Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Ko`hna qorabayir otlarining tarixini o`rganish asnosida...

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (53 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (53 KB)

Kuni kecha O`zA saytida O`zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi Matbuot kotibi Anvar Suyunovning “Osiyoliklarni mirlamay yurgan Kaufman raqs tushayotgan otini ko`rib hayratlangan” sarlavhali maqolasi e`lon qilingan edi. 

Maqola saytda katta qiziqish bilan o`qildi. Veb-sayt axboroti tahririyatiga qo`ng`iroqlar bo`lib, qalamga olingan mavzu yuzasidan iliq fikrlar bildirildi. O`quvchilarimiz talab va istaklarini inobatga olgan holda shu yo`nalishda yozilgan navbatdagi materialni e`lon qilyapmiz.

 

***

O`zbek yilqichiligiga doir material to`plash jarayonida xizmat safari bilan Qoraqalpog`istonning turli mavzelariga yo`lim tushdi. Ko`p kunlik sayohat chog`ida sinchilar suhbatini yozib olgach, Igor Savitskiy nomidagi Qoraqalpog`iston san`at muzeyiga bordim. Tomosha paytida arxeologiya bo`limida saqlanayotgan ikki ashyo e`tiborimni tortdi.

Birinchisi, melodiy VII-VIII asrlarga tegishli Ayozqal`adan topilgan ot haykali edi.

Haykalning bo`yi taxminan 40 santimetr, uzunligi 70 santimetr keladi. Ko`ksidagi o`mildirigida bo`rtma taqinchoqlari bor. Jabduq ustidagi siniq izlaridan ko`rinadiki, o`rta asr haykaltaroshi otni egari bilan, balkim chavandozi bilan ishlagan. Ikki qulog`i o`rtasidagi yolining tugilganligi, yolining bir tekis qirqilganligi jangovor holatda ishlanganligini isbotlaydi. Yana bo`ynining yurishga shaylanib, gajak qilib yasalishiyam jangchi otligidan dalolat beradi. Hayratlanarlisi, ushbu otning tana tuzilishi bugungi qorabayir otlarining kelbatiga aynan o`xshash. Ya`ni, boshi katta, tumshug`i pastga osilib tushgan, bo`yni yo`g`on, manglayi keng, o`mrovi katta. Shuningdek, belining baquvvatligi, elkasining tekisligi, quymichi va qarchig`ayi balandligi, sag`risi go`shtdor, tuyoqlari tik va yapaloqligi zamonamiz sinchilari ta`riflagan eng zo`r qarabayir tavsifiga mos keladi.

Haykal qumtoshdan yasalib, qizil angob bilan bezalgan. Tuyamo`yin suv omborini qazish chog`ida tasodifan ekskavator kovushiga ilinib chiqqanligi uchunmi orqa oyog`i va quyrug`i sinib tushgan. Jabduq ustidagi siniq ham o`shanda yuz bergan menimcha. 

Ikkinchisi, Teshikqal`a qo`rg`onidan topilgan VII-VIII asrlarga doir sarkofagdagi otning bo`rtma suratidir. 

Sarkofag sandiq shaklida. Old tomonidagi yuzasida uchta ramka bo`lib, ikki yondagi ramkalarda qandaydir daraxtning tomirlari bilan aks etgan surati bor. Har ikkisining uchida anor tasvirlangan. O`rtadagi ramkada old oyog`ining birini ko`tarib turgan, harakatlanayotgan ot tasviri tushirilgan. Otning tasviri mana bunday: tanasi yo`g`on, o`mrovi keng, quymichi va qarchig`ayi baland, sag`risi va bo`ksasi go`shtdor, oyoqlari baquvvat. Qazib olish chog`ida tumshug`i buzilgan. Ko`rinishi Ayozqal`a otiga o`xshaydi. Ammo quyrug`i ingichka va uchi sher dumiga o`xshash popukli qilib ishlangan.

Menimcha, har ikki asar Eftaliylar davri san`atkorlari tomonidan yasalgan.

Ko`hna qorabayir otlarining tarixini o`rganish asnosida ushbu otlarni “Savitsiy otlari” deb qayd qildim. Zero, ushbu musavvir-arxeologning qoraqalpoq zaminiga ko`p hissasi tekkan.

 

Anvar Suyunov,

O`zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi Matbuot kotibi. 

 

PS: Material O`zbekiston respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi 

nodavlat-notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini 

qo`llab-quvvatlash jamoat fondi granti doirasida tayyorlandi.

 


19.04.2018 08:45 da elon qilingan, 1217 marta korib chiqildi