Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov: Tijorat banklariga mikroqarz berishga ruxsat beriladi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (55 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (55 KB)

Buning ma’nosi shuki kimga pul zarur bo‘lib qolsa, u bankka borib qarz olishi mumkin bo‘ladi. Albatta, uning foizi yuqori bo‘lmasligiga harakat qilamiz. Lombardlar tomonidan qo‘yiladgan foizlar kamaytiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi yelkasidagi yuk yengillashishga ko‘maklashamiz. 

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘rtinchi yalpi majlisi ikkinchi ish kunida Markaziy bankning 2017 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti bo‘yicha ma’ruza qilgan O‘zbekiston Markaziy banki boshqaruvi raisi Mamarizo Nurmurodov shu kabi masalalarga to‘xtaldi. 

M.Nurmurodovning qayd etishicha, o‘tgan yilda pul-kredit siyosati kuchli inflatsiya bosimi saqlangan, iqtisodiyotda tub islohotlar amalga oshirilayotgan, shu jumladan valyuta siyosati va tashqi savdo faoliyati erkinlashayotgan sharoitda olib borildi. 

Markaziy bank 2017 yil iyun oyida qayta moliyalashtirish stavkasini 9 foizdan 14 foizga ko‘tardi hamda tijorat banklarining kapitallashuv va likvidlik darajasiga qo‘yilgan talablarni kuchaytirdi. 

Valyuta siyosati va bozorini erkinlashtirish bo‘yicha ko‘rilgan qator chora-tadbirlar natijasida 2017 yil sentabrdan boshlab valyuta kursini bozor mexanizmlari asosida belgilash joriy etildi. Shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun valyuta mablag‘larini sotish, sotib olish va tasarruf etishga qo‘yilgan cheklovlar olib tashlandi. 

Natijada xorijiy valyuta savdosi bir necha baravar oshib, 2017 yil yakuni bo‘yicha bu ko‘rsatkich 7,3 milliard dollarni tashkil etdi. Valyuta ayrboshlashdagi norasmiy usullarga chek qo‘yildi. 

Banklarning iqtisodiyot real sektoriga yo‘naltirgan kredit mablag‘lari qoldiqlari hajmi 58 trillion so‘mga oshdi va 2018 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 110,6 trillion so‘mga yetdi. 

Tijorat banklari tomonidan investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun 16,1 trillion so‘mlik kreditlar ajratildi. Bu esa 2016 yilga nisbatan 1,3 baravar ko‘pdir. 

Kichik biznes va tadbirkorlik subyektlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 2017 yil davomida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 2016 yilga nisbatan 23,3 foizga oshdi va 19,6 trillion so‘mni tashkil etdi, shu jumladan mikrokreditlar 4 trillion so‘mni tashkil etdi. 

Inflatsiya darajasi o‘tgan yilda 14,4 foizni tashkil etdi. Biroq aholi va tadbirkorlarni naqt pul bilan ta’minlash borasidagi nosog‘lom vaziyatga barham berildi. 

Bank tariflarini optimallashtirish uchun 63 xizmat bepul amalga oshirilmoqda. 

2018 yilda pul bozori yanada takomillashtiriladi. Valyuta bozorini erkinlashtirishga oid ishlar davom ettiriladi. Valyuta kursi bozordagi talab va taklifga asosida shakllanadi. 

Valyutani erkin tasarruf etish uchun xalqaro konvertatsion kartalarni istalgan joyda ishlatish imkoniyati yaratiladi. Ya’ni karta egasi valyuta mablag‘ini masofadan turib boshqarishi mumkin bo‘ladi. 

O‘zbekistonga kelayotgan turistlarga qo‘shimcha shart-sharoit yaratish maqsadida ular o‘z kartalari bilan istalgan savdo nuqtasidan savdo qilish imkoniyati ham yaratiladi. 

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish uchun bank va mijoz o‘rtaasidagi munosabatlar yanada maqbullashtiriladi. 

Yangi xizmat turlari joriy etish davom ettiriladi. Aholi va tadbirkorlik subyektlarini bank xizmatlari bilan qamrab olish uchun 23 bank filiali, 93 minibank va yana ko‘plab bank shoxobchalari tashkil etiladi. Qo‘shimcha bankomatlar o‘rnatiladi. 

Tijorat banklariga mikroqarz berishga ruxsat beriladi. Kimga pul zarur bo‘lib qolsa, u bankka borib qarz olishi mumkin bo‘ladi. Albatta, uning foizi yuqori bo‘lmasligiga harakat qilinadi. Lombardlar tomonidan qo‘yiladgan foizlar kamaytiriladi. Bir so‘z bilan aytganda, aholi yelkasidagi yuk yengillashishiga ko‘maklashiladi. 

 

 

Norgul Abduraimova, O‘zA 

30.03.2018 12:00 da elon qilingan, 962 marta korib chiqildi