Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Iqtisodiy mustaqilligimiz timsoli

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (57 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (57 KB)

1 iyul – O‘zbekiston Respublikasi milliy valutasi – so‘m muomalaga kiritilgan kun Milliy valuta davlat mustaqilligining muhim belgisi, iqtisodiy barqarorlikning asosiy shartlaridan biridir. Istiqlol tufayli muomalaga kiritilgan milliy pulimiz – so‘m bizga ana shunday imkoniyatni hadya etgan. Prezidentimiz Islom Karimovning 1994 yil 16 iyunda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga kiritish to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, so‘m mamlakatimiz hududida yagona to‘lov vositasi sifatida muomalaga kiritildi. Shundan buyon so‘m Vatanimiz iqtisodiy qudratini mustahkamlash, hamyurtlarimiz qalbida vatanparvarlik tuyg‘ularini kuchaytirish, xalqaro miqyosda mamlakatimiz obro‘-e’tiborini mustahkamlashda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda. Ma’lumki, milliy valutaga o‘tish muayyan iqtisodiy omillarni, uzoq va puxta tayyorgarlikni talab etadi. Qat’iy pul-kredit siyosatini amalga oshirish, mamlakat eksport salohiyatini yuksaltirish, yalpi ichki mahsulot o‘sishini ta’minlash, inflatsiyaning oldini olish kabi vazifalar shular jumlasidandir. Jahon tajribasi shuni ko‘rsatadiki, bunga erishish uchun ko‘plab davlatlar uzoq va mashaqqatli yo‘l bosib o‘tgan. Ammo so‘m muomalaga kiritilayotgan paytda O‘zbekistonda bunday imkoniyat yo‘q edi. Mamlakatimiz endigina mustaqillikni qo‘lga kiritgan, amaldagi pul – sovet rubli esa o‘z qimmatini yo‘qotib bo‘lgandi. Boz ustiga, yurtimiz, asosan, xomashyo hududi sifatida “ipsiz bog‘lab” qo‘yilgan edi. Mamlakatimizga tovar olib kelish va olib chiqish, kommunikatsiyalar qurish yo‘llari ham berk edi. Bunday sharoitda iqtisodiyotning inqirozga yuz tutishi va inflatsiyaning keskin o‘sib ketishini jilovlash muhim ahamiyat kasb etardi. Birinchi galda ilgari shakllangan xo‘jalik, ishlab chiqarish va moliyaviy aloqalarning butunlay uzilishiga barham berish, ommaviy ishsizlikning oldini olish zarur edi. Prezidentimiz Islom Karimovning har tomonlama chuqur o‘ylangan, jahon tajribasi va mamlakatimizning ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib amalga oshirilgan oqilona iqtisodiy siyosati xalqimizni ana shunday keskin inqirozdan betalafot olib o‘tdi. Bugun mustaqillik yillarida qo‘lga kiritgan yutuqlarimiz haqida gapirganda, avvalo, iqtisodiyotimizning izchil rivojlanishi, makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarning o‘zaro mutanosibligi, inflatsiya darajasining pasaygani, aholi farovonligining yuksalayotganligi bilan bir qatorda milliy valutamizning barqarorlashib borayotganini ham faxr bilan tilga olamiz. Istiqlolning dastlabki yillarida aniq belgilab olingan islohotlarni bosqichma-bosqich amalga oshirish jarayonida mamlakatimiz bank-moliya tizimida yetarli resurs bazasi va ishonchli zaxira yaratildi. Iqtisodiyotni modernizatsiya qilishda ishlab chiqarish, mamlakat eksport salohiyatini oshirishga alohida e’tibor qaratilgani o‘zining yuksak samaralarini berdi. Pulimizning barqaror valutalardan biriga aylanib, tobora mustahkamlanib borayotgani xalqaro moliya muassasalari tomonidan ham alohida e’tirof etilmoqda. Milliy valutamiz – so‘m Xalqaro valuta jamg‘armasining Vashingtondagi bosh qarorgohida dunyodagi barcha pullar qatorida saqlanishi ana shu e’tirofning amaldagi tasdig‘idir. Nomlanishi ham, ko‘rinishi ham turlicha bo‘lgan pullarning orasida bizning so‘mimiz o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Uni ko‘rganimizda qalbimizda milliy g‘urur