Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Bunyodkorlik va qonunchilik

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (55 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (55 KB)

Mamlakatimizda obyektlar qurish uchun yer uchastkalari ajratish, barpo etilayotgan binolarning o‘zaro uyg‘un va mustahkam bo‘lishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi va bir qator qonun hujjatlarida yer resurslaridan oqilona foydalanish, davlat yer kadastri yuritish, tuproq unumdorligini oshirish hamda muhofaza qilish borasidagi munosabatlar tartibga solingan. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011 yil 25 mayda qabul qilingan “Shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish hamda qishloq xo‘jaligiga oid bo‘lmagan boshqa ehtiyojlar uchun yer uchastkalari berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori yerlardan samarali foydalanish, kichik biznes vakillari hamda tadbirkorlik subyektlariga yer maydonlari ajratish uchun keng sharoit yaratishda muhim dasturilamal bo‘layotir. Qarorga muvofiq, yer uchastkalarini tanlash va ajratib berish tartibiga qator o‘zgartirishlar kiritildi. Misol uchun, ilgari yer uchastkasini tanlash va berish to‘g‘risida qarorni tuman hokimi qabul qilgan bo‘lsa, endilikda bu vazifa viloyat hokimi zimmasiga yuklatildi. Ishbilarmonlar uchun yer ajratishda, avvalo, yer uchastkasi tanlanib, tegishli davlat hokimiyati organining qarori bilan tasdiqlanadi. Mazkur hujjatlar obyektni qurish uchun loyiha-smeta hujjatlarini ishlab chiqish uchun asos bo‘ladi. Yerdan samarali foydalanish, uni muhofaza qilish, yer resurslarini baholash, bu boradagi salbiy jarayonlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etishda O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri (“Yergeodezkadastr”) davlat qo‘mitasi tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. – Yuridik va jismoniy shaxslar ma’lum bir obyektni qurish uchun tanlov asosida yer uchastkasiga egalik huquqini qo‘lga kiritadi, – deydi “Yergeodezkadastr” davlat qo‘mitasining yerdan foydalanish va yer tuzish boshqarmasi bosh mutaxassisi Arzit Latipov. – Buning uchun belgilangan obyektni qurish istagidagi shaxslar tanlovlarda o‘z takliflari bilan ishtirok etishi mumkin. Mazkur hujjatlarni rasmiylashtirishda bir qator yengilliklar va qulayliklar yaratilgan. Xususan, yer uchastkasi ajratish jarayonida ruxsat beruvchi tashkilotlarning tasdig‘i uchun aniq muddat belgilangani tadbirkorlarni ortiqcha ovoragarchilikdan xalos etdi. Bu tadbirning tanlov asosida o‘tkazilishi esa yerdan samarali foydalanish hamda unga haqiqiy ishbilarmon ega bo‘lishini ta’minlaydi. G‘olibga yer uchastkasi doimiy foydalanish uchun yoki uzoq muddatli ijaraga olish huquqi bilan beriladi. 2011 yil davomida yer uchastkalarini tanlov savdolari orqali sotish, ijaraga berish bilan bog‘liq 6,6 mingdan ziyod e’lon berildi. Dekabr holatiga ko‘ra, qariyb 800 kichik biznes va xususiy tadbirkorlik obyektini qurish uchun tanlangan yer uchastkalari bo‘yicha tanlov g‘oliblari aniqlandi. Jumladan, Samarqand viloyatida 118, Qashqadaryo viloyatida 52, Xorazm viloyatida 233, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 50 obyektni qurish ishlari boshlandi. Istiqlol yillarida shaharu qishloqlarimizda betakror loyihalar asosida ma’muriy binolar, turar joy dahalari, keng va ravon ko‘chalar, qulay va shinam bozorlar qad rostlamoqda. Davlat va xalq manfaatlari uchun muhim obyektlar, tarmoq va yo‘llar barpo etilishi jarayonida yo‘l chetlarida arxitektura talablariga nomuvofiq tarzda qurilgan turar joylar, inshootlarni buzishga ham to‘g‘ri kelmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining nomi qayd etilgan qaroriga ko‘ra, bunday vaziyatlarda mulk egalariga zararni to‘liq qoplash bo‘yicha huquqiy asos yaratilgan. Ya’ni, shaxslarning xususiy mulki bo‘lgan turar joylar, imoratlar, qurilishi tugallanmagan obyektlar, daraxtzorlarning qiymati O‘zbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati to‘g‘risida”gi qonuniga muvofiq, baholovchi tashkilotlar tomonidan aniqlanadi. Misol uchun, Toshkent shahri aholisining turar joy sharoitlarini yaxshilash maqsadida poytaxtimizdagi Alisher Navoiy ko‘chasi tubdan rekonstruksiya qilinmoqda. Mazkur ko‘chada joylashgan eski savdo do‘konlari, Alisher Navoiy, Olmazor, O‘qchi va Furqat ko‘chalari chegarasida joylashgan eski uylar buzildi. Ularning egalariga, xohishiga qarab, kvartira yoki zamonaviy uy-joy qurish uchun yer uchastkalari berildi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, yer uchastkalari olishda uzoqni ko‘zlash, hujjatlarni avvalboshdan puxta tayyorlash maqsadga muvofiq. Agar korxona yoki binoni qurishda shaharsozlik, tabiatni muhofaza qilish, sanitariya va boshqa qoidalar hisobga olinmasa, keyinchalik uni buzish zaruriyati yuzaga keladi. Bunday ovoragarchilikning oldini olish maqsadida tadbirkorlarga yer maydonlari ajratishda barcha jihatlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, agrar tarmoqda foydalaniladigan yerlarda yangi obyektlar qurish zaruriyati paydo bo‘lsa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmining pasaymasligini ta’minlash uchun uning o‘rniga yangi maydonlarni o‘zlashtirish belgilangan. Tadbirkorlarga zarur sharoit yaratish, yer uchastkalari ajratish borasida olib borilayotgan keng qamrovli islohotlar yurtimizda yanada ko‘rkam, zamonaviy muhandislik talablariga to‘la javob beradigan yakka tartibdagi uy-joylar va binolar qurilishini ta’minlashga xizmat qiladi. O‘zA, Sayyora Shoyeva

06.01.2012 11:14 da elon qilingan, 1998 marta korib chiqildi