O’zbekistonning investitsiya salohiyati yuksalmoqda

Prezidentimiz Islom Karimov 2010 yilda mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2011 yilga mo’ljallangan eng muhim ustuvor yo’nalishlarga bag’ishlangan O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlisidagi ma’ruzasida o’z vaqtida tanlangan iqtisodiy taraqqiyot modeli va uning tamoyillari asosida mamlakatimizni isloh etish va modernizatsiya qilish bo’yicha har tomonlama chuqur o’ylangan tadrijiy taraqqiyot dasturining izchil amalga oshirilishi jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozining iqtisodiyotimizga, moliya va bank tizimiga salbiy ta’sirini sezilarli darajada kamaytirish imkonini berganini ta’kidladi. Natijada iqtisodiyotimizning yuqori barqaror o’sish sur’atlari va makroiqtisodiy mutanosibligi ta’minlandi. 2010 yil yakunlariga ko’ra, mamlakatimizning yalpi ichki mahsuloti 8,5 foiz, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 8,3 foizga o’sdi, boshqa tarmoqlarda ham ko’rsatkichlar sezilarli darajada oshdi. Eksport qiluvchi korxonalarni har tomonlama qo’llab-quvvatlash va eksport tarkibini diversifikatsiya qilish, mahsulotlarni sotishning yangi tashqi bozorlarini faol o’zlashtirish 2010 yilda eksport hajmining 10,8 foizga o’sishini ta’minladi. Davlatimiz rahbarining 2010 yil 15 dekabrda qabul qilingan va mamlakatimiz sanoatini barqaror, jadal hamda muvozanatli rivojlantirishga yo’naltirilgan «2011-2015 yillarda O’zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari to’g’risida»gi qarori mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonining mantiqiy davomi bo’ldi. Mazkur qarorga ko’ra, sanoat korxonalarini keng miqyosda isloh etish, eng zamonaviy yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlash, ularda ilg’or ilm-fan yutuqlari va innovatsiya texnologiyalarini jadal tatbiq etish, yuqori malakali kadrlar tayyorlashni kengaytirish va shu orqali mamlakatimiz sanoat mahsulotlarining raqobatbardoshligini oshirish, bozor konyunkturasi o’zgarishlariga bog’liqligini kamaytirish ko’zda tutilgan. Qabul qilingan ushbu hujjat ichki sanoat kooperatsiyasi va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, sanoat tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, sanoat korxonalarini mamlakatimizning barcha hududlarida maqbul ravishda joylashtirishga xizmat qiladi. Bu esa, o’z navbatida, import o’rnini bosadigan mahsulotlar ishlab chiqarish, yangi ish o’rinlarini yaratish, aholining ish bilan bandligini hamda odamlarning daromadlari va turmush darajasini oshirish imkonini beradi. Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarishda uning tashqi bozordagi raqobatbardoshligini ta’minlaydigan xalqaro sifat standartlari va texnik reglamentlarni tizimli tarzda joriy etish ham muhim ahamiyatga ega. Hujjatda ko’zda tutilgan mamlakatimiz sanoatini rivojlantirishning maqsadli ko’rsatkichlari moliyalashtirish manbalari belgilangan bo’lib bu sanoatda amalga oshiriladigan hamda amalga oshirishga tayyorlab qo’yilgan investitsiya loyihalari ro’yxati, ishlab chiqish bosqichida bo’lgan yangi investitsiya loyihalari, oldindan ishlab chiqilayotgan sanoatdagi istiqbolli investitsiya loyihalarini o’z ichiga oladi. O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalqaro moliya institutlari, tashkilotlari va donor mamlakatlar bilan hamkorlik, yirik va strategik muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish masalalari bo’yicha idoralararo kengashga bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirish va investitsiya loyihalarini tayyorlash hamda amalga oshirishni ta’minlash bilan bog’liq masalalarni tezkorlik bilan hal etish, zarur hollarda esa investitsiya loyihalari ro’yxatiga va asosiy parametrlarga aniqlik kiritish vazifasi yuklatildi. Davlat va xo’jalik boshqaruvi organlari, korxonalarga investitsiya loyihalarini amalga oshirishda investitsiya loyihasi bo’yicha texnik iqtisodiy asos (TIA) hamda ish hujjatlarini ishlab chiqish bilan bir vaqtda, sanoat obyektlariga tutash muhandislik hamda ishlab chiqarish infratuzilmasi obyektlarida qurish-montaj ishlarini