Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Bugun – Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (60 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (60 KB)

Har yili shu sanada jahonda Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni nishonlanadi. Bu tashabbus Jahon Demokratik yoshlar federatsiyasi tomonidan yagona maqsadni ko`zlab ilgari surilgan edi.

 

Mazkur sanani nishonlash 1955 yilda Osiyo va Afrika mamlakatlarining Bandung konferentsiyasi yakuniy hujjatida qayd qilingandi. Ilk bor Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni 1957 yilda “Tinchlik uchun, kolonializmga qarshi kurashish yo`lida Xalqaro Yoshlar birdamlik kuni” sifatida nishonlandi. 

 

Zamonaviy dunyoda global muammollar juda ko`p. Bu muammolar orasida yoshlar muammosi alohida o`rin tutadi. Bugungi kunda dunyo mamlakatlarida yoshlar tarbiyasi bilan bog`liq muammolarni hal qilish asosiy masalalardan biriga aylanib qoldi. Dunyo yoshlarining bir qator muammolar bilan to`qnash kelganligidan aslo ko`z yumib bo`lmaydi. Yoshlar o`z muammolarini o`zlari hal qilishga majbur bo`lmoqda. BMT ma`lumotlariga ko`ra, jahonda 15 dan 24 yoshgacha bo`lgan yoshlar hamon ishsizlik va qashshoqlik bilan to`qnash kelmoqda. Bugungi kunda yoshlar er yuzi aholisining taxminan 20 foizini tashkil qiladi. Bu 1 milliard 200 million kishi, yoki mehnatga yaroqli aholining 24 foizi demakdir. Zamonaviy yoshlar insoniyat tarixidagi eng bilimli ekani, milliy taraqqiyotning muhim resursi ekani tan olinadi. Biroq ayrim mamlakatlarda yoshlar orasida ishsizlik yuqori darajada turibdi. Ularda, ayniqsa, yoshlar tarbiyasi, ularni ish bilan band qilish, sog`lom turmush tarziga o`rgatish o`z holiga tashlab qo`yilgani achinarli. Bunday mamlakatlarda davlat va yoshlar o`rtasida uzilish paydo bo`lganligini kuzatish mumkin. Ko`pgina muammolarning zamirida zamon talab qilgan aniq bir kasb-hunarga ega bo`lmaslik va natijada, ishsizlik, bekorchilik yotadi.

 

Markaziy va Sharqiy evropa mamlakatlarida yoshlarning 33,6 foizi hech qaerda o`qimaydi yoki hech qaerda ishlamaydi. Ekspertlarning fikricha, Afrika, Sharqiy evropa mamlakatlarining yoshlari orasida OITS muammosi paydo bo`lgan. Sharqiy evropada OITSga mubtalo bo`lganlarning 80 foizini 30 yoshgacha bo`lganlar tashkil qiladi. G`arbda yoshlar balog`at yoshiga etgach “qaerda yashayman” degan savol bilan to`qnash keladi. O`zining shaxsiy boshpanasiga ega bo`lish esa osonlikcha qo`lga kiritilmaydi. Buning uchun bir qator muammolarni hal qilish kerak. Birinchidan, yoshlar hamisha ham jamiyatning to`la ta`minlangan qismi bo`lavermaydi. Chunki ular ota-onalari qaramog`ida yashab kelganlari bois hayotga endigina qadam qo`yishmoqda. Farzandlarini uy-joy bilan ta`miinlash esa ota-onalar zimmasiga tushadi. Bu borada qaror qabul qilish esa ota-onalarning hohishiga bog`liq emas. Buning uchun moddiy sharoit ham bo`lish kerak. Xorijiy mamlakatlarda yoshlar ota-onalariga ham, davlatga ham bu borada umid ko`zi bilan boqishmaydi. Chunki buning uchun imkoniyat yaratilmagan.

 

Yoshlar oldida turgan ikkinchi muammo qaerda o`qish masalasidir. Shuningdek, bo`sh vaqtlarini qaerda o`tkazish ham asosiy muammolar sirasiga kiradi. Bekorchilik girdobida qolgan yoshlar bo`lmag`ur ishlarga qo`l urishi aniq. Bekorchilik esa bezorilikdan qotillikkacha, kashandalikdan giyohvandlikkacha bo`lgan bir qadamni anglatadi.

 

Jahon mamlakatlarida yoshlarning ish bilan ta`minlanishi ham asosiy muammolarga aylanib bormoqda. Yoshlar bilan bog`liq muammolar bir necha o`n yillardan beri to`planib qolgani bois, mazkur muammolarni hal qilishning imkoniyati bo`lmay qolmoqda. Yoshlarning hayotga qiziqishi qolmayotgan bir paytda, ularning axloqsiz bo`lib ketayotganidan bong uriladi. 

