Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Har qatrasi hisobda

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (53 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (53 KB)

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy sug‘orish mavsumida Amudaryo havzasida suv miqdori har yilgiga nisbatan birmuncha kam bo‘lishi kutilmoqda. – Qishloq xo‘jaligi sohasida to‘plangan ko‘p yillik tajriba asosida suv taqchilligi oqibatlarini yumshatish, uning oldini olish chora-tadbirlari ko‘rilmoqda, – deydi Quyi Amudaryo irrigatsiya tarmoqlari havzasi boshqarmasi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi O‘mirboy Oqnazarov. – Dehqonlarimiz mavjud ichki imkoniyatlarni ishga solish, kollektor-drenajlardan suv olish, suvni tejash texnologiyalaridan samarali foydalanish orqali yetishmaydigan suv miqdori o‘rnini to‘ldirishga harakat qilmoqdalar. Jumladan, 15 ming gektar yerdagi g‘o‘zani egat tashlab sug‘orish yo‘lga qo‘yilmoqda. Maydonlarni navbatma-navbat sug‘orish, suvchilar sonini oshirish, tungi sug‘orishni tashkil etish, mahalliy o‘g‘it aralashmasi – sharbat usulida sug‘orish orqali ham suvni tejashga erishilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida mavjud 861,8 kilometr magistral va 2 ming 747 kilometr xo‘jaliklararo kanallar hamda ularga o‘rnatilgan 260 gidrotexnik qurilma va 349 gidropostning samarali ishlashi ta’minlanayotir. Suvdan foydalanuvchilar uyushmalari tomonidan 18 ming 510 kilometr suv tarmoqlari, 5 ming 148 gidrotexnik qurilma va 3 mingdan ziyod gidropost yordamida fermer xo‘jaliklariga suvni to‘g‘ri taqsimlab, aniq yetkazib berish ishlari qat’iy nazoratga olingan. Suv taqchilligi oqibatlarini yumshatish maqsadida aprel-iyun oylariga mo‘ljallangan chora-tadbirlar to‘liq bajarildi. Xususan, 121 kilometr magistral va xo‘jaliklararo kanallar tozalanib, 32 gidrotexnik qurilma hamda 24 gidropost ta’mirlandi. Suvdan foydalanuvchilar tasarrufida bo‘lgan 436 kilometr sug‘orish tarmoqlari tozalanib, 79 gidrotexnik qurilma va 106 gidropost ta’mirdan chiqarilgani bugungi kunda o‘z samarasini bermoqda. Joriy yilda Qorao‘zak tumanidagi “Yesimo‘zak”, Chimboy tumanidagi “Kegayli” va Amudaryo tumanidagi “Mang‘itarna” kanallarini davlat budjeti mablag‘lari hisobidan rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda. Fermerlarga g‘o‘za qator oralarini bir marta oziqlantirish va ikki marta qondirib sug‘orish borasidagi Narpay tajribasi qo‘l kelmoqda. Bu usul mineral o‘g‘itlardan samarali foydalanish bilan birga, o‘simlikning chanqash muddatini uzaytirish hamda sug‘orishni 2 barobar kamaytirish imkonini beradi. Natijada sug‘orish uchun sarflanadigan suv miqdori ikki barobar tejaladi. Shu maqsadda suvdan foydalanuvchilar uyushmalari va fermer xo‘jaliklarida ekin maydonlarini sug‘orish ishlab chiqilgan qat’iy grafik asosida amalga oshirilmoqda. Suv resurslarini boshqarish, tejash va undan maqsadli foydalanishni tashkil etishga bag‘ishlab joylarda amaliy seminarlar o‘tkazildi. Shuningdek, 129 suvdan foydalanuvchilar uyushmasi hamda 2 ming 642 fermer xo‘jaligiga malakali mutaxassislar biriktirildi. Dehqon uchun muhim sinov – vegetatsiya davrida suvning har qatrasidan tejab-tergab foydalanilmoqda. Bu ko‘zlangan hosilni olishda muhim ahamiyatga ega. O‘zA, A.Ortiqboyev

07.07.2011 13:17 da elon qilingan, 2301 marta korib chiqildi