Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Aholi xizmatida – zamonaviy taksilar

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (56 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (56 KB)

Mamlakatimizda Prezident Islom Karimov rahnamoligida yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, aholi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, yo‘lovchi tashish transporti tizimini yanada takomillashtirish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 18 mayda qabul qilingan “Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori buning yorqin dalilidir. O‘zbekiston Milliy matbuot markazida yo‘lovchilarni yo‘nalishsiz taksilarda tashish xizmatini ko‘rsatuvchi kompaniyalar rahbarlari uchun ushbu qaror mazmun-mohiyatini ochib berishga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi tomonidan Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar hokimligi, “O‘zavtosanoat” aksiyadorlik kompaniyasi va “O‘zavtosanoatlizing” lizing kompaniyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. – Mamlakatimizda avtotransport xizmatlari, jumladan, yo‘nalishsiz taksi xizmati ko‘rsatish sifati va hajmi yil sayin oshib bormoqda, – deydi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi boshlig‘ining o‘rinbosari Shoolim Shovahobov. – Ayni paytda mamlakatimiz bo‘yicha 43 mingdan ortiq subyekt yo‘nalishsiz va marshrutli taksi xizmati ko‘rsatish bo‘yicha litsenziyaga ega. Yo‘nalishsiz taksilar faoliyatini yanada tartibga solish, ular tomonidan yo‘lovchilarni tashish bo‘yicha ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va xavfsizligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tegishli qaror qabul qildi va u 2012 yilning 1 yanvaridan kuchga kiradi. Mazkur qaror doirasida tegishli Nizom joriy etilmoqda. Unda O‘zbekiston hududida yo‘nalishsiz taksilarning tashqi ko‘rinishi va ichki ma’lumotlar bilan jihozlanishiga, shuningdek, yo‘nalishsiz taksi haydovchilariga nisbatan yagona talablar belgilangan. U yo‘lovchilar va ularning yuklarini so‘ragan yo‘nalish bo‘yicha tashish xizmatini ko‘rsatuvchi barcha turdagi yengil avtotransport vositalariga (marshrutli taksilardan tashqari) tatbiq etiladi. Hujjatda barcha yo‘nalishsiz taksilar uchun majburiy bo‘lgan va avtomobilni transport oqimida ajratib turuvchi va tanish uchun mo‘ljallangan talablar belgilangan. Yangi talablarga ko‘ra, yo‘nalishsiz taksilar bir xil rangga – Toshkent shahrida och sarg‘ish va mamlakatimizning barcha viloyatlarida sariq rangga bo‘yaladi. Avtomobil ustida “TAXI” deb yozilgan to‘q sariq rangdagi chiroqli tanish belgisi o‘rnatiladi. Yo‘nalishsiz taksilarning oldingi eshiklariga shaxmat tartibidagi qora kvadratlardan iborat kompozitsiya, ular o‘rtasida doira ichiga olingan “T” harfi, eshik pastiga esa xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya nomi yoziladi. Avtomobillarning ichki bezagiga ham tegishli talablar qo‘yilgan. Masalan, old tomon oynaning o‘ngdagi yuqori burchagiga yashil chiroq o‘rnatiladi. U yoniq holatda bo‘lsa, taksi bo‘shligini bildiradi. Priborlar paneliga avtomobilning davlat raqami, haydovchi va xizmat ko‘rsatuvchi kompaniya rekviziti, yo‘l haqi (1 kilometr uchun muayyan narx belgilanadi) haqidagi axborot va boshqa ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan jadval o‘rnatiladi. Shu bilan birga, kabinaga hisoblash pribori (taksometr) va radioaloqa vositasi o‘rnatiladi. Shu bilan birga, yo‘lovchilarga zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yo‘l haqi uchun to‘lovni bank plastik kartochkalaridan qabul qiladigan terminal ham o‘rnatiladi. Nizomda yo‘nalishsiz taksilar haydovchilariga nisbatan qo‘yiladigan talablar ham alohida bandda ko‘rsatib o‘tilgan. Ya’ni, yo‘nalishsiz taksi haydovchilari kamida uch yillik stajga ega bo‘lishi, 21 yoshga to‘lgan va haydovchilik guvohnomasida «V» ruxsat belgisi bo‘lishi shart. Bundan tashqari, ular muntazam tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim. Yo‘nalishsiz taksi haydovchisi belgilangan talablarga mos kelmagan holatlar aniqlanganda, haydovchiga nisbatan qonunda ko‘zda tutilgan intizomiy yoki ma’muriy ta’sir choralari qo‘llaniladi. Ushbu yangiliklardan tashqari, qarorda Ichki ishlar vazirligiga yuridik shaxslarga tegishli yo‘nalishsiz taksilar uchun davlat raqami belgilarining maxsus seriyasini ajratish bo‘yicha ko‘rsatma berilgan. Tadbirda ayrim hujjatlarga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritilgani ham ma’lum qilindi. Jumladan, Avtomobil transportida yo‘lovchilar va yuklarni tashish qoidalarining to‘lovlarni amalga oshirishga taalluqli 100-bandiga o‘zgartish kiritilgan. To‘lovlarni endi nafaqat naqd pul bilan, balki hisob-kitob terminallaridan foydalangan holda bank plastik kartochkasi orqali ham to‘lash mumkin. Bundan tashqari, Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 14 iyulda qabul qilingan qarori bilan tasdiqlangan Avtomobil transportida yo‘lovchilarni va yuklarni shahar, shahar atrofi, shaharlararo va xalqaro yo‘nalishlar bo‘yicha tashish faoliyatini litsenziyalash to‘g‘risidagi Nizom yo‘lovchilarni hamda yuklarni tashish faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari hamda shartlari to‘g‘risidagi yangi band bilan to‘ldirildi. Ushbu bandga ko‘ra, endi yo‘nalishsiz taksilarning texnik holati va jihozlarining yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashga doir me’yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga, ularning tashqi ko‘rinishi va jihozlanishi, yagona tanish belgilari bilan bezashga nisbatan qo‘yiladigan talablarga muvofiq bo‘lishi tashuvchilar uchun majburiy hisoblanadi. Yo‘nalishsiz taksilar soni ham muhim masalalardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi vakillarining ta’kidlashicha, mamlakatimizda yo‘nalishsiz taksilar soni aholi nufusidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Tadbirda Yo‘nalishsiz taksilar uchun hisoblagichlar (taksometrlar) va tanish belgilarini ishlab chiqaradigan yuridik shaxslarni tanlov asosida saralash tartibi to‘g‘risida ishlab chiqilayotgan Nizom loyihasi ham taqdim etildi. Bu raqobat asosida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikning yangi tarmoqlarini rivojlantirish hamda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini beradi. O‘zA, S.Tojiyev. Asqar Yoqubov olgan surat

27.06.2011 17:20 da elon qilingan, 2100 marta korib chiqildi