bajarish huquqi berildi. Ekspert xulosalari asosida tuzilgan va belgilangan tartibda ro’yxatga qo’yilgan shartnomalar bo’yicha ishlab chiqarish muddati uzoq bo’lgan uskunalarni xarid qilish uchun tegishli avans pullari ajratiladi. Xo’jalik subyektlariga injiniring qilish, yetkazib berish va obyektlarni “tayyor holda topshirish” shartlarida qurish bo’yicha tender savdolari yoki to’g’ridan-to’g’ri muzokaralar natijasida tuzilgan shartnomalar bo’yicha Dasturga kiritilgan investitsiya loyihalari yuzasidan texnik iqtisodiy asosni (TIA) tasdiqlagan holda bir bosqichli tartibda loyiha hujjatlarini tayyorlashga ruxsat etildi. Tijorat banklari va O’zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi investitsiya loyihalari bo’yicha loyihadan oldingi hamda loyiha hujjatlarini ishlab chiqish uchun imtiyozli kredit mablag’larini ajratadi. Shunisi e’tiborliki, loyihalarni amalga oshirish doirasida chetdan olib kelinadigan va respublikamizda ishlab chiqarilmaydigan uskunalar, materiallar hamda butlovchi buyumlar 2016 yilning 1 yanvariga qadar bojxona to’lovlarini to’lashdan (rasmiylashtirish yig’imlaridan tashqari) ozod etiladi. Muxtasar aytganda, «2011-2015 yillarda O’zbekiston sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo’nalishlari to’g’risida»gi qarorda sanoat sohasida umumiy qiymati qariyb 50 milliard dollarni tashkil etadigan 500 dan ortiq yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish ko’zda tutilgan. Yaqin besh yil ichida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmini kamida 60 foizga oshirish, yalpi ichki mahsulotda uning ulushini 2010 yildagi 24 foizdan 2015 yilda 28 foizga ko’paytirish zarur. Bu borada mashinasozlik, avtomobilsozlik, kimyo, oziq-ovqat, farmatsevtika, qurilish materiallari sanoati va boshqa sohalarni jadal rivojlantirish hisobidan ushbu tarmoqlarda ikki barobardan ziyod o’sishga erishiladi. To’qimachilik sanoatida eksportbop raqobatdosh mahsulotlar tayyorlashga yo’naltirilgan, yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo’lgan yangi, zamonaviy to’qimachilik komplekslari rivojlantiriladi. Bu, o’z navbatida, paxta tolasini o’zimizda qayta ishlash hajmini 2 barobardan ko’proq, kalava ishlab chiqarishni 2,6, tayyor trikotaj va tikuvchilik buyumlarini 3, to’qimachilik sanoati mahsulotlari eksportini 2 barobar oshirishni ta’minlaydi. Sintetik suyuq yoqilg’i ishlab chiqarishni tashkil qilish, polietilen va polipropilen mahsulotlar, suyultirilgan va siqilgan tabiiy gaz ishlab chiqarish bo’yicha yangi, zamonaviy gaz-kimyo komplekslarini barpo etish, energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalar asosida mineral o’g’itlar hamda yangi turdagi kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqarish, eskirgan uskunalarni zamonaviy bug’-gaz qurilmalari bilan almashtirish hisobidan energetika tarmog’ini jadal rivojlantirish kabi yuksak texnologiyalar sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Sanoatda tarkibiy o’zgarishlarni chuqurlashtirish uning asosiy tarmoqlarini diversifikatsiya qilish va eksport salohiyatini oshirish, iqtisodiyotimiz sanoat sohasi tarmoqlari, komplekslari hamda korxonalari samaradorligi, raqobatbardoshligini yanada oshirishga yo’naltirilgan. Mamlakatimiz sanoatini rivojlantirish bo’yicha belgilangan ustuvor yo’nalishlar respublikada amalga oshirilayotgan investitsiya siyosati bilan chambarchas bog’liqdir. Yurtboshimiz ta’kidlaganidek, O’zbekistonda investorlar uchun ko’p jihatdan o’ta qulay investitsion muhit, imtiyoz va preferensiyalar tizimi yaratilgan. Iqtisodiyotimizga jalb qilinayotgan xorijiy investitsiyalar hajmi yildan yilga ortib borayotgani ham buning yorqin dalilidir. Iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiyalash, texnik va texnologik qayta jihozlash, uy-joy qurilishi, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarini rivojlantirish bo’yicha faol investitsiya siyosatining amalga oshirilishi 2010 yilda 2009 yilga nisbatan 13,6 foizga ko’p, ya’ni qiymati 9,7 milliard AQSH dollariga teng miqdordagi investitsiyalarni o’zlashtirish imkonini berdi, bu yalpi ichki mahsulotning qariyb 25 foizini tashkil etadi. 