kelinning matohlari uchun joy bo`shatamiz. Mol yoyarga ikkita xotin ikkita tog`ora bilan kirib kelishadi. Yana ularning tog`oralariga alohida pishir-kuydir. Azizlarim, shu joyida bir o`ylab ko`rayik. O`g`limizni birov hamiyatsiz desa bizga alam qiladimi? Unda nega qaynotasi olib bergan yotoq mebeliyu ro`zg`orga kerakli asbob-anjomlariga ko`z tikishga o`rgatamiz? Nega bizning uyimizni ular to`ldirib berishi kerak? Olib bersa, bir cheti qiziga ham kerak, desak, demak, o`g`illarimiz orsiz, hamiyatsiz ekan. Ularga shu tarbiyani biz berganmiz. To`yni eng yaxshi to`yxonada, eng to`kin dasturxonda, eng ko`p xonandalar ishtirokida o`tkazishni istaymiz. Buning uchun erkaklarimiz yillab ter to`kishadi. Chetga ishlagani ketadi. O`z kasbiga ko`ra, korruptsiyaga yo`l qo`yishga harakat qiladi. Nima qilib bo`lsa ham bizning orzu-havasimiz yo`lida pul topadi. To`g`ri, biz ham ularning yoniga kiramiz. Uncha-buncha ishlab topamiz. Qiynalamiz. Lekin nima qilaylikki, to`y qilib, elning imtihonidan o`tish havasida bo`lamiz. Bor boricha, yo`q yo`ndirganicha harakat boshlanadi. Qancha isrof, qancha uvol bo`lmasin bolamiz birovdan kam bo`lmasin, o`ksimasin, deymiz. To`y o`tgan kuniyoq kelinnikidan uch-to`rt xil taom (qovurdoq) kutamiz. Aslida qovurdoq kelinchakni rizqi. Uni momolarimiz yangi kelin borgan joyida moslashgucha chimxo`r bo`ladi, kuchliroq ovqat esin, quvvat bo`ladi, deb kelinchak uchun pishirib berib yuborishgan. Biz nima qilyapmiz? Tuqqanida kelgan qovurdoqqa ham, kelinligida kelgan qovurdoqqa ham qarindosh-urug`, qo`ni-qo`shnilar sherik bo`lyapmiz. Kuni kecha qiz uzatgan qo`shnim bir tog`ora qovurdoq besh yuz ming so`mga tushdi, deb aytdi. Faqat qovurdoq bo`lsa, mayli, yana qancha ol tovog`im, ber tovog`im... Ozgina uyalaylik. Bizga yigirma-yigirma besh yil ko`z qarog`ida asragan qizini beryapti. Uyat emasmi, qudanikidan ovqat kutib o`tirish? 

Shuningdek, kelinga munosabat masalasida ham to`xtalib o`tmoqchiman. Bizning farzandimizni jufti haloli bo`lib xonadonimizga bosh egib kirib kelayotgan kelinga nega boshqacha ko`z bilan qaraymiz. To`y kuni qizlarim qatorida qizim bo`ldingiz, deymizu... Agar qizimiz betob bo`lsa, yugurib-elib qolamiz. Kelinni esa kasal bo`lsa, onasinikiga jo`natamiz. To`g`ri qiz bola onasinikida ro`zg`or ishlariga buyurilmaydi, dam oladi, degan bahona ortiga shifoxona va dori-darmonlar xarajatlarini ham qo`shib jo`natib yuboramiz. Kelin uyimizni to`ldirgan bo`lsa, mayli, bizning biror matohimizga beixtiyor shikast etkazib qo`ysa, onasining qurumsoqligini yuziga solamiz. Yil o`tmay nevarali bo`lsak, chaqaloqning so`rg`ichidan tortib, yotadigan karavatigacha qudamiz olib keladi. Nega? Axir tug`ilgan farzand bizning avlodimiz davomchisi-ku! Aslida qudamizni biz qutlashimiz kerak-ku! 

