Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

O‘zbekiston Respublikasini 2011 yilning birinchi yarmida ijtimoi-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari to‘g‘risida

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (76 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (76 KB)

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tomonidan belgilab berilgan 2011 yilda iqtisodiyotni isloh qilish jarayonlarini chuqurlashtirish va mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha kompleks dasturlar hamda eng muhim ustuvor yo‘nalishlarni amalga oshirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar, shuningdek, 2009-2012 yillarga mo‘ljallab qabul qilingan Inqirozga qarshi choralar dasturini bajarishni davom ettirish natijasida joriy yilning birinchi yarmida mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga oid asosiy ko‘rsatkichlarning ijobiy o‘sish sur’atlari saqlab qolindi. I. Asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar 2011 yilning birinchi yarmida tarkibiy tub o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash jarayonlarini davom ettirish yalpi ichki mahsulotni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 foizga oshirishni ta’minladi. Bunda sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish hajmi 6,8 foiz, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 6,7 foiz, investitsiyalar 4,4 foiz, chakana savdo aylanmasi 14,6 foiz, aholiga pullik xizmatlar ko‘rsatish 14 foizga o‘sdi. Eksport hajmi 18,7 foizga oshdi, tashqi savdo balansining ijobiy saldosi 2,4 milliard dollardan ortdi. Davlat budjeti yalpi ichki mahsulotga nisbatan 0,4 foizdan oshiq profitsit bilan bajarildi. Inflatsiya darajasi 3,6 foizni tashkil etdi. 2011 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy ko‘rsatkichlari (2010 yilning shu davriga nisbatan foiz hisobida)
Ko‘rsatkichlar O‘sish sur’atlari
Yalpi ichki mahsulot 108,0
Sanoat mahsulotlari hajmi 106,8
Iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish 112,3
Qishloq xo‘jalik mahsulotlari 106,7
Chakana savdo aylanmasi 114,6
Pullik xizmatlar 114,0
Eksport 118,7
II. Tarkibiy tub o‘zgarishlar, yuqori texnologik zamonaviy tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni rivojlantirish Jahon bozorlarida O‘zbekistonning raqobatbardoshligini oshirish va mavqeini mustahkamlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish davomida joriy yilning birinchi yarmida yuqori texnologik tarmoqlar va ishlab chiqarishlarni rivojlantirishda yuqori faollik qayd etildi va bu sanoat ishlab chiqarishining o‘sishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, hisobot davrida kimyo va neft-kimyo sanoati (112,2 foiz), mashinasozlik va metalni qayta ishlash sanoati (111,1 foiz), oziq-ovqat sanoati (113,8 foiz) va qora metallurgiya sanoati (105,7 foiz) jadal rivojlandi. 2011-2015 yillarda O‘zbekiston Respublikasi sanoatini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risidagi dastur doirasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yengil avtomobillar, g‘alla o‘rish mashinalari, kompressorlar, kuchlanish transformatorlari, akkumulatorlar, yuqori voltli elektr apparatlar, kabel-o‘tkazgich mahsulotlar, dorivor vositalar kabi va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarishni sezilarli ko‘paytirish imkonini berdi. Hisobot davrida Respublika Innovatsiya g‘oyalari, texnologiyalari va loyihalari yarmarkasida tuzilgan shartnomalar doirasida ishlab chiqarishga 64 yangi texnologiya joriy etildi, 13 turdagi yangi mahsulotni tizimli ishlab chiqarish tashkil qilindi, 11 turdagi sanoat mahsuloti namunalari va 40 turdagi tajriba-sinov namunalari ishlab chiqarildi. Ushbu choralar natijasida innovatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda qiymati 157,5 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi va xizmat ko‘rsatildi. Joriy yilning birinchi yarmida hududlar sanoat salohiyatini oshirish va asosiy turdagi iste’mol tovarlarini ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shimcha quvvatlarni ishga tushirish dasturlari doirasida oziq-ovqat hamda nooziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha 509 loyiha amalga oshirildi. Hisobot davrida tijorat banklari tomonidan iste’mol tovarlari ishlab chiqaradigan korxonalarga texnologik asbob-uskunalar, xomashyo va materiallar sotib olish uchun ajratilgan kreditlar hajmi 821,2 milliard so‘mni tashkil qildi. Bu borada ko‘rilgan chora-tadbirlar shu yilning birinchi yarmida iste’mol tovarlari ishlab chiqarish hajmini 12,3 foiz, jumladan, oziq-ovqat mahsulotlari 13,7 foiz va nooziq-ovqat mahsulotlari hajmini 11,1 foizga oshirishni ta’minladi. Iste’mol tovarlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonalarda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmi 4,2 foiz, sintetik kir yuvish vositalari 2,5 barobar, bolalar velosipedlari 2 barobar, elektr dazmollar 44,4 foiz, trikotaj buyumlar 28,1 foiz, paypoq buyumlari 6,2 barobar, dorivor vositalar 1,6 barobar, o‘quvchi daftarlari 3 barobar, un 1,5 barobar, yorma 4,6 barobar, margarin mahsulotlari 2 barobar, shakar 15 foiz, o‘simlik yog‘i 12,6 foiz, xo‘jalik sovuni 10,2 foiz va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi oshdi. Mamlakatimiz korxonalarida ishlab chiqarilgan tovarlar va xizmatlar turlarini, avvalo, yuqori qo‘shimcha qiymatga ega raqobatbardosh tovarlar ishlab chiqarishni rivojlantirish hisobidan kengaytirish hamda eksport hajmini ko‘paytirishga doir ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida joriy yilning birinchi yarmida eksport hajmi 18,7 foizga o‘sdi va 7,2 milliard dollarni tashkil etdi. Asosiy turdagi eksport qilinadigan tovarlar bo‘yicha hisobot davrida oziq-ovqat mahsulotlari (158,7 foiz), kimyo mahsulotlari (133,1 foiz), qora va rangli metallar (136 foiz), mashinalar va uskunalar (178,3 foiz), xizmatlar (128,5 foiz) eksportining yuqori sur’atda o‘sishi ta’minlandi. Suprefos, ammofos, texnika moylari, avtobuslar, akkumulatorlar, qora va rangli metallar, to‘qimachilik mahsulotlari va boshqa tayyor mahsulotlar eksportining hajmlari oshdi, shuningdek, konsentratsiyalanmagan azot kislotasi, sirka atsetaldegid, kaliy o‘g‘itlari, jez prokati, selen va tillur, mis shinalari, yangi turdagi to‘qimachilik mahsulotlari, bolalar o‘yinchoqlari, bazalt tolasidan tayyorlangan matlar kabi 30 turdagi yangi mahsulotlar eksport qilindi. Xo‘jalik subyektlarining moddiy-xomashyo resurslardan foydalanishi uchun qulay bozor sharoitlarini shakllantirish bo‘yicha ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2011 yilning birinchi yarmida O‘zbekiston Tovar-xomashyo birjasida birja va ko‘rgazma-yarmarka savdolari hajmi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 1,6 barobar o‘sdi hamda 2,4 trillion so‘mdan oshdi. Yuqori likvidli tovarlar, shu jumladan, metall ruxi (2 barobar), rangli metall quymalari (4 barobar), mineral o‘g‘itlar (2,3 barobar), texnik oltingugurt (30 barobar), paxta linti (2 barobar), ko‘mir (1,7 barobar), ikkilamchi aluminiy (35,7 foiz), mis mahsulotlari (32,1 foiz), polietilen (30 foiz), qora metall prokati (26,6 foiz) va boshqa mahsulotlarni birja savdolari orqali sotish hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan salmoqli oshdi. Valuta savdo maydonida qiymati 100 million dollardan ortiq bitimlar amalga oshirildi va eksport hajmi 2010 yilning shu davriga qaraganda 1,5 barobarga o‘sdi. Raqobat muhitini, jumladan, kichik biznes sohasida yangi ishlab chiqarishlarni tashkil etishni rag‘batlantirish orqali rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar xo‘jalik subyektlari umumiy sonida monopolist korxonalar ulushini 2010 yilning birinchi yarmidagi 0,43 foizdan 0,37 foizgacha kamaytirish imkonini berdi. 