Sudochening so‘lim manzaralari

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Mo‘ynoq tumani hududida joylashgan Sudoche ko‘li go‘zal tabiati va ajoyib landshafti bilan xorijiy sayyohlar e’tiborini o‘ziga jalb qilib kelmoqda. 

Sudoche – aslida «suvi duchchi» degan mahalliy so‘zdan olingan bo‘lib, ya’ni «suvi chuchuk» ma’nosini anglatadi. 

Umumiy maydoni 50 ming gektardan oshadigan ushbu ko‘llar tizimida hozirda 240 ga yaqin turdagi minglab ko‘chmanchi va doimiy yashovchi qushlar mavjud. Ular orasida tabiatda noyob uchraydigan flamingo qushlar to‘dasini ham uchratish mumkin. 

Sudoche ko‘li Sibir va Tundradan janubga va janubiy-sharqga, issiq mamlakatlarga va ortga qaytadigan transkontinental migrant qushlarning g‘arbiy-osiyo migratsion yo‘lida joylashgan. Mazkur ko‘l Qoraqalpog‘iston Respublikasining shimoliy-g‘arbida bir necha ko‘llar tizimidan tashkil topgan (kichik va katta Sudoche, Qarateren, Begdulla aydin, Omar salim, Qarajar, Aqushpa va h.). Bu ko‘llar tizimi qushlarning uya qo‘yish, uchib o‘tuvchi qushlarning dam olish, uchish oldidan oziqlanish o‘rni sifatida xizmat qiladi.  

 

 

Sudoche ko‘llar tizimida O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan 40 turdagi qushlarning 30 turi, Tabiatni muhofaza qilish xalqaro tashkilotining «Yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlarning Qizil ro‘yxati»ga kiritilgan 24 turdagi qushning 18 turi yashaydi. 

O‘tgan asrning 60-70 yillarigacha Sudoche ko‘li sohilidagi Urga qishlog‘ida istiqomat qiluvchi aholi baliqchiliq bilan shug‘ullangan. Hozirda bu joylar faqat tarixga aylangan. 
 

 

Anvar Nasirlayev, Arslon Qannazarov (surat), O‘zA 

 


Sana: 2018-03-29 20:18:01, Ko'rib chiqildi: 2753