Salomatlik uchun foydali

Qoraqalpog’iston Respublikasidagi «Taxiatoshdonmahsulotlari» aksiyadorlik jamiyatida unni temir moddasi va boshqa foydali mikroelementlar bilan boyitishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda o’tgan yili korxonaga zamonaviy uskunalar keltirib o’rnatildi. 2010 yili bu yerda 51 ming 983 tonna bug’doy qayta ishlanib, 39 ming 247 tonna sifatli un ishlab chiqarildi. Mahsulotning 31 ming 675 tonnasi vitaminli minerallar bilan to’yintirilgan holda iste’molchilarga yetkazildi. – Don tabiiy holatda temir, rux kabi inson salomatligi uchun foydali vitaminlarga boy bo’ladi, – deydi korxona laboratoriyasi boshlig’i Ulbika Navro’zimbetova. – Lekin qayta ishlash jarayonida ushbu mikroelementlarning aksariyati yo’qolib ketadi. Unni boyitish yo’qotilgan moddalarning o’rnini to’ldirish demakdir. Bu kamqonlik va boshqa turli xastaliklarning oldini olishga yordam beradi. Ayniqsa, sifatli boyitilgan un onalar va bolalar salomatligi uchun muhim ahamiyatga ega. Mahsulot tayyorlashda texnologik holat va boyitish me’yorining talab darajasida saqlanishiga e’tibor berib, gigiyena qoidalariga to’liq rioya etayotirmiz. O’zA, A. Ortiqboyev
Sana: 2011-01-19 19:10:14, Ko'rib chiqildi: 2379