Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Paxta seleksiyasida yangi sifat mezonlari

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (55 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (55 KB)

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida paxtachilikni tubdan takomillashtirish, yangi g‘o‘za navlarini yaratishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida dehqonlarimiz yetishtirgan qimmatbaho sanoat xomashyosining jahon bozoridagi qadri tobora oshmoqda. Har yili an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasida ham bu jihatlar o‘z ifodasini topayotir. Istiqlol yillarida mamlakatimizda paxta yetishtirish va uni qayta ishlashga yondashuv butunlay o‘zgardi. Tarmoqdagi yutuqlar hosil sifati va dehqonlarimiz olayotgan sof foyda salmog‘iga qarab aniqlanmoqda. Daromadning yuqori bo‘lishi ko‘p jihatdan g‘o‘za naviga bog‘liq. Xususan, seleksiya yutuqlari samarasida paxtadan tola chiqishi 26-31 foizdan 40 foizga, tola uzunligi 20-28 millimetrdan 35 millimetrga yetdi. Bir ko‘sakdagi paxta vazni 5 grammdan 8-10 grammgacha oshdi. Yurtimiz dunyodagi paxta yetishtiradigan davlatlar orasida eng shimoliy mintaqada joylashgani bois bugun tezpishar navlarni yaratish va yetishtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Hozirga qadar xorij mamlakatlarida yaratilgan eng ertapishar nav 150-160 kunlik bo‘lsa, yurtimizda tezpishar navlar yetilishi uchun 110-125 kun kerak, xolos. Dunyo miqyosida jadal rivojlanayotgan to‘qimachilik sanoatida o‘zbek paxta tolasi o‘zining yuksak sifati bilan yuqori o‘rinda turadi. Jahon bozoridagi keskin raqobat sharoitida sohada ilg‘or usul va zamonaviy texnologiyalarni qo‘llash muhim ahamiyatga ega. Shu bois Davlat nav sinash shoxobchalarida olimlarimiz yaratgan yuzga yaqin yangi g‘o‘za navi sinovdan o‘tkazilmoqda. Olimlarimiz kasallik va zararkunandalarga chidamli, serhosil, tezpishar va yuqori sifatli tola beradigan g‘o‘za navlarini yaratishga alohida e’tibor qaratmoqda. Hozir yurtimiz dalalarida parvarishlanayotgan “S-6524”, “Buxoro-6”, “Namangan-77”, “Omad”, “Buxoro-102”, “Andijon-35” kabi navlar shular jumlasidandir. O‘zbekiston g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot instituti olimlari tomonidan so‘nggi yillarda g‘o‘zaning o‘rta va ingichka tolali 33 xil navi yaratildi. Navlarning iqtisodiy samaradorligi 2006-2009 yillarda qariyb 395 milliard so‘mni tashkil etdi. Ayni vaqtda institut olimlari tomonidan “Istiqlol-14”, “Shodiyona”, “Surxon-102”, “Shabada-275”, “Sulton” singari iqlim sharoitimizga mos, tezpishar, serhosil, kasallik va zararkunandalarga, suvsizlik va garmselga chidamli qator yangi navlar ishlab chiqarishga joriy etilmoqda. Joriy yilda “Bo‘ron”, “Charos-1”, “Guliston”, “S-2522” kabi yangi navlar yaratildi. Ularning ham mikronayner ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, jahon standartlariga to‘la javob beradi. – Boshqalariga nisbatan hosildor, tezpishar va oqpalak kasalligiga chidamli yangi nav yaratishga ba’zan 10-15 yil vaqt ketadi, – deydi O‘zbekiston g‘o‘za seleksiyasi va urug‘chiligi ilmiy-tadqiqot instituti direktori o‘rinbosari, professor Hakimjon Saydaliyev. – Shu bois ham nav yaratish jarayonida kelgusidagi tabiiy o‘zgarishlar to‘liq hisobga olinmoqda. Ayni kunlarda Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida sho‘rlanishga, suv tanqisligiga, ob-havoning keskin o‘zgarishlariga chidamli g‘o‘za navlarini yaratish maqsadida seleksiya ko‘chatzorlari barpo etildi. Xorazmda yangi istiqbolli “S-2610”, “Sulton”, Qashqadaryoda esa “S-2610”, “Turon” navlari tumanlashtirilib, super elita urug‘lari tayyorlanmoqda. Yaratilayotgan yangi navlarning har biri tuproq-iqlim sharoitiga mos hududlarga tavsiya etilmoqda. Misol uchun, Xorazm viloyati ekin maydonlarining katta qismiga ekilayotgan “Omad”, “S-8292” g‘o‘za navlari dehqonlarimizga ma’qul kelmoqda. Ular sho‘rga chidamli, tez unuvchan bo‘lib, tolasining sifatliligi va vegetatsiya davrining qisqaligi, shu bilan birga, chigitida 20 foizgacha miqdorda yog‘ borligi bilan ajralib turadi. Hosildorligi gektariga o‘rtacha 30-35 sentnerni tashkil etadi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 30 ming gektar yerda suv tanqisligi va sho‘rlanishga chidamli “Do‘stlik-2” va “Chimboy” navlari, Surxondaryo viloyatidagi 15 ming gektarda oqpalak kasalligiga, suvsizlikka chidamli va serhosil “Sulton” navi, Andijon viloyatidagi 20 ming gektarda serhosil, tolasining oqligi va pishiqligi bilan xaridorgir “Andijon-36” navi yetishtirilmoqda. Istiqbolli deb topilgan va vodiy viloyatlarida ekilayotgan «Namangan-34» navi tola sifatining yuqoriligi bilan alohida ahamiyatga ega. Qayd etish joiz, tola uzunligi 35 millimetr bo‘lgan mazkur navga teng keladigan nav hozirga qadar hech bir mamlakatda yaratilmagan. Uning ekin maydonlarini yanada kengaytirish maqsadida Navoiy, Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari dalalari tanlangan. Bularning barchasi an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan Xalqaro O‘zbekiston paxta yarmarkasi ishtirokchilari soni ortib, jahon bozorida o‘zbek paxtasining xaridorgirligi yanada yuksalishiga xizmat qilmoqda. O‘zA, Sayyora Shoyeva

08.09.2011 15:15 da elon qilingan, 4215 marta korib chiqildi