MUHIM XABAR: Taxiatoshdan 2000 yillik qadimiy qal`a topildi

Qoraqalpog`iston Respublikasi Taxiatosh tumani hududidan 2000 yillik tarixga ega Kushan imperiyasi davriga oid qal`a qoldiqlari topildi. Ayni paytda bu erda taniqli arxeolog olim, O`zbekiston Qahramoni G`ayratdin Xo`janiyazov rahbarligida vaqtinchalik arxeologik ishlar olib borilmoqda. 

— Shu yil boshida, aniqrog`i, 4 yanvar` kuni Taxiatosh tumani hokimligidan tuman hududidan eski kulolchilik idishlari topilgani haqida qo`ng`iroq qilib aytishdi, – deydi arxeolog G`.Xo`janiyozov. – Shu kuni topilgan ko`zalarni menga olib kelib ko`rsatishdi. Ertasiga o`sha erga borib hududni ko`zdan kechirdik. Haqiqatdan ham bu erda eski tarix izlari namoyon bo`layotgandi. 

Qoraqalpog`istonda chin ma`noda arxeologiya ishlari o`tgan asrning 36-37 yillari boshlangan bo`lsa, shu kungacha Taxiatosh tumani hech bir arxeologning nazariga tushmagan. Sababi bu erda ko`zga ko`rinib turgan devorlar yoki qal`a qoldiqlari yo`q edi. Mana biz tuman hokimining iltimosiga binoan bu erda vaqtinchalik arxeologik ishlarini olib bordik va bu erdan yoshi 1800-2000 yillarga borib taqaladigan tarixiy yodgorliklarni topdik. 

Taxiatosh tumanining "Keneges" ovul fuqarolar yig`ini hududidan topilgan qadimiy qal`a mahalliy aholini ham befarq qoldirmadi. U erdan topilgan esdaliklar tuman xalq ta`limi bo`limiga qarashli 4-umumta`lim maktabi muzeyiga topshirilmoqda. 

Mazkur muzey 2010 yilda maktabning tarix fani o`qituvchisi Aralboy Nurjanovning tashabbusi hamda direktori Gulshod Iztleuovaning qo`llab-quvvatlashi bilan tashkil etilgan. Hozirda bu erda 1500 dan ziyod eksponat saqlanmoqda. Mo``jazgina muzeyda topilmalardan tashqari qadimiy milliy liboslar, taqinchoqlar, mehnat qurollari bilan tanishish mumkin. 

— Ariqni qozayotgan ekskavatorning tishiga ilinib chiqqan ko`za qoldiqlarini ko`rib, menda bu erda eski qal`a borligiga shubham qolmadi, – deydi «Keneges» OFY yashovchi Valeriy Moldabaev. – Mening bolaligim shu joyda o`tgan. 12-13 yoshimda er yuzasiga chiqib turgan devorlarni ko`rardim. Shu paytdan boshlab tarixga qiziqqanman. Rus tarixchisi Vasiliy Yanning tarixiy romanlarini o`qib, bu erda suv tagida qolgan qal`a borligini faraz qilardim, o`zimcha. Mana mening farazlarim ilmiy tasdig`ini topmoqda. Men bundan judayam baxtiyorman. 

— Ekskavator tishlariga ilinib chiqqan ko`za siniqlarini muzeyga topshirganda ilk bor xayratimni yashira olmadim. Ko`zalarda ajoyib mayda naqshlar bor edi, – deydi A.Nurjanov. – Keyin shu joyni yana qazidik va yaxshi saqlangan butun ko`za topdik. Hozirda topilmalar shifrlash uchun Fanlar akademiyasiga olib ketildi. 

Ovul fuqarolar yig`ini hududidagi ekin maydonlarida, ayniqsa, tozalangan ariqlar bo`yida xohlagan kishi eramizning boshlaridan to XII-XIV asrlargacha bo`lgan davrga tegishli kulolchilik idishlari qoldiqlarini uchratishi mumkin. Lekin ushbu hududlarning ko`pchiligi sholi maydonlariga aylantirib yuborilgan. 

— O`rta asr arab yozma manbalarida Mizdaqxon (Hozirgi Xo`jayli tumani markazi) o`zining hududi va aholi soni bo`yicha Qiyat va Gurganjdan (Qo`hna Urganch) so`nggi Janubiy Orol bo`yidagi uchinchi shahar ekani qayd etiladi. Mizdaqxon hududida 1200 ovul-shahar bo`lgan, – deydi G`.Xo`janiyozov – Bizningcha, shulardan biri hozirgi Taxiatosh tumani hududida bo`lgan bo`lsa kerak. Chunki, Taxiatosh shahri qadimiy shahar qurilishiga ega bo`lgan hududda barpo etilgan. Unga 2000 yili shahar hududidan topilgan (Ketmonchi bobo mozori) eramizning II-IV, VII-IX, X-XIV asrlariga oid buyumlar misol bo`la oladi. 2012 yili tog` boshidagi Ketmonchi-2 mozori qoshidan o`rta asrlarga oid minora qoldiqlari ham aniqlangan edi. 

Tarixiy manbalardan o`rta asrlardagi xalqaro karvon yo`lining bir qismi Buxoro – Varaxsha – Qizilqum – Shoraxan (To`rtko`l) – Kat (Shobboz-Beruniy) – Nuzkat – Vayxan – Nuqbog` – Mizdaqxon (Xo`jayli) – Gurganj (Qo`hna Urganch) yo`nalishida o`lkamiz hududidan o`tgani ma`lum. Bizning fikrimizcha, Nuqbog` (Toza bog`) Taxiatosh tumani hududiga to`g`ri kelishi mumkin. Albatta, buni hali vaqt ko`rsatadi. 

Qadimiy sirlarni asrlar bo`yi qo`ynida saqlab kelgan Taxiatoshda maxsus arxeologik amaliyotlar kelgusi yillarda qayta davom etadi. 
 

Eslatib o`tamiz, Taxiatosh tumani hududidan XII-XIII asrlarga oid buyumlar qoldig`i topilganligi haqida avval ham saytimiz orqali xabar bergandik. Endi Taxiatoshning yoshi faqat 1000 yilliklar bilan emas, balki 2000 yil va undan ham uzog`iroq vaqtlar bilan o`lchanadi. 

 

Esimqan QANAATOV, Qoraqalpog`iston axborot agentligi direktori

 


Sana: 2018-04-16 08:26:10, Ko'rib chiqildi: 2568