Mediatur: suv tanqisligi muammolarini o‘rganishga xizmat qiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahriga yetib kelgan bir guruh o‘zbekistonlik ommaviy axborot vositalari vakillari Orolga jo‘nab ketdi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra dunyo bo‘yicha 80 foiz odamlar yuvinayotganda suvni oqizib qo‘yib yuvinar ekan, lekin dunyoning qaysidir burchagida insonlar bir qultum suv uchun uzoq navbat kutib turar ekan. Bugungi kunda suv tanqisligi global muammoga aylanmoqda. Biz har birimiz suvdan oqilona foydalanib, uning tanqisligini his etib yashasak, kelajak avlod uchun qaysidir ma’noda imkoniyatlar yaratib berishimiz mumkin. 

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi va Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi ekologik markazi tomonidan tashkil etilgan mediaturning asl maqsadi ham aholiga va yoshlarga suvdan oqilona foydalanishni eslatish va bu borada zarur choralarni qo‘llashga qaratilgan. 

– Loyiha “O‘zbekistonda suv va ekologik masalalar bo‘yicha xabardorlikni oshirish hamda hamkorlikni rivojlantirish” deb nomlangan, – deydi Qoraqalpog‘iston axborot agentligi direktori Ye.Qanaatov. – Ma’lumki O‘zbekiston iqtisodi uchun suv juda muhim resurs va respublikamizning 80 foiz suvlari transchegaraviy hisoblanadi. Suvning eng katta iste’molchisi qishloq xo‘jaligi bo‘lib, uni isrof qilmasdan foydalanish iqtisodning o‘sishi va ekologik barqarorlikni ta’minlashda katta ahamiyatga ega. 

- Har bir ekologik muammoni hal qilish uchun uni o‘rganib chiqish kerak, – deydi mediatur ishtirokchisi Xoniya Aslbekova. – XX asrning 60 yillarida O‘rta Osiyoda sug‘orish kanallari katta ko‘lamda barpo etilgan. Amudaryo va Sirdaryo suv resurslarini noto‘g‘ri taqsimlash natijasida Orol dengizi qurib boshlagan. Mediaturning asosiy maqsadlaridan biri iqlim o‘zgarishi sharoitida suvdan oqilona foydalanish va atrof-muhitni himoya qilish muhimligiga e’tiborni qaratish va aholining xabardorlik darajasini yanada oshirishdir. 

Ishtirokchilar mediatur doirasida Qo‘ng‘irot va Mo‘ynoq tumanlari hududidagi Sudochye ko‘li, Ustyurt platosi, Urga qishlog‘i, Ustyurt chinklari, Orolning qurigan tagida paydo bo‘lgan to‘qayzorliklar, Uchsoy baliqchilar qishlog‘i, Kemalar muzeyi, Amudaryo sohillari, shuningdek, Shege ko‘li kabi joylar bilan tanishishadi. 

 

 

Nasiba Ziyodullayeva, Anvar Nasirlayev, O‘zA 

Sana: 2018-05-11 19:13:42, Ko'rib chiqildi: 2632