2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va uning barqarorligini oshirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar dasturining bajarilishi natijasida hisobot davrida bank sektori faoliyatining asosiy ko‘rsatkichlarini sifat jihatdan o‘zgartirishning ijobiy tendensiyalari kuzatildi. Bank tizimining jami kapitali joriy yil birinchi yarmining oxirida 2010 yilning shu davriga nisbatan 36,6 foiz, bankka jalb qilingan mijozlarning depozitlari hajmi 52,3 foiz, aholining kredit tashkilotlaridagi mablag‘lari 1,5 barobarga ko‘paydi. Kredit tashkilotlarida aholi depozitlari umumiy miqdorida muddatli va jamg‘arma omonatlarining ulushi 86,3 foizni tashkil etdi, banklarning jami aktivlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,4 foizga oshdi. Banklar resurs bazasini yanada ko‘payishi iqtisodiyot real sektori korxonalariga kredit ajratish hajmini sezilarli darajada oshirish imkonini berdi. Banklarning real sektorga yo‘naltirilgan kredit qo‘yilmalari qoldiqlari 38,2 foizga o‘sdi. Bunda uzoq muddatli kredit qo‘yilmalari hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 38,4 foizga o‘sdi. Hisobot davrida ishlab chiqarishlarni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash uchun tijorat banklari tomonidan 2,2 trillion so‘m yoki 2010 yilning shu davriga qaraganda 34 foiz ko‘p investitsiya kreditlari ajratildi. Tijorat banklari tomonidan ayrim korxonalarning ishlab chiqarish faoliyatini qayta tiklash bo‘yicha ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bilan bir paytning o‘zida kredit portfeli sifatini oshirishga doir chora-tadbirlarning amalga oshirilishi tijorat banklari jami kredit portfelida muammoli kreditlar ulushini 2010 yilning birinchi yarmidagi 1,5 foizdan hisobot davrida 0,9 foizga pasaytirish, shuningdek, ro‘yxatga olingan korxonalar umumiy sonida bankrot korxonalar ulushini 0,74 foizdan 0,53 foizga kamaytirish imkonini berdi. Naqd pulsiz hisob-kitoblar tizimini yanada rivojlantirish va bankdan tashqari mablag‘ aylanmasini kamaytirish maqsadida muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar soni 8 million donaga, o‘rnatilgan terminallar soni esa 88,5 mingtaga yetdi. Buning natijasida plastik kartochkalar orqali naqd pulsiz to‘lovlar hajmi 2010 yilning shu davriga nisbatan 1,9 baravar oshdi. III. Ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, texnik va texnologik qayta jihozlash, iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini jadal yangilash Joriy yilning birinchi yarmida iqtisodiyotda o‘zlashtirilgan investitsiyalarning umumiy hajmi 8254,6 milliard so‘mni tashkil qildi va solishtirma narxlarda 4,4 foizga oshdi. O‘zbekiston Tiklanish va taraqqiyot fondi kreditlari hisobidan o‘zlashtirilgan kapital qo‘yilmalar hajmi 2010 yilning shu davriga qaraganda 3,6 barobar, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 78,2 foiz, hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar hisobidan 76 foiz, tijorat banklari kreditlari hisobidan 80,5 foiz va aholi mablag‘lari hisobidan 37,3 foizga o‘sdi. 2011 yilning yanvar-июнь oylarida respublikamizda 558 yangi ishlab chiqarish obyekti foydalanishga topshirildi. Shu jumladan, oziq-ovqat sanoatida 195, qurilish materiallari ishlab chiqarish sanoatida 155, yengil sanoatda 129, yog‘ochni qayta ishlash sanoatida 19, mashinasozlik sanoatida 6, kimyo sanoatida 4 va boshqa obyektlar ishga tushirildi. Shu yilning birinchi yarmi yakunlari bo‘yicha “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasida faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar tomonidan umumiy qiymati 9,6 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarildi. 