 

Yoshlarning internet va komp`yuter o`yinlariga mubtalo bo`lib borayotgani ham xavotirlarga sabab bo`lmoqda. Ayrim mamlakatlarda “komp`yuter giyohvandligi”dan davolash maqsadida maxsus shifoxonalar ochilgan. Jonli muloqotdan ko`ra ijtimoiy tarmoqlar orqali virtual muloqotga o`rganib borayotgan yoshlarni bu illatdan xolos qilish yo`lida hali ancha ishlar qilinishi kerak.

 

Zamonaviy g`arb yoshlari tarbiya, o`zini tutishi, bag`rikenglik, madaniyat va vatanparvarlik masalasida bir qator muammolar bilan to`qnashmoqda. Yoshlar teatr, muzeylarga tashrif buyurish, o`z mamlakatlarining diqqatga sazovor joylarini tomosha qilish, badiiy kitoblar mutolaa qilish o`rniga kun bo`yi komp`yuter va televizor qarshisidan ketolmay bebaho vaqtlarini behudaga sarflashmoqda.

 

Tahlilchilarning so`zlariga qaraganda, bugungi kunda yoshlar ish topa olmabdi, zo`ravonlik va kamsitishlar bilan to`qnash kelmoqda. Qochqin va muhojirlar orasida ham ko`plab yoshlarni uchratish mumkin. Qurolli to`qnashuvlar oilalarning darz ketishiga va ko`plab yoshlarning o`z uylarini tashlab ketishlariga majbur qilmoqda. Zo`ravonlik va kamsitishlardan aziyat chekayotgan yoshlar mavjud mamlakatlar ham bor.

 

Zamonimizning dolzarb va er shari aholisini tashvishga solayotgan muammolaridan biri, shubhasiz, ishsizlikdir. Bugungi kunda yoshlar o`rtasida oliy ma`lumotli bo`lishiga qaramay nafaqat yaxshi, balki, oddiy ish topish ham mushkul bo`lib qoldi. McKinsey konsalting kompaniyasi o`tkazgan tadqiqot natijalariga qaraganda, dunyoda oliy o`quv dargohlarini bitirgan 75 million talaba ish bilan ta`minlanmagan. Jahon Banki hisob-kitoblariga ko`ra, sayyoramizda ish va o`qishda band bo`lmagan yoshlar soni 600 milliondan oshib ketgan.

 

Shuni tan olib aytish kerakki, bugungi kunda jahonda kuzatilayotgan iqtisodiy inqiroz jamiyat hayotiga, ayniqsa, yoshlarning turmush tarziga salbiy ta`sir ko`rsatmoqda. Chunki ko`plab muammolar bilan to`qnash kelayotgan yoshlar o`zlarini yo`qotib qo`ymoqda. Bir so`z bilan aytganda, yosh yigit va qizlar global iqtisodiy inqiroz “qopqoniga” tushib qolishdi. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ma`naviy tanazzulni ham avj oldirishi mumkin. Shu sababli ham ko`plab davlatlarning hukumatlari yoshlar bandligini ta`minlash kun tartibidagi asosiy masala ekanini tushunib etdi. Siyosiy arboblar, biznes vakillari, ta`lim muassasalari va nufuzli ekspertlar yosh avlodning porloq kelajagini yaratish maqsadida ko`p ish qilinishini kerakligini aytmoqda.

 

Yoshlar o`rtasidagi ishsizlik ko`rsatkichlarning yuqoriligi – bu katta yo`qotish, yoshlarning energiyasi behuda sarflanmoqda, ularning iste`dodidan etarlicha foydalanilmayapti. Bu, o`z navbatida, jamiyat uchun ham, inson uchun ham foyda keltirmayapti. Tahlilchilar 15 yoshdan 24 yoshgacha bo`lganlar orasida ishsizlik ko`pligidan xavotirga tushmoqda. Mazkur muammo o`qish va ishlamaydigan yoshlar ko`payib borayotgan Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Lotin Amerikasi, Janubiy evropa, Karib havzasi, Sharqiy va Janubiy Osiyodagi mamlakatlarida yaqqol ko`zga tashlanmoqda. Agar vaziyat shu darajada rivojlanadigan bo`lsa, u holda 2018 yilda ishga yaroqli aholining 215 millioni ishsiz bo`ladi. Yoshlarni ish bilan ta`minlashda Hindiston, Janubiy Afrika Respublikasi kabi davlatlar oldida ham bir qator muammolar bor. Hatto Buyuk Britaniya ham yoshlarni ish bilan ta`minlashda murakkabliklar bilan to`qnash kelgan. Bu mamlakatdagi yoshlarning 15 foizidan ortig`i hech qaerda ishlamaydi, hech qaerda o`qimaydi. Kasaba uyushmalari ma`lumotlariga ko`ra, Britaniyada bir millliondan ortiq yoshlar ishsiz o`tiribdi. Bu 1971 yildan beri rekord ko`rsatkichdir. Germaniya kantsleri Angela Merkel 2013 yil yozida “The Guardian” nashriga bergan interv`yusida “Yoshlarni ish bilan ta`minlash, ehtimol, hozirgi vaqtda evropani larzaga solayotgan eng dolzarb muammo bo`lsa kerak”, degan edi.

