Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yozuv restavratsiyaga muhtoj

Markaziy Osiyodagi eng qadimiy yozuv Qoraqalpog‘istonda topilganini bilasizmi? O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmiy-tadqiqot institutining arxeologiya muzeyida saqlanayotgan Markaziy Osiyodagi eng qadimiy ushbu yozuv miloddan avvalgi V asrga tegishlidir. 

1976-1977 yillarda professor M.Mambetullayev rahbarligidagi arxeolog-olimlar guruhi Katta Aybuyirqal’ani qazish paytida 3 ta katta xum topib oladi. Bu xumlarning suv va don saqlash uchun yasalganligi aniqlanadi. Xumlarning birida tig‘ bilan bitilgan yozuvlar mavjud ekanligi ma’lum bo‘ladi. Ya’ni, bo‘yi 1 metr keladigan o‘tda pishirilgan xumdagi Qadimiy Xorazm tamadduniga tegishli bu yozuvlar Markaziy Osiyoda eng eski yozuv sifatida fanda qayd qilingan edi. 

Olimlar shu paytgacha Qadimiy Xorazm hududidagi eng eski yozuv deya Qo‘yqirilganqal’a (Ellikqal’a tumani hududida joylashgan)da topilgan idishdagi yozuvni hisoblab kelgandi. Qo‘yqirilganqal’adagi bu yozuv esa miloddan avvalgi III-II asrga tegishli aramey yozuvidir. Keyinchalik S.P.Tolstov rahbarligidagi ekspeditsiya tomonidan hozirgi Ellikqal’a tumani hududida joylashgan, qadimiy xorazmshohlar shahri – To‘proqqal’ada ham milodiy III-IV asrlarga tegishli yozuvlar topilgan. 

Katta Aybuyirdan topilgan, Xorazm yozuvining eng qadimiy nusxasi hisoblangan xumdagi yozuvni fors tili bo‘yicha mutaxassis, butun dunyoga mashhur tilshunos olim V.A.Livщis “mri XI h III.III. III.” deb o‘qigan, ya’ni “11 mari 9x”. Bu xumning sig‘imlilik hajmini bildiradi. “Mari” o‘lchov birligi Eronda qadimiy ahmoniylar davridan ma’lum bo‘lgan. Qadimiy manbalar o‘ni “maris” deb nomlagan. 1 mari 16,5-17 litrga to‘g‘ri kelgan. “9x” esa 1 maridan kamroq o‘lchamni bildirgan. Demak, xumning sig‘imlilik hajmi deyarli 200 litrga yaqin. 

Xumni topgan olimlar o‘ni rekonstruksiya qilib, ichiga suv qo‘yib ko‘rganda 195,5 litr suv sig‘gan. Shunday qilib, xumdagi yozuv uning sig‘imlilik hajmi bilan mos kelgan. 

Xum bir joydan ikkinchi joyga ko‘chirilishi paytida singanligi sababli hozirgi kunda bu betakror esdalik restavratsiyaga muhtoj. 

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limida bu kabi ajoyib esdaliklarning bazasi yaratilgan. Lekin, qulay ko‘rgazma joyi bo‘lmaganligi bois, ko‘pchilik bu esdaliklarni ko‘rish imkoniyatiga ega emas. 

Mavjud tarixiy va madaniy meroslarimizdan maqsadli foydalanishimiz kerak, bu o‘z navbatida yurtimizda turizmni rivojlantirishga o‘z hissasini qo‘shishi tabiiy, albatta. 

O‘z davrida Qadimiy Xorazm sivilizatsiyasi beshigi bo‘lgan Qoraqalpog‘iston hududida arxeologiya muzeyi ham qad rostlasa, katta savob ishga asos solingan bo‘lar edi. 


 

 
Yesimxon QANAATOV
 
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori

Sana: 2018-04-11 20:12:45, Ko'rib chiqildi: 2910