6 ta yangi loyiha bo‘yicha qurilish-montaj ishlari yakunlandi va texnologik uskunalar yetkazib berish va montaj qilish davom ettirilmoqda. Hisobot davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash dasturi doirasida umumiy uzunligi 7,1 ming kilometrlik xo‘jaliklararo va xo‘jaliklar ichidagi kollektor-drenaj tarmog‘ini tozalash bo‘yicha ta’mirlash-qayta tiklash ishlari bajarildi. Shuningdek, uzunligi 396,1 kilometrlik yopiq gorizontal drenaj tarmog‘ida, 9 melioratsiya nasos stansiyasi, 379 sug‘orish quduqlari va boshqa melioratsiya obyektlarida qayta tiklash ishlari o‘tkazildi. Qishloq xo‘jalik tarmoqlarini texnik va texnologik yangilash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar davomida 2011 yilning birinchi yarmida 71,6 gektar maydonda 187 ta issiqxona tashkil qilindi, qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha mini-texnologiyalar va ixcham uskunalar xarid qilish uchun kichik biznes subyektlari, fermer xo‘jaliklari hamda agrofirmalarga 3,9 milliard so‘mlik kreditlar taqdim etildi, qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining ehtiyojlarini ta’minlashni yaxshilash uchun lizing asosida TTZ traktorlari va boshqa texnika yetkazib berildi. Bundan tashqari, meva-sabzavot mahsulotlarini saqlash bo‘yicha qishloq xo‘jalik korxonalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash maqsadida 9,9 ming tonna sig‘imga ega 11 ta yangi meva-sabzavot ombori va sovutish kameralari ishga tushirildi. Shu yilning birinchi yarmida 1675,1 ming tonna sabzavot (o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 114,4 foiz), 874,8 ming tonna kartoshka (112,3 foiz), 107,8 ming tonna poliz ekinlari (112,4 foiz), 582,3 ming tonna meva (112,2 foiz), 15,7 ming tonna uzum (114,7 foiz) yetishtirildi. 313,7 ming tonna meva-sabzavot eksport qilindi (2010 yilning shu davriga qaraganda 132,9 foiz ko‘p). Hisobot davrida hududiy dasturlar doirasida chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 9,9 ming bosh qoramol parvarish qilish bo‘yicha 313 ta chorvachilik, 2,2 million tovuq parvarish qilish bo‘yicha 549 ta parrandachilik, 2341 gektar sun’iy suv havzasida 514 ta baliqchilik xo‘jaligi tashkil etildi. Tijorat banklari shaxsiy yordamchi, dehqon va fermer xo‘jaliklariga chorva mollar, shu jumladan, nasldor mollar sotib olish uchun qiymati 29,7 milliard so‘mlik kredit mablag‘lari ajratdi. Natijada qoramollar umumiy soni 9211,4 ming boshga yetdi yoki 2010 yilning shu davriga nisbatan 6,3 foizga ko‘paydi. Joriy yilning birinchi yarmida 727,1 ming tonna go‘sht (2010 yilning shu davriga qaraganda 106,8 foiz), 3007,9 ming tonna sut (107 foiz), 1658,4 million dona tuxum (116 foiz) yetishtirildi. Hisobot davrida qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlash bo‘yicha 85 korxona modernizatsiya qilindi va yangi tashkil etildi. Jumladan, 3 ming tonnadan ziyod go‘shtni qayta ishlaydigan 20 korxona, 12,9 ming tonna sutni qayta ishlaydigan 27 korxona, 9,3 ming tonna meva-sabzavotni qayta ishlaydigan 14 korxona, shuningdek, sut qabul qiladigan 24 servis punktlari tashkil etildi. Xizmat ko‘rsatish va servis sohasida infratuzilmani rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida ko‘rsatilgan xizmatlar hajmi 12,6 foizga oshdi. Xususan, mobil aloqa, internet aloqa xizmatlaridan foydalanuvchi abonentlar sonining ko‘payishi va ATSlarni raqamlashtirish darajasining oshishi natijasida aloqa hamda axborotlashtirish xizmatlari 41,2 foizga o‘sdi. Mikro va iste’mol kreditlarini rivojlantirish, to‘lov tizimini takomillashtirish, shuningdek, moliya infratuzilmasi institutlarini rivojlantirishga doir amalga oshirilgan chora-tadbirlar moliya xizmatlari hajmini 24 foizga ko‘paytirish imkonini berdi. 