 

Dunyo yoshlar bandligi bilan bog`liq inqiroz bilan to`qnash kelgan. Tahlilchilarning fikricha, yoshlar ish topishda kattalarga nisbatan uch barobar muammolar bilan to`qnash kelar ekan. evropa Ittifoqi mamlakatlarida yoshlar vaqtinchalik ish topsalar do`ppilarini osmonga otmoqda. Xalqaro Mehnat tashkiloti ekspertlarining fikricha, vaqtinchalik ish topish yoshlar uchun so`nggi va shu bilan birga yaxshi imkoniyatdir. Iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda yoshlarni vaqtinchalik ishga olish so`nggi yillarda ikki barobar ko`paygan. Ish beruvchilar bundan ancha foyda ko`rmoqda. Chunki vaqtinchalik ishlayotgan yoshlarga kam maosh to`lanadi. Shuningdek, ularni ishdan bo`shatish hech qanday muammo tug`dirmaydi.

 

“Ko`hna qit`a”da ijtimoiy sug`urta tizimi uchun muammo paydo bo`lmoqda, ya`ni ishsiz yoshlar va pentsionerlar soni bir vaqtda o`sib bormoqda. evrokomissiya ma`lumotlariga ko`ra, yoshlar o`rtasidagi ishsizlik evropa Ittifoqi byudjetidan har yili 150 milliard evro ajratilishini taqozo etmoqda. Xalqaro Mehnat tashkiloti ma`lumotlariga qaraganda, evropa Ittifoqi mamlakatlarida vaqtinchalik shartnoma asosida ishlayotganlarning 70 foizini yoshlar tashkil qiladi. Shu sababli tashkilot mamlakatlarga murojaat qilib, yoshlarni munosib ish bilan ta`minlash uchun sharoit yaratilishi kerakligini tavsiya qilmoqda. Buning uchun yoshlarni ishga olayotgan ish beruvchilarga imtiyozlar yaratilishi kerakligi aytiladi.

 

Sharqiy evropa mamlakatlarining yoshlari o`z yurtlarida arzimagan pul to`lanayotgani sabab xorijga ish izlab ketishga majbur bo`lmoqda. Xalqaro Mehnat tashkiloti hisobotlariga qaraganda, har yili jahonda o`rtacha 20 foiz yigit-qiz “yaxshi hayot orzusi”da chet ellarga chiqib ketar ekan. Yoshlar o`z yurtlarini nafaqat tabiiy ofat, qurolli to`qnashuvlar, mojaro va nizolar tufayli, balki ishsizlik domiga tushib qolmaslik uchun ham tark etmoqda. Afrika, Latin Amerikasidagi mamlakatlardagi yoshlar agar o`z yurtlarida ish topilgudek bo`lsa, aslo xorijga ketmasliklarni aytishadi.

 

BMT ma`lumotlariga ko`ra, ayni damda dunyoda 156 millionga yaqin yoshlar (ya`ni, ishlayotgan yoshlarning 37,7 foizi) qashshoqlikda hayot kechirmoqda. Yoshlar o`rtasidagi bandlik masalasida yana bir muammo bor bo`lib, u ham bo`lsa gender muammosidir. Ko`rilayotgan chora-tadbirlarga qaramay mehnat bozorida yigit va qizlar o`rtasida tengsizlik kuzatiladi. 2016 yilgi ko`rsatkichlar tahlil qilinadigan bo`lsa, ish kuchlarining 53,9 foizi yigitlar, 37,3 foizi qizlar hissasiga to`g`ri kelgani oydinlashadi. Farq juda katta ekani ko`rinib turibdi.

 

24 aprelda nishonlanadigan Xalqaro Yoshlar birdamlik kunidan tashqari 12 avgustda Xalqaro Yoshlar kuni, 10 noyabrda Jahon Yoshlar kuni ham nishonlanadi. Bulardan ko`zlangan asosiy maqsad jahon jamoatchiligi e`tiborini yoshlar muammolarini hal qilishga qaratishdan iboratdir.

 

Sharofiddin To`laganov

 


24.04.2018 10:02 da elon qilingan, 981 marta korib chiqildi