Beleuli – Buyuk Ipak yo`lidagi betakror esdalik

Bepoyon Ustyurt kengliklarida ming-ming yillardan buyon turli davrlarga oid tarixiy voqealarni va tabiyat hodisalarini sukunat saqlab kuzatib kelayotgan arxeologik esdaliklar ko`p. Shulardan biri Markaziy Osiyoni Quyi Volgabo`yi va Janubiy-g`arbiy evropa davlatlari bilan tutashtirib kelgan, Buyuk Ipak yo`lining bir tarmog`ida joylashgan Beleuli karvon saroyidir.

– O`rta asrlarda Orol-Kaspiy oralig`i, Ustyurt kengligi nafaqat ko`chmanchi qabilalar joylagan sahro bo`lgan, balki bu hududdan mintaqaviy aloqadagi ahamiyatga ega karvon yo`llari ham o`tgan, – deydi tarix fanlari doktori, professor Muhammed Sherip Qidirniyazov. – Markaziy Ustyurtda XIII-XIV asrlarda shakllangan Buyuk Ipak yo`lining tarmog`i Oltin O`rda Temuriylar davrida rivojlangan savdo yo`li bo`ldi. 

Beleuli karvon saroyi ushbu ahamiyatli savdo yo`lida asrlar bo`yi tamaddunlar aloqasi uchun xizmat qilib kelgan. Beleuli karvon saroyi Qoraqalpog`iston Respublikasining Qo`ng`irot tumani Jasliq posyolkasidan shimoliy-sharqda 67 kilometr uzoqlikda joylashgan. Karvon saroy atrofida quduqlar, sardobalar, qurilish toshlari chiqarilgan kar`erlar va o`rta asr, yangi davr qabristonliklari mavjud. Qabristonliklardagi qulfitoshlar, yozuvlar, toshga bitilgan naqshlar yaxshi saqlangan. Mazkur esdalik majmuasi tariximiz haqida bebaho ma`lumotlar beradi. 

Olimlarning ta`kidlashicha, o`rta asr, yangi davr yozma manbalarida Beleuli esdaligi to`g`risida ma`lumotlar juda kam. Lekin marokkalik buyuk sayyoh Ibn Battuta o`zining «Sayohatnoma» (1333 yil) asarida: «Saraychadan Gurgandjga tuyaga qo`shilgan arbalarda kelish mumkin. Ustyurt past tekisligida har ikki yoki uch kunlik masofada qo`nish joylari mavjud. Ularda quduqlar joylashgan. Quduqlarga yog`in va qor suvlari yig`iladi» – deb ma`lumot beradi. Bundan tashqari, italiyalik sovdagor Franchesko Pegelotti 1342 yilda savdo ishlariga bag`ishlangan «Savdogarlarga amaliy ko`rsatma» nomli asarida ham ular kelgan savdo karvoni «Saraychadan Ustyurt-Gurgandj yo`nalishida tuya arbalarda 20 kunda etib bordi» deyiladi. Ustyurt kengligidagi karvon saroylar Ispaniyada tuzilgan «Kataloniya atlasi», og`ayinli Pitsiganiler kartasida (XV asr) lotincha atamalarda uchraydi. Keyinchalik bu karvon yo`li tarmog`i «No`g`ay yo`li» nomi bilan belgili bo`lgan. 

Beleuli esdalik majmuasida ilk bor 1946-1947 yillarda arxeolog Sergey Tolstov tomonidan arxeologik kuzatuvlar o`tkazilgan. Esdalikdagi birinchi statsionar qazish ishlarini o`tgan asrning 80 yillarida nukuslik arxeologlar Yura Manыlov, Muxammed Sharip Qidirniyazov, Bazarbay Saypanovlar olib borgan. 

– Qazish natijalari Ibn Battutaning barcha ma`lumotlarini tasdiqladi, – deydi mazkur esdalik majmuada arxeologik amaliyot o`tkazishda qatnashgan olim M.Qidirniyazov. – Haqiqatdan ham Ustyurt tekisligida Beleuli karvon saroyi qoshida 100 gektardan ortiq maydonda yog`in suvi yig`iladigan teran taqirlik, 8 sardoba va 4 quduq mavjudligi aniqlandi. 

Beleuli karvon saroyi 1 metr kalin devorlar bilan o`ralgan. Devorlar bundan 30 million yil avval hayot surgan Tetis ummonidan qolgan chig`anoqtoshlardan qurilgan. Karvon saroyga kiraverishda eni 3.8 metrlik darvoza bor. Bir paytlar portal-darvozaning old tomonida Registondagi Sherdor madrasasidagi kabi ikkita sherning rasmi bo`lgan. Lekin bugungi kunda Beleulining “sherlari” noma`lum yo`lovchilar tomonidan olib ketilgan, portal-darvozaning yuqori qismidagi arka esa qulab tushgan. 

Beleuli karvon saroyi 19 ta xona, ombor xonalardan iborat. Karvon saroyning tosh devorlarida paleografik yozuvlar, petroglif-rasmlar bor. Ularni shu erda qo`ngan yo`lovchi, sayyoh, savdogarlar yozib qoldirgan. Ularning orasida eski lotin harflarida bitilgan yozuvlar ham bor. 

– Beleuli madaniy-tarixiy, arxeologik majmuasi Orolbo`yi xalqlarining durdona esdaliklaridan biri, – deydi Qoraqalpog`istn Respublikasi Madaniy meros ob`ektlarini muxofaza qilish va ulardan foydalanish bo`yicha mintaqaviy davlat inspektsiyasi boshlig`i Quanish Sharipov. – Esdalik majmuasi Markaziy Osiyodagi betakror tarixiy joy. Uni batafsil tadqiq qilish, inshootlarni restavratsiya qilish, ta`mirlash hamda ekoturizm uchun foydalanish kunning dolzarb masalasi. 

Bugungi kunda o`rta asrning ajoyib merosi Beleuli karvon saroyi insoniyat mehriga muhtoj. Esdalikni saqlab qolish bo`yicha shoshilinch choralar ko`rilmasa, tabiyat va odamzot injiqliklari tufayli yana bir bebaho yodgorlik tubanlikka yuz tutishi mumkin.

 

Esimxon Qanoatov, O`zA

 


Sana: 2018-05-02 15:25:28, Ko'rib chiqildi: 2706