3 mingdan ortiq chakana savdo va umumiy ovqatlanish korxonalarining foydalanishga topshirilishi savdo hamda ovqatlanish xizmatlarini 18,1 foiz oshirish imkonini berdi. Texnika, avtomobillarni ta’mirlash bo‘yicha servis punktlaridan samarali foydalanish, shuningdek, gaz ballon uskunasini o‘rnatish xizmatlarining kengayishi avtomobillar va boshqa texnikani ta’mirlash xizmatlarini 18,8 foizga oshirishni ta’minladi. 742 maishiy xizmat ko‘rsatish obyektining tashkil etilishi esa maishiy xizmatlar ko‘rsatish hajmini 18,6 foizga ko‘paytirish imkonini berdi. Qishloq joylarda, jumladan, 2063 ta chakana savdo obyekti, 197 ta umumiy ovqatlanish obyekti va 742 ta maishiy xizmat ko‘rsatish korxonasining ishga tushirilishi tufayli ko‘rsatilayotgan xizmatlar ham jadal rivojlanmoqda. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2011 yilning birinchi yarmida yalpi ichki mahsulotda xizmat ko‘rsatish sohasining ulushi 48,3 foizgacha o‘sdi (2010 yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich 47,1 foiz edi). IV. Infratuzilma, transport va kommunikatsiya qurilishini kompleks va jadal rivojlantirish 2011 yilning birinchi yarmida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega umumfoydalanish avtomobil yo‘llarini qurish va rekonstruksiya qilish, jumladan, O‘zbekiston milliy avtomagistrali uchastkalarini qurish obyektlarida 156 kilometr avtomobil yo‘liga asfalt-beton qoplamasini yotqizish ishlari bajarildi. Shundan A-380 “G‘uzor-Nukus-Qo‘ng‘irot-Beynov” avtomobil yo‘lining 70 kilometri va A-373 “Toshkent-O‘sh” yo‘lining 22 kilometrida ishlar yakunlandi. O‘zbekiston milliy avtomagistrali yoqasi bo‘ylab yo‘l infratuzilmasi va servis xizmatlarini rivojlantirish bo‘yicha maqsadli parametrlarga muvofiq, hisobot davrida yo‘l yoqasida 8 ta infratuzilma va xizmat ko‘rsatish obyekti qurildi va foydalanishga topshirildi. “2011-2015 yillarda infratuzilmani, transport va kommunikatsiya qurilishini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida”gi dastur doirasida hisobot davrida qiymati 104,3 million dollarga teng kapital qo‘yilmalar o‘zlashtirildi. 33 kilometrlik temir yo‘l qayta qurildi, 127 ta yuk va 5 ta yo‘lovchi tashuvchi vagon tayyorlandi, “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi havo kemalari parkini yangilash va unifikatsiya qilish ishlari amalga oshirilmoqda. “Navoiy” intermodal logistika markazi orqali 24,6 ming tonna, “Angren” logistika markazi orqali 2,6 million tonna yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘p yuk tashildi. Amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 2010 yilning shu davriga qaraganda yuk va yo‘lovchi tashish tegishli ravishda 9,2 va 5,4 foizga oshdi. Qishloq joylarda turar joy qurilishini rivojlantirish dasturi doirasida namunaviy loyihalar bo‘yicha umumiy maydoni 326,2 ming kvadrat metr 2260 ta yakka tartibdagi uy-joy foydalanishga topshirildi. Turar joy qurilishi uchun resurs bazasini kengaytirish maqsadida shu yilning yanvar-iyun oylarida turli tom yopish materiallari, shifer, yog‘och-tolali plitalar, noruda va boshqa materiallar ishlab chiqaradigan 126 yangi korxona ishga tushirildi. Bundan tashqari, devorbop materiallar ishlab chiqarishni ko‘paytirish va ularning sifatini yaxshilash chora-tadbirlarini amalga oshirish doirasida joriy yilning birinchi yarmida yiliga 88,2 million dona g‘isht ishlab chiqarish quvvatiga ega 23 yangi g‘isht zavodi foydalanishga topshirildi, pishiq g‘isht ishlab chiqaradigan 16 korxona modernizatsiya qilindi. Turar joy qurilishini rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlarning qabul qilinishi natijasida shu yilning birinchi yarmida barcha manbalar hisobidan 4823,9 ming kvadrat metr, shu jumladan, qishloq joylarda 3723 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi. 1335,4 kilometr suv quvurlari, jumladan, qishloq joylarda 1196,7 kilometr suv tarmog‘i ishga tushirildi. V. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, qulay tadbirkorlik muhitini yaratish Joriy yilning o‘tgan davrida “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturi ijrosini ta’minlash doirasida kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qulay shart-sharoit va tadbirkorlik muhitini yaratishga qaratilgan me’yoriy-huquqiy hamda tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Davlat dasturini bajarish doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasining tekshiruvlarni keskin kamaytirish, tadbirkorlik subyektlari faoliyati ustidan nazoratni tashkil etish tizimini soddalashtirish, davlat xaridlari tizimini optimallashtirish va ularga kichik biznes subyektlarini jalb qilishni, tijorat banklarining imtiyozli kreditlar ajratishini kengaytirish, tadbirkorlik subyektlarini tashkil etish va davlat ro‘yxatiga olish tartibini yanada soddalashtirish, yer uchastkalariga yangi tashkil etilayotgan ishlab chiqarishlarni joylashtirish uchun ulardan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, kichik biznes hamda xususiy tadbirkorlik subyektlari uchun ayrim davlat bojlari stavkalarini kamaytirishga doir 12 ta qarori qabul qilindi. Qulay biznes muhitini yaratish, xususiy mulk ustuvorligini mustahkamlash, unga ishonchli kafolatlarni ta’minlash, ruxsat etuvchi va cheklovchi turli normalarni qisqartirishga yo‘naltirilgan qonunchilikni yanada takomillashtirish maqsadida 5 qonun loyihasi tayyorlanib, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga taqdim etildi. Tasdiqlangan chora-tadbirlarning bajarilishi natijasida soliq organlari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishlar soni 2010 yilning shu davriga qaraganda 21 foizga kamaydi. Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatiga olish uchun davlat bojlari stavkasi 2 barobarga pasaytirildi, firma nomini internet tarmog‘i orqali zaxira qilib qo‘yish tizimini joriy etgan holda tadbirkorlik faoliyatini ro‘yxatga olish tartiblari soddalashtirildi. Joriy yilning birinchi yarmida tijorat banklari tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlariga ajratilgan kreditlar hajmi 2049,2 milliard so‘m yoki o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 barobar ko‘p, jumladan, mikrokreditlar hajmi 399,6 milliard so‘mni yoki o‘sishi 1,5 barobarni tashkil qildi. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarining xomashyo resurslaridan foydalanishini kengaytirish chora-tadbirlari kichik biznes subyektlarining o‘z ishlab chiqarish faoliyatini ta’minlash uchun birja savdolarida xarid qilgan tovarlar hajmini 1,4 barobarga oshirish imkonini berdi. Shu bilan birga, kichik biznes subyektlarining o‘zlari ishlab chiqargan tovarlarni birja savdolari orqali sotishi 1,5 baravarga ko‘paydi. 