1098 yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirildi, 296 investitsiya loyihasini amalga oshirish yakunlandi. 2011 yilda xalqaro moliya institutlari va xorijiy kompaniyalar bilan tuzilgan shartnoma va bitimlar asosida iqtisodiyotimizning real sektoriga 3 milliard dollardan ortiq investitsiya kiritish ko’zda tutilmoqda. Shuning 2,2 milliarddan ortig’i yoki 73 foizdan ziyodini to’g’ridan-to’g’ri chet el investitsiyalari tashkil etadi. To’g’ridan-to’g’ri chet el investitsiyalari hisobidan iqtisodiyotimizning ko’plab tarmoqlarida 70 dan ortiq investitsiya loyihasini amalga oshirish mo’ljallanmoqda. Gazni qayta ishlaydigan zamonaviy zavod qurishni o’z tarkibiga olgan Qandim guruhi konlarini, shuningdek, Xauzak va Shodi konlarini o’zlashtirish, istiqbolli uglevodorod xomashyo konlarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish, Navoiy viloyatida ammiak va karbamid ishlab chiqarish kompleksini barpo etish, Qoraqalpog’iston Respublikasida sement zavodi qurish, Toshkent viloyatida turli mato va tikuvchilik mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish, telekommunikatsiyalar tizimini kengaytirish, tayyor dori preparatlari ishlab chiqarishni tashkil etish bo’yicha loyihalar shular jumlasidandir. Mamlakatimizning 2011 yilga mo’ljallangan investitsiya dasturi investitsiya siyosatini amalga oshirishga katta turtki berdi. Ushbu dasturning parametrlari Prezidentimiz Islom Karimovning 2010 yil 29 dekabrda qabul qilingan O’zbekiston Respublikasining 2011 yilgi investitsiya dasturi to’g’risidagi qarori bilan tasdiqlangan. Shuningdek, uning asosiy parametrlari, Davlat budjeti va budjetdan tashqari jamg’armalar mablag’lari hisobidan markazlashtirilgan kapital qo’yilmalar limitlari, xorijiy kreditlar, to’g’ridan-to’g’ri chet el investitsiyalari, O’zbekiston Respublikasi Tiklanish va taraqqiyot jamg’armasi va boshqa manbalarni jalb etgan holda aniq yo’naltirilgan dasturlar ham tasdiqlandi. O’zbekiston milliy avtomagistralini rekonstruksiya qilish, «Tuyabug’uz-Bekobod» ichimlik suv ta’minoti tizimini barpo etish, Namangan shahrida kanalizatsiya inshootlarini kengaytirish, Dehqonobod kaliy o’g’itlari zavodining, Ustyurt gaz-kimyo kompleksining ikkinchi bosqichini qurish va boshqalar eng muhim loyihalar sirasiga kiradi. 2011 yilda 35 dan ortiq yirik ishlab chiqarish korxonasi qurilishini yakunlash va foydalanishga topshirish vazifasi qo’yildi. «Jeneral motors» kompaniyasi bilan hamkorlikda yiliga 225 ming dona avtomobil kuchlanish agregatlarini ishlab chiqaradigan korxona, Qo’qon shahrida «Indorama» kompaniyasi bilan hamkorlikda yakuniy ishlab chiqarish shakliga ega bo’lgan to’qimachilik kompleksi, shuningdek, umumiy quvvati 30 ming tonna kalava ishlab chiqarishdan iborat bo’lgan bir qator to’qimachilik komplekslari kabi muhim obyektlar, Toshkent shahrida ko’p o’rinli «Mersedes-Benс» yo’lovchi avtobuslarini ishlab chiqarishni o’zlashtirish, Muborak gazni qayta ishlash zavodi va «Sho’rtan neft-gaz» unitar korxonasida 400 ming tonna suyultirilgan gaz va gaz kondensati ishlab chiqaradigan qurilmalarni o’rnatish, Olmaliq va Navoiy kombinatlarining korxona va ishlab chiqarish quvvatlarini texnik qayta jihozlash, Bekobod metallurgiya kombinatini modernizatsiya qilish va boshqa o’ta muhim loyihalarni amalga oshirish shular jumlasidandir. Joriy yilda ijtimoiy sohaga xalqaro moliya institutlarining yirik xorijiy investitsiyalari yo’naltiriladi, ijtimoiy obyektlarni (maktablar, shifoxonalar, reabilitatsiya markazlari) zarur asbob-uskunalar bilan jihozlash loyihalarini amalga oshirish davom ettiriladi. Xorijiy sheriklar bilan o’zaro manfaatli hamkorlik yo’lga qo’yilgan. Bunda mamlakatimizda chet ellik investorlar ishonchini mustahkamlash uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgani muhim omil bo’layotir. Shu sababli mamlakatimiz investitsiya salohiyati yil sayin yuksalib bormoqda, iqtisodiyotimiz esa yanada yuqori sur’atlar bilan rivojlanmoqda. O’zA, M. Mametova, V. Nikolayev
Sana: 2011-02-04 16:20:53, Ko'rib chiqildi: 3202