Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Ulkan zafar muborak!

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

Jamshid Norqobilov (O‘zA) olgan surat. Vatanimiz mustaqilligining 20 yilligini munosib kutib olishni maqsad qilgan g‘allakorlarimiz 6 million 800 ming tonnalik ulkan xirmon bunyod etib, yillik shartnoma majburiyatini ortig‘i bilan bajardilar. Istiqlol yillarida mamlakatimizda g‘alla yetishtirish bo‘yicha boy tajriba to‘planib, g‘alla xirmoni yil sayin yuksalib borayotir. Zamonaviy agrotexnologiyalarni puxta o‘zlashtirgan dehqon va fermerlarimizning peshona teri, zahmatli mehnati evaziga uyulgan bu xirmon – yurtimizdagi to‘kinlik va farovonlik manbaidir. Bu ne’matning mo‘l-ko‘l bo‘lishida Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida qishloq xo‘jaligida iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, xususan, g‘allachilikni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar muhim omil bo‘layotir. Joriy yil fermer va dehqonlarimiz erishgan bu yuksak marra ham yurtdoshlarimiz ko‘nglida ertangi kunga ishonch tuyg‘usini yanada mustahkamlab, g‘allachilik sohasida erishilayotgan muvaffaqiyatlarning salmog‘ini namoyon etmoqda. 90-yillarda atigi 900 ming tonnadan ko‘proq g‘alla yetishtirib, chetdan 4 million tonnagacha don olib kelgan O‘zbekiston allaqachon g‘alla eksport qiluvchi davlatlar safidan joy oldi. Bularning barchasi iqtisodiy, siyosiy-strategik ahamiyat kasb etib, ko‘nglimizni faxr-iftixorga to‘ldirmoqda. O‘zbekiston Qishloq va suv xo‘jaligi vazirligidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ekish mavsumining uyushqoqlik bilan tashkil etilgani, agrar tarmoqqa zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, urug‘chilik ishlarini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, zararkunandalarga qarshi kurashish bilan bog‘liq chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilgani ham hosildorlik yuqori bo‘lishini ta’minladi. Olimlarimiz tomonidan serhosil, kasalliklarga chidamli navlarni yaratish doimiy e’tiborda. Jumladan, dehqonlarimiz joriy yilda g‘allaning serhosil, ertapishar “Chillaki”, “Jayhun”, “Bobur”, “Do‘stlik”, “Andijon-1”, “Andijon-2”, “Andijon-4” kabi o‘ndan ziyod istiqbolli navlaridan mo‘l hosil oldilar. Har bir yil, har bir mavsum dehqonni qayta-qayta sinovdan o‘tkazadi. Rizq-ro‘zimiz bo‘lgan don ekinlarini o‘stirish, tabiiy ofat va ob-havo injiqliklaridan asrash va himoya qilish, ularni parvarishlashda har mavsumda uchraydigan qiyinchiliklarni yengib o‘tish, pishib yetilgan hosilni nobud qilmasdan yig‘ib-terib olish, xirmonga va iste’molchilarga yetkazib berish – bularning barchasi g‘allakorlardan sabot va iroda talab etadi. Keyingi yillarda jahon miqyosida g‘allachilik sohasi katta qiyinchilik va muammolarga duchor bo‘layotgani, don mahsulotlariga bo‘lgan talab tobora ortib borayotgani sir emas. Ana shunday sharoitda g‘allakorlarimiz erishgan bu yutuqning miqyosi va salmog‘i yanada yorqinroq ayon bo‘ladi. Bu ulkan yutuqqa munosib hissa qo‘shgan Andijon, Buxoro, Farg‘ona, Samarqand, Toshkent viloyatlarida hosildorlik gektar boshiga o‘rtacha 53-64 sentnerni tashkil etganini alohida ta’kidlash lozim. Fermer xo‘jaliklari maydonlarini optimallashtirish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, g‘alla navlarini har bir hududning tuproq va iqlim sharoitiga, suv bilan ta’minlanish darajasiga qarab joylashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarning amalga oshirilgani hamda mineral o‘g‘itlar, sifatli urug‘lik, yoqilg‘i-moylash materiallarining fermer xo‘jaliklariga o‘z vaqtida yetkazib berilgani g‘allachilik istiqbollarida muhim o‘rin tutmoqda. Dehqon va fermerlarimizda manfaatdorlik tuyg‘usi, daxldorlik hissi kuchayib bormoqda. Bu yil ham yetishtirilgan hosilning asosiy qismi fermerlar ulushiga to‘g‘ri keldi. Jumladan, Sariosiyo tumanidagi “Hayitali Boymuhammedov”, G‘ijduvon tumanidagi “Marjona Fayz”, Baliqchi tumanidagi “Obidjon ota”, Zangiota tumanidagi “Shuhrat Ziyo”, Uchko‘prik tumanidagi “Hakimboy”, Xatirchi tumanidagi “Bahriddin ota” kabi fermer xo‘jaliklari har gektar yerdan 70-80 sentnerdan oshirib don yetishtirdi. Shartnoma majburiyati bajarilgan bo‘lsa-da, dalalarda hali hosil ko‘p. Ularni nest-nobud qilmay yig‘ib olib, g‘alladan bo‘shagan maydonlarda somonni yig‘ishtirish va peshma-pesh shudgorlash tadbirlari amalga oshirilmoqda. Vatanimizning ulug‘ to‘yiga – mustaqilligimizning 20 yillik bayramiga munosib to‘yona tayyorlagan fidoyi dehqonlarimiz jasorati va matonatiga har qancha tahsinlar aytsak arziydi. Ulkan zafar muborak bo‘lsin, aziz bobodehqonlar! O‘zA

22.07.2011 11:56 da elon qilingan, 2179 marta korib chiqildi