Qoraqalpog‘istonda terminologiya markazi tashkil qilindi

Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi Prezidiumining qarori bilan Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi huzurida Respublika terminologiya markazi tashkil qilindi. Markazning asosiy shtatida 3 ta xodim, jamoatchilik kengashdagi 8 ta bo'limda 20 nafar mutaxassis faoliyat yuritadi.
Markazni tashkil qilishda «Davlat tili to'g'risida»gi Qoraqalpog'iston Respublikasi Qonuni talablarini rahbarlikka olib, milliy terminologiya sohasidagi ishlarni yanada rivojlantirish, tartibga solish va unifikatsiyalash nazarda tutilgan.
Qarorda bugungi globallashuv sharoitida jahonda yuz berayotgan ilmiy-texnikaviy yangiliklar, xalqlar o'rtasidagi aloqalarning kuchayishi natijasida qoraqalpoq tiliga boshqa so'zlar kirib kelayotgani, shu bois, qoraqalpoq tilining ijtimoiy-siyosiy, ilmiy-texnikaviy, kasbiy, er-suv atamalarini tartibga solish, korxona, tashkilotlar, maishiy xizmat ko'rsatish joylari, ko'cha va xiyobonlar, fuqarolar yig'inlari hududidagi atamalarni, shuningdek, har bir kasibga oid atamalarni shakllantirishga zarurot tug'ilayotgani e’tirof qilingan.
Markazning asosiy maqsadi va vazifalari sifatida terminlarni aniqlash va tartibga solish, ilmiy asoslangan terminlarni qarab chiqish va tasdiqlash, terminologik lug'atlar tayyorlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini amaliyotga joriy etish, qoraqalpoq tilida kompyuter dasturlarini tayyorlash kabi masalalar belgilangan.
Bundan buyon qoraqalpoq tili qoidalarini qo'pol tarzda buzgan tashkilotlarning mutasaddi xodimlariga terminologiya markazi chora qo'llash bo'yicha taklif bera oladi.

Esimqan Qanaatov, O'zA

 


Sana: 2018-05-30 08:46:19, Ko'rib chiqildi: 1181