jo‘sh uradi. O‘zbekistonning farzandi ekanimizdan faxrlanamiz. Jurnalistlarning malaka oshirish loyihasi doirasida Yaponiyada bo‘lganimizda turli davlatlar vakillari o‘zlarining ko‘rgazmali chiqishlarini uyushtirdi. Unda qirqqa yaqin mamlakat yoshlari qatnashdi. Hamma o‘z yurtini nimasi bilandir tanishtirishga harakat qilardi. Kimdir suratlarini ko‘rsatsa, yana birov milliy kiyimlarini namoyish etdi. Mening navbatim kelganida, cho‘ntagimdan so‘mimizni chiqardim. Bunday taqdimotni kutmagan xorijliklar meni o‘rab olib, qo‘limdagi pullarni birma-bir tomosha qildi. Ularda aks ettirilgan faqat o‘zimizgagina xos bo‘lgan milliy naqshlar va suratlar yig‘ilganlarga O‘zbekiston haqida tasavvur berdi. Milliy valutamiz nafaqat mamlakatimiz iqtisodiy qudratining, balki xalqimiz ma’naviy, ma’rifiy va madaniy salohiyatining ko‘zgusidir. Unda yurtimizning boy tarixi va buyuk kelajagi o‘z aksini topgan. O‘zbek so‘mini qo‘liga olgan kishining qadim Samarqanddagi Registon maydoni, Tillakori, Sherdor madrasalari, Go‘ri Amir maqbarasi kabi tarixiy obidalar, Toshkentdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Davlat akademik katta teatri, «Istiqlol» san’at saroyi, Amir Temurning ulug‘vor haykali tasvirlariga ko‘zi tushadi. Bularning barchasi xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlod shuurida milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, ularni milliy istiqlol g‘oyalariga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tarixiy manbalarning guvohlik berishicha, so‘m haqidagi ilk ma’lumotlar X-XI asrlarga mansub bo‘lib, dunyodagi hech bir valutaning nomi bunchalik qadimiy emasdir. Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida keltirilishicha, “so‘m” so‘zi turkiycha “sof” ma’nosini bildiradi. (Masalan, “so‘m oltin”, “so‘m tanga” shaklida). Buyuk ipak yo‘lida savdo rivojlangan o‘rta asrlarda, ayniqsa, Amir Temur davrida u xalqaro ahamiyat kasb etgan. Uzoq yillar davomida muomalada bo‘lmagan, turli bosqinlar oqibatida unut bo‘layozgan bu muqaddas so‘z istiqlol sharofati bilan yana tilimizga qaytdi. Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan milliy valutamiz “so‘m” deb ataldi. Milliy pulimizning barqarorligini ta’minlash, to‘lov qobiliyatini oshirish maqsadida qator dasturlar ishlab chiqilib, hayotga izchil tatbiq etilmoqda. Butun dunyoda “o‘zbek modeli” deb e’tirof etilgan taraqqiyot yo‘lidan borib, faol investitsiya siyosatini yuritish va tarkibiy islohotlarni izchillik bilan o‘tkazishga ulkan e’tibor qaratilayotir. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturi mamlakatimiz moliyaviy-iqtisodiy, budjet, bank-kredit tizimining barqaror hamda uzluksiz ishlashini ta’minlash imkonini berdi. Mashinasozlik, gaz va neftni qayta ishlash sohalarida, kimyo sanoatida yangi ishlab chiqarish quvvatlari, jumladan, xorij sarmoyasi ishtirokidagi o‘nlab zamonaviy korxonalar ishga tushirildi. Transport va kommunikatsiya infrastrukturasini rivojlantirish borasida yirik loyihalar amalga oshirildi. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, o‘zimizda tayyorlangan mahsulotlarga ichki talabni rag‘batlantirish yuzasidan ko‘rilgan chora-tadbirlar pul-kredit siyosatining izchilligini, ichki bozordagi iste’mol mollari bilan naqd pul mutanosibligini ta’minlashda muhim o‘rin tutmoqda. Yangi ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadlarini oshirishga xizmat qilayotir. Mustaqilligimizning muhim ramzlaridan biri bo‘lgan milliy valutamiz mamlakatimiz iqtisodiy salohiyatining muhim belgisi, xalqimiz faxr-iftixorining timsolidir. O‘zA, Anvar Samadov

01.07.2011 10:03 da elon qilingan, 2390 marta korib chiqildi