Dunyoga mashhur OAV jurnalistlari Qoraqalpog‘istonga kelmoqda

AQSHning dunyoga mashhur nashri — “The New York Times” gazetasining Moskva shahridagi byurosi hamda Buyuk Britaniyaning “BBC One” telekanali ijodiy xodimlari Qoraqalpog‘istonga tashrif buyurishi kutilmoqda. 


“The New York Times” ijodiy guruhi tashrifidan asosiy maqsad “Sahrodagi Luvr” deb atalgan I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi va Qozog‘iston milliy geografik jamiyati bilan birga Janubiy Orol aholisining turmushi haqida materiallar tayyorlashdir. 

Sayohat davomida gazeta vakillari I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi direktori Gulbahor Izentayeva bilan suhbatlashishi rejalashtirilgan. Mo‘ynoq tumaniga borib, Orol dengizining bugungi ahvolini ko‘rishadi, hududdagi o‘zgarishlar bilan tanishishadi. 

Bundan tashqari shu oyning oxirlarida Buyuk Britaniyaning “Hello-Halo” prodyuserlik kompaniyasining ijodiy jamoasi ham Qoraqalpog‘istonda mehmonda bo‘lishi kutilmoqda. 

Buyuk Britaniyaning dunyoga taniqli “BBC One” telekanali uchun hujjatli filmlarni olib, efirga uzatadigan ushbu kompaniya Orol dengizi bilan bog‘liq “The Truth About” filmini olishni maqsad qilgan. 

Hujjatli filmda I.V.Saviskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi, Mizdaqxan majmuasidagi Gyauir qal’a me’moriy esdaligi, Mo‘ynoq tumanidagi keksa baliqchilar bilan intervyu, Kemalar qabristoni, Orol dengizining bugungi ahvoli, dengizning qurigan tubida o‘stirilayotgan saksovul o‘rmonlari, shuningdek, Mo‘ynoqdagi kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning bugungi rivojlanish holati ko‘rsatilishi rejalashtirilgan.

Olamda mashhur ommaviy axborot vositalarining Qoraqalpog‘iston va Orol dengizi haqida tayyorlagan turkum materiallari hududning turistik salohiyatini dunyoga namoyish etadi. 
 

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA

Sana: 2018-05-11 15:18:21, Ko'rib chiqildi: 2746