2011 yilning 1 aprelidan joriy etilgan davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha yangi tartib doirasida shu yilning ikkinchi choragida kichik biznes subyektlaridan qilingan davlat xaridlari hajmi 44,6 milliard so‘mga yetdi yoki elektron savdolar orqali amalga oshiriladigan davlat xaridlari umumiy hajmining 89 foizini tashkil etdi. 2011 yilning birinchi yarmida 22,8 mingta yangi kichik biznes subyekti ro‘yxatga olindi, 524 ta kichik biznes ishlab chiqarish obyekti, shu jumladan, yengil sanoatda 112, qurilish materiallari sanoatida 147, oziq-ovqat sanoatida 190, yog‘ochni qayta ishlash sohasida 19 va boshqa korxonalar foydalanishga topshirildi. Kichik biznesning 954,3 million dollarlik mahsulotlari eksport qilindi. Kichik biznes subyektlarining 65,8 million dollarlik mahsuloti tashqi savdo kompaniyalari ko‘magida eksportga yo‘naltirildi. Joriy yilning birinchi yarmida kichik biznesning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi 42,2 foiz (2010 yilning birinchi yarmida 41,1 foiz), sanoatda 18,6 foiz (16,7 foiz), eksportda 13,2 foiz (10,8 foiz), bandlikda 74,5 foizni (73,5 foiz) tashkil etdi. Kichik biznes sohasida sanoat ishlab chiqarishi hajmlari 120,4 foizni tashkil etdi. VI. Ijtimoiy rivojlanish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ta’lim va sog‘liqni saqlash sohasining moddiy-texnik bazasini va jihozlanishini mustahkamlash Joriy yilning birinchi yarmida hududiy dasturlarga muvofiq 520,2 ming yangi ish o‘rni, shundan 67,8 foizi qishloq joylarda tashkil etildi. Ish o‘rinlarining katta qismi – 331,2 mingtasi kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, jumladan, 131,8 mingtasi xizmat ko‘rsatish va servis sohasida tashkil qilindi. Kasanachilikning turli shakllarini kengaytirishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobidan esa 125,5 ming ish o‘rni yaratildi. Natijada joriy yilning birinchi yarmida nodavlat sektorda band bo‘lganlar ulushi ish bilan band aholi umumiy sonining 78,1 foizini tashkil qildi. 2010 yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 77,1 foiz edi. O‘rtacha ish haqi va pensiyalarning barqaror o‘sishi saqlab qolindi hamda o‘tgan yilning birinchi yarmiga nisbatan tegishli ravishda 28,1 va 24,5 foizga oshdi. Joriy yilning birinchi yarmida oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ta’lim standartlari hamda dasturlarini ishlab chiqish va joriy etish, shuningdek, iqtisodiyot tarmoqlarining turli soha va bilim darajasiga ega kadrlarga bo‘lgan ehtiyojini ta’minlash uchun ularda kadrlarni sifatli tayyorlash ishlari davom ettirildi. Hisobot davrida 3295 o‘quvchiga mo‘ljallangan 16 umumta’lim maktabi qurildi va rekonstruksiya qilindi. 40 dan oshiq o‘quv-laboratoriya binolari va yotoqxonalar kapital ta’mirlandi. 2011 yilning birinchi yarmida islohotlarni amalga oshirish, sog‘liqni saqlash tizimini optimallashtirish va qayta tashkil etish, ushbu soha muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiyot xodimlarini tayyorlash hamda qayta tayyorlashni takomillashtirishga oid izchil ishlar davom ettirildi. O‘tgan davr mobaynida 20 turdagi yangi dorivor vositalar o‘zlashtirildi va ishlab chiqarishga joriy etildi, farmatsevtika va dorivor preparatlarni ishlab chiqarish umumiy hajmi o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 1,5 barobarga oshdi. Ta’kidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimovning parlament palatalarining 2010 yil noyabrda bo‘lib o‘tgan qo‘shma majlisidagi ma’ruzasida bayon etilgan Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirish konsepsiyasining ijrosini izchillik bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasini 2011 yilning birinchi yarmida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim omil bo‘ldi. O‘zbekiston Respublikasining dunyoning rivojlangan demokratik davlatlari qatoriga qo‘shilishi hamda jahon iqtisodiy hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minlashga qaratilgan strategik iqtisodiy yo‘nalishlarni va ijtimoiy islohotlarni to‘liq hamda o‘z vaqtida bajarish yaqin istiqboldagi o‘ta muhim vazifa bo‘lib qoladi. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi

09.08.2011 10:36 da elon qilingan, 1836 marta korib chiqildi