Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Nodavlat notijorat tashkilotlarga grantlar topshirildi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

O‘zbekistonda demokratik qadriyatlarni mustahkamlash, aholining siyosiy va fuqarolik faolligini oshirish, amalga oshirilayotgan demokratik tub o‘zgarishlarni kengaytirish hamda chuqurlashtirishda fuqarolik jamiyati institutlarining o‘rni va ahamiyati yildan-yilga ortib bormoqda. Bu jarayonlarda kuchli fuqarolik jamiyatini qurishda o‘ziga xos yetakchilik vazifasini o‘taydigan nodavlat notijorat tashkilotlar alohida o‘rin tutmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2011 yilda e’lon qilingan grantlar bo‘yicha ikkita tanlov g‘oliblariga sertifikatlarni topshirish marosimida shu haqda so‘z yuritildi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari vakillari, mamlakatimiz parlamenti deputatlari va senatorlari, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi mablag‘larini boshqarish bo‘yicha Parlament komissiyasi raisi A.Saidov, Oliy Majlis Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi S.Ortiqova va boshqalar mamlakatimizda nodavlat notijorat tashkilotlarining (NNT) faoliyat yuritishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor berilayotganini, bugungi kunda ularning soni 1,5 mingdan oshganini ta’kidladilar. Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan 2009 yil 1 iyundan buyon o‘tkazib kelinayotgan respublika grant tanlovlari bunga yorqin misol bo‘la oladi. Joriy yil may oyida joylarda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muhim loyihalarni aniqlash, shuningdek, sog‘liqni saqlash, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi davlat dasturlarini, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega muammolarni hal etishda nodavlat notijorat tashkilotlarining faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan navbatdagi tanlov bosqichlari e’lon qilingan edi. Tadbirda ularda ishtirok etish uchun nodavlat notijorat tashkilotlarining 392 ta sotsial va ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalari kelib tushgani ta’kidlandi. Ularning 218 tasi birinchi va 174 tasi ikkinchi tanlov bo‘yicha taqdim etilgan. Samarqand, Toshkent, Farg‘ona, Namangan, Andijon viloyatlari va Toshkent shahridagi jamoat tashkilotlari eng faol ishtirokchilar sifatida qayd etildi. Bu borada Parlament komissiyasi qaroriga ko‘ra, respublikamizning barcha hududlaridagi nodavlat notijorat tashkilotlarining 80 ta sotsial ahamiyatga ega loyihalari tanlab olindi va ularga 1,148 milliard so‘m ajratildi. Jumladan, birinchi loyiha bo‘yicha 45, ikkinchi loyiha bo‘yicha 35 nodavlat notijorat tashkilotlari g‘olib deb topildi. Tadbirda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi 26 nodavlat notijorat tashkilotlari umumiy miqdori 371,2 million so‘mlik grantlarni oldi. Ular orasida «Kelajak ovozi» yoshlar tashabbuslari markazi qoshidagi yoshlarni ishga joylashtirishga ko‘maklashish markazi, «Nihol» tashabbuslarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash markazlari, «O‘zbekiston agro maslahat innovatsiya markazi» nodavlat notijorat tashkiloti, Toshkent viloyati «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar uyushmasi, O‘zbekiston nogiron ishbilarmon ayollar milliy uyushmasi, «Armon» ekologik huquq ayollar markazi va boshqa ko‘plab tashkilotlar bor. – Ohangaron tumanida xususiy tadbirkorlik va fermerlik sohasida 500 nafardan ortiq xotin-qiz ish bilan band, – deydi Toshkent viloyati «Tadbirkor ayol» ishbilarmon ayollar uyushmasi raisi Gulchehra Po‘latova. – Ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, huquqiy yordam ko‘rsatish, bilimlarini oshirish, ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish maqsadida maslahat markazini tashkil etish bo‘yicha loyiha ishlab chiqdik. Loyihamiz Jamoat fondi tomonidan qo‘llab-quvvatlandi va ajratilgan grant markazni barcha zarur uskuna hamda adabiyotlar bilan ta’minlash imkonini beradi. O‘zA, S.Tojiyev

23.08.2011 10:54 da elon qilingan, 2304 marta korib chiqildi