Xullas, bu o`zim yashab turgan Toshkent shahri misolida bo`lsa ham, respublikamizning boshqa hududlarida ham to`y, to`ydan oldingi va keyingi marosimlar chigallashib ketdi. Buning ko`piga biz sababchimiz. Motom marosimlarida ham bechora erkaklar bizga qarab turadi. Tugun-tersakka qancha xarajat kerak, deganday. 

Qizi bor xonadonlarga juda qiyin bo`ldi. Qudaning qosh-qovog`i bilan hisoblashib yashash qiyinda. Ming harakat bilan erkaklarimizni aldab-suldab oldirgan matohlari qudaga ma`qul kelmay to`yi buzilganlar qancha! Bunda barcha uyat qiz tarafga bo`lganday “yigitning guli” boshqasiga uylanib ketaveradi. Aslida ular uyalishi kerak. Matohi uchun qiz tanlashganiga. 

Momolarimiz “Kelinni kelganda ko`r, sepini yoyganda ko`r” deyishganida kelinning o`z qo`li bilan tikkan kashta va ro`molchalar, yostiqpo`shlariyu kuyovbelbog`larini nazarda tutgan. Uning chevarligiga, quntiga, sabriga tasanno deyishgan. Bu udumlar kattarib, kelin parda bilan kelishiga, gilam bilan kelishiga, mebel` bilan kelishiga aylanib ketdi. Endi sepni yoyish ham alohida marosim bo`lib unga ham bitta xodimning bir oylik maoshicha pul sarflanyapti. To`y degan orzu-havasni shunchalar quvib ketdikki, bizni endi Qaror bilan to`xtatishmasa, to`xtamaymiz, shekilli. 

To`y biznesi degan soha chiqdi. To`y qilmoqchimisiz, to`yxonadan tortib, haydovchi, ashulachi, o`rtachi, suratchi, tasvirchi, chiroqchi singari bir necha to`yingiz uchun falon-falon so`mlarga xizmat qilib beradigan guruhlar bor. Buni bir tomonini yaxshilikka burdik. Ish ko`p zamonda har birini qaerdan topamiz, deb. Lekin bu ishbilarmonlar o`zlariga daromad keltiradigan “Love store”, Gul otish, Tort kesish singari almoyi aljoyi ishlarni targ`ib qilishmoqda. Turfa chiroqlar yonib-o`chayotgan nimxira to`yxonada hamma yo suratga, yo o`yinga tushish bilan band bo`lib qolyapti. 

Bu gaplar ko`p aytildi. Endigi gap bizda. Ha, bizda. Erkaklarimizni quda sarpo, kuyov sarpo, mebel`, idish-tovoq, maishiy buyumlar degan daxmazalarni sotib olish uchun pul topishga undagandan ko`ra, farzandlarimizning o`qishiga, kitoblar sotib olishga, ortsa, biror beva-bechoraga yordam qilishga pul topishiga qarashaylik. Nimaga erkaklarda yurak kasali ko`p? Nimaga ular chetga pul topishga ketyapti. Hammasi bizning bachkana orzu-havaslarimiz uchun. Biz ertaga mebelsiz kelinni yuziga achchiq gap aytmasak, qudalarimizni kamsitmasak, hammasi joyiga tushadi. Yigitlarimizni oriyatli, hamiyatli qilib tarbiyalaylik. Qizlarimizni sarposi bilan keriladigan emas, ma`naviyati, odobi bilan o`rnak bo`ladigan qilib o`stiraylik. Biz to`y qilamiz deb nafaqat uyimizdagi erkaklarni, o`zimizni butun jamiyatni qiynab qo`yibmiz. Endi tuzatishni o`zimizdan boshlaylik. 

 

O`zA

 


19.03.2018 10:12 da elon qilingan, 1276 marta korib chiqildi