Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

O‘zbekiston – Janubiy Koreya biznes-forumi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

Poytaxtimizda 5 iyul kuni O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlarining biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda ikki mamlakatning savdo-sanoat, sarmoya, energetika, mashinasozlik, qurilish, axborot texnologiyalari kabi sohalar uchun mas’ul vazirlik va idoralari, kompaniya va konsernlarining rahbar hamda vakillari ishtirok etdi. Anjumanda O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari Bahrom Ashrafxonov, Savdo-sanoat palatasi raisi Alisher Shayxov, Koreya Respublikasining davlat xaridlari bo‘yicha agentligi direktorining o‘rinbosari Min Xyun Chjon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari barcha sohalarda izchil rivojlanib borayotganini alohida ta’kidladi. Bunda ikki davlat rahbarlarining uchrashuvlarida erishilgan kelishuvlar muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir. Mazkur biznes-forum o‘zaro savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish, davlat xaridlari tizimini takomillashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochishi qayd etildi. Koreya Respublikasi O‘zbekistonning eng yirik sarmoyaviy sheriklaridan. Mamlakatlarimiz o‘rtasida savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlik barqaror kengayib borayotir. Iqtisodiy sohada eng ko‘p qulaylik yaratish tartibi joriy qilingan. O‘tgan yili ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmi 1,5 milliard AQSh dollaridan oshdi. O‘zbekistonda Janubiy Koreya sarmoyasi ishtirokida tuzilgan 350 dan ziyod korxona faoliyat yuritmoqda. Mamlakatimizda Janubiy Koreyaning saksondan ortiq kompaniyasi o‘z vakolatxonasini ochgan. Ular mashinasozlik, savdo, kimyo, oziq-ovqat, yengil sanoat, metallni qayta ishlash, farmatsevtika, sayyohlik, xizmat ko‘rsatish kabi sohalarda ish yuritayotir. Ayniqsa, “Korean Eyr” aviakompaniyasining Navoiy shahri xalqaro aeroporti hududidagi transkontinental intermodal xab bilan bog‘liq faoliyati diqqatga sazovordir. Bu yerdan har haftada Osiyo va Yevropaning yirik iqtisodiy va moliyaviy markazlariga 24 tagacha parvozlar amalga oshirilmoqda. Janubiy Koreya biznesi vakillari “Navoiy” erkin industrial-iqtisodiy zonasini rivojlantirishda faol ishtirok etib, o‘zaro manfaatli qator loyihalarni hayotga tatbiq etmoqda. Biznes-forum ishtirokchilari 2011-yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi hamda Koreya Respublikasining davlat xaridlari bo‘yicha agentligi o‘rtasida imzolangan uch tomonlama anglashuv memorandumi mamlakatlarimiz o‘rtasida moliyaviy va texnikaviy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga, elektron davlat xaridlari tizimini joriy etish, rivojlantirish va takomillashtirishga xizmat qilayotganini ta’kidladilar. – Mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlar qaror topgan, savdo-iqtisodiy hamkorlik jadal rivojlanmoqda, – dedi Min Xyun Chjon. – O‘zbekistonda elektron ta’minot tizimini tatbiq etishga katta e’tibor qaratilayotganining guvohimiz. Bugungi kunda O‘zbekiston va Janubiy Koreya ishbilarmonlari hamkorligida qator istiqbolli iqtisodiy loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotir. O‘zbekistonda xorijlik ishbilarmonlarning muvaffaqiyatli ish yuritishi uchun barcha sharoit, imkoniyat va imtiyozlar yaratilgani o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Ushbu forum kelgusida o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada taraqqiy ettirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shishi shubhasiz. Delegatsiya a’zolari mamlakatimizda chet ellik ishbilarmonlar bilan hamkorlikda ish yuritish uchun yaratilgan qulay sarmoyaviy muhit Janubiy koreyalik ishbilarmonlarning ham qiziqishini tobora oshirayotganini qayd etdilar. Anjumanda Janubiy Koreyaning bir necha firma va kompaniyalaridan ko‘plab vakillar ishtirok etgani O‘zbekistondagi iqtisodiy barqarorlik va qulay sarmoyaviy muhit ularning o‘zaro hamkorlikni kengaytirishga e’tiborini kuchaytirayotganidan dalolatdir. Forumda koreyalik ishbilarmonlarga mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasida, davlat xaridlarini amalga oshirish bo‘yicha olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bu sohalarni rivojlantirish borasidagi o‘zgarishlar, ushbu tarmoqlarni taraqqiy ettirishning huquqiy asoslari haqida batafsil ma’lumot berildi. Qurilish, axborot texnologiyalari, energetika, suv xo‘jaligi sohalariga ixtisoslashgan korxonalar hamkorligini rivojlantirishga oid masalalar ko‘rib chiqildi. Biznes-forum yakunida O‘zbekistonning qator kompaniya va korxonalari hamda Janubiy Koreya ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida kooperatsion birja bo‘lib o‘tdi. O‘zA, Nodira Manzurova

06.07.2012 18:42 da elon qilingan, 3496 marta korib chiqildi