Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Kommunal sohada amalga oshirilayotgan islohotlar samaralari

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (53 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (53 KB)

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida “O‘zkommunxizmat” agentligi tizimida tegishli qonunchilik ijrosiga bag‘ishlangan majlis bo‘lib o‘tdi. Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil qilingan ushbu tadbirda deputatlar, vazirlik va idoralar rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi raisi I.Nasriyev, “O‘zkommunxizmat” agentligi bosh direktori O‘.Xolmuhamedov va boshqalar istiqlol yillarida mamlakatimizda kommunal sohaga oid mustahkam qonunchilik bazasi yaratilganini ta’kidladilar. Xususan, 1993 yil 6 mayda O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi, 2002 yil 5 aprelda “Chiqindilar to‘g‘risida”gi qonunlari qabul qilindi. Prezidentimiz Islom Karimovning 2005 yil 11 fevralda qabul qilingan “Kommunal xizmatlar tariflarining asossiz ravishda o‘sib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda ular uchun o‘z vaqtida va to‘liq hisob-kitob qilinishi uchun iste’molchilarning mas’uliyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2006 yil 25 iyulda qabul qilingan “1991 yilgacha qurilgan ko‘p xonadonli turarjoy binolarining umumfoydalanadigan joylari va muhandislik kommunikatsiyalari kapital ta’mirlanishini yakunlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari sohadagi islohotlarni yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda suvdan oqilona foydalanish, kommunal xizmat ko‘rsatish tizimini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, uy-joy fondini hisoblagich priborlari bilan ta’minlashga doir izchil ishlar olib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2007 yil 3 yanvarda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi uy-joy fondini sovuq va issiq suv hisoblagich asbob-uskunalari bilan jihozlash» investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq sovuq va issiq suv sarfini hisoblaydigan asbob-uskunalar sotib olindi. Bugun mamlakatimizda sovuq va issiq suvdan foydalanuvchilar umumiy sonining 65,5 foizi shunday moslamalar bilan ta’minlangan. So‘nggi o‘n yilda respublikamizning turli hududlarida kommunal xo‘jalik sohasida 34 investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Hozir Osiyo taraqqiyot banki bilan hamkorlikda «Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ichimlik suvi ta’minoti tizimini takomillashtirish» loyihasi hayotga tatbiq etilayotir. Xorijlik sheriklar bilan o‘zaro hamkorlik mamlakatimizda kommunal xo‘jalik infratuzilmasini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayni vaqtda kommunal soha uchun kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda «O‘zkommunxizmat» agentligining o‘quv markazida xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari raislari, uy-joy fondidan texnik foydalanish bo‘yicha xodimlar muntazam o‘qitilmoqda. Majlisda o‘z yechimini kutayotgan muammolarga ham e’tibor qaratildi. Jumladan, aholiga kommunal xizmat ko‘rsatishda raqobat muhiti yetarli darajada shakllanmagan. Shuningdek, kommunal xizmatlar sohasiga ilg‘or texnologiyalarni faol joriy etish lozim. Korxonalarni texnik qayta jihozlash va investitsiyalarni jalb qilish masalalarida ham kamchiliklar mavjud. Majlisda ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan aniq takliflar bildirildi. O‘zA, A.Voyakina

09.06.2011 12:14 da elon qilingan, 2255 marta korib chiqildi