Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

O‘zbekiston – Qirg‘iziston: hududlararo hamkorlik mustahkamlanmoqda

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (55 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (55 KB)

Farg‘onada O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vazirlari raisligida ikki davlat chegaradosh viloyatlari rahbarlari kengashining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov va Qirg‘iziston Respublikasi Bosh vaziri S.Isakov mamlakatlarimiz o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlari, do‘stlik, yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro ishonchga asoslangan hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar yangi bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi. 

Mamlakatimiz o‘z tashqi siyosatida, avvalo, qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda. Keyingi paytda Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalari faollashayotgani buning yorqin dalilidir. Jumladan, Qirg‘iziston Respublikasi bilan hamkorlik yangi mazmun bilan boyib bormoqda. Parlamentlar, turli vazirlik va idoralar, hududlar o‘rtasida aloqalar tobora kengaymoqda. 

Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 5-6 sentabr kunlari Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Respublikasining chegaraoldi viloyatlari hokimlari va Qirg‘iziston Respublikasi hukumatining chegaraoldi viloyatlaridagi vakolatli vakillari kengashini tashkil etish to‘g‘risida hukumatlararo anglashuv memorandumi imzolangan edi. Mazkur kengash tomonlarning o‘zaro hamkorligini rivojlantirish, doimiy monitoringi va tahlilini olib borish, ayniqsa, chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida munosabatlarni mustahkamlash, turli takliflar ishlab chiqish hamda muammolarni amaliy hal etishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Yig‘ilishda chegaraoldi hududlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, savdo-iqtisodiy, investitsiyalar jalb etish, turizm, madaniy va ma’rifiy sohalarda aloqalarni kengaytirish, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasida fuqarolar uchun sharoitlarni yaxshilash va nazorat-o‘tkazish punktlari sonini ko‘paytirish kabi muhim masalalar muhokama qilindi. 

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, qisqa vaqt ichida chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida yaxshi qo‘shnilik aloqalari yo‘lga qo‘yildi. Navro‘z bayrami arafasida Botken viloyati delegatsiyasi Farg‘ona viloyatiga, Jalolobod viloyati delegatsiyasi Namangan viloyatiga keldi, O‘sh shahridan esa Andijon shahriga do‘stlik safari tashkil etildi. Iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy aloqalar yanada mustahkamlandi. 

Tadbir doirasida Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlaridagi sanoat korxonalari va tadbirkorlar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Qo‘shni mamlakat vakillari ishtirok etgan ko‘rgazmada bir qator manfaatli shartnomalar imzolandi. 

– O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik yo‘lga qo‘yilayotgani ikki tomon uchun ham katta imkoniyatlar yaratmoqda, – deydi Qirg‘iziston Respublikasi investitsiyalarni jalb etish va himoya qilish agentligi direktori E.Momunqulov. – Mamlakatimizda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarga talab katta. Hozirgi kunda avtomobillar, ehtiyot qismlar, trikotaj mahsulotlari sotib olmoqdamiz. Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan dunyo bo‘ylab investitsiyalar jalb qilish, tadbirkorlar uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratib berish borasida amalga oshirilayotgan ulkan ishlar tahsinga sazovor. Biz o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan turizm sohasida ham hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. 

Yig‘ilishda chegaraoldi viloyatlar o‘rtasida do‘stlik aloqalarini yanada mustahkamlash, istiqbolli va keng ko‘lamli hamkorlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi. Kengashning navbatdagi yig‘ilishini Qirg‘iziston Respublikasida o‘tkazishga kelishib olindi. 

Ko‘rilgan masalalar yuzasidan  protokol imzolandi. 

 

 

Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA 

29.03.2018 20:23 da elon qilingan, 1008 marta korib chiqildi