Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Kichik tomorqaning katta foydasi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (58 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (58 KB)

“Tomorqaga ekin ekish” oyligi


O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 18 martdagi “Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer uchastkalaridan samarali foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax viloyati Mirzacho‘l tumanida tuzilgan maxsus ishchi guruhi a’zolari xonadonma-xonadon yurib, aholining tomorqadan foydalanishini o‘rganmoqda. 

Qarorga muvofiq, ishchi guruhi tarkibiga tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, qishloq xo‘jaligi, suv xo‘jaligi, yer resurslari va davlat kadastri bo‘limlari, profilaktika inspektori, kasaba uyushmalari, xotin-qizlar qo‘mitasi, bandlikka ko‘maklashish markazi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha tuman kengashi, davlat soliq inspeksiyasi va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari jalb etilgan. 

Tumandagi 5 ming 677 xonadon 607 gektardan ortiq tomorqa yeriga egalik qiladi. Davlatimiz tomonidan tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish, ularni qo‘llab-quvvatlashga e’tibor kuchaytirilayotgani tufayli aksariyat xonadonlar o‘ziga tegishli yer maydonlaridan unumli foydalanib, nafaqat oilasiga, balki bozorlar to‘kinligi, yurtimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shmoqda. 

Mirzacho‘lni o‘zlashtirishning ilk davrida barpo etilgan tumanda ko‘pchilik aholi ikki qavatli va kottej uylarda istiqomat qiladi. Tomorqa xo‘jaligi qoralangan zamonlarda barpo etilgan uylar oldida foydalanish imkoni mavjud yerlar unchalik ko‘p emas. Shuning uchun aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan tomorqa maydonlari ham boshqa hududlarga qaraganda ancha kam. 

Biroq cho‘lni bo‘stonga aylantirgan mirishkorlar avlodi bo‘lgan mirzacho‘lliklar har qarich yerdan samarali foydalanishni biladi. Izlagan imkon topadi, deganlaridek ko‘p qavatli uy yonidagi bir parcha yerdan, kottejning 2 sotixli hovlisidan ham daromad olayotganlar bor. 

Masalan, tuman markazidagi Mingchinor ko‘chasi 2-uy 1-xonadonda yashovchi Aleksandr Rajabov 4 sotixli tomorqasida issiqxona qurdi. Bu yerda pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon ko‘chatlari parvarishlab, yiliga 5-6 million so‘m foyda ko‘rmoqda. 

Tomorqadan foydalanishda Mirzadala shaharchasidagi ishlar ham o‘rganishga arzirli. Shaharchadagi 603 xonadon 77,4 gektar tomorqa maydoniga ega. Yerdan samarali foydalanish uchun tomorqada issiqxona barpo etib, sabzavot, turli ko‘kat va sitrus mevalar yetishtirishdan yaxshi daromad olinayotir. 2-3 sotixli tomorqasidan yiliga 4-5 million so‘m daromad qilayotgan oilalar ham ko‘p. Hozir qishloq xonadonlaridagi 13 hovlida issiqxona mavjud. 

Shaharchaning Qoraobdol ko‘chasi 7-uy 2-xonadoni sohibi, 76 yoshli otaxon Kubay Toshboyev 20 sotix tomorqaning 1 sotixida issiqxona qurib, limon, pomidor, bulg‘or qalampiri, baqlajon yetishtirayotir. Tomorqaning qolgan qismiga karam, sabzi va boshqa ekinlar ekib, ulardan ham yaxshi hosil olmoqda. Tomorqada yetishtirgan mahsulotini xonadon bekasi Gulsara momo tuman dehqon bozorida o‘zi sotmoqda. 

– Hududimizda tomorqadan samarali foydalanayotgan xonadonlar ko‘payib bormoqda, – deydi "Mirzadala" shaharcha fuqarolar yig‘ini raisi B.Omonova. – Xonadonma-xonadon yurib o‘tkazilgan o‘rganishlarimiz shuni ko‘rsatmoqdaki, bu yil tomorqalarda 450 tonna mahsulot yetishtirilib, uning 300 tonnasi bozorga chiqariladi. Bu bilan har bir xonadon o‘z oilasini farovon qilishi barobarida bozorlarimiz serobligiga ham hissa qo‘shadi. 

O‘zbekiston qishlog‘i M.Shayxzoda ko‘chasi 8-uy 2-xonadonda yashovchi Sharof Boshbekov ham 6 sotix tomorqasida ziroatning barcha turini yetishtirib kelayotir. Mo‘jazgina issiqxonada pomidor, bodring va turli ko‘katlar parvarishlab, bozorda o‘zi sotmoqda. 

Ayni paytda yerning umrini behuda o‘tkazayotgan xonadonlar ham yo‘q emas. Ishchi guruhi a’zolari xonadonlarni o‘rganish davomida tomorqasidan mutlaqo foydalanmayotgani uchun Yoshlik ko‘chasi 1-uy 1-xonadon egasi bilan jiddiy suhbat o‘tkazishiga to‘g‘ri keldi. Shunday suhbatlar "Toshkent" qishloq fuqarolar yig‘ini Zamaxshariy ko‘chasidagi 7-uy 2-xonadon, "Gulzor" qishloq fuqarolar yig‘ini Turkiston ko‘chasidagi 20-uy sohiblari bilan ham bo‘lib o‘tdi. 

– Ularga ekin yerlaridan maqsadli va samarali foydalanib, yiliga kamida ikki-uch marta hosil olgan hamda chorva mollari va parranda bosh sonini ko‘paytirishga erishgan tomorqa yer egasiga yer solig‘i stavkasining pasaytiruvchi koeffitsiyentini qo‘llash tarzidagi soliq imtiyozi berilgani tushuntirildi, – deydi tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Qo‘chqor Mamatov. – Agar buning aksi, ya’ni yer uchastkasi obodonlashtirilmasa, tomorqa yer egasiga joriy yil uchun yer solig‘ining uch barobar miqdorida hisoblanishi ham aytildi. Bunday tushuntirishlar o‘z samarasini berayotir. O‘zgarishlarni qishloq va mahallalar aholisi tomorqada har qachongidan ancha faol ishlayotganida ham ko‘rish mumkin. 

Ishchi guruhi faoliyatida tomorqachilarga amaliy yordam berish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash yuzasidan tegishli davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga o‘z taklif va tavsiyalarini kiritmoqda. 

– Ishchi guruhi tomorqachilikni rivojlantirish uchun faqat taklif va tavsiya berish bilan cheklanmasdan, amaliy yordam ko‘rsatishga ham harakat qilayotir, – deydi “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘limi raisi Q.Abduqodirov. – Shu maqsadda ekinlarni zararkunanda hasharotlardan asrash vositalari bilan ta’minlash, yetishtirilgan mahsulotni ulgurji sotish, korxonalar barpo etish, qoramollarni sun’iy urug‘lantirish shoxobchalari sonini ko‘paytirish bo‘yicha viloyat o‘simliklarni himoya qilish stansiyasi, bozorlar uyushmasi, naslchilik birlashmasi kabi qator tashkilotlar bilan amaliy ishlarni boshlab yubordi. 

Endi zamon shunday – tomorqachilik mavsumiy emas, doimiy ishga aylanib bormoqda. Shu hayotiy talabdan kelib chiqib, yurtimiz obodligi, oilalarimiz farovonligining muhim manbai bo‘lgan tomorqa xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, albatta, o‘z samarasini beradi. 

 

 

T.Beknazarov, O‘zA 

30.03.2018 15:48 da elon qilingan, 1051 marta korib chiqildi