Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Mehnat ― farovonlik asosi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (52 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (52 KB)

Suratda: “Azamat” fermer xo‘jaligi rahbari Bayramqilich Dadaboyev. Xo‘jayli tumanidagi “Saroyko‘l” ovulida yashovchi Bayramqilich Dadaboyev qariyb yigirma yilki, fermer xo‘jaligiga rahbarlik qiladi. U yillar davomida tajriba orttirdi, bilmaganlarini usta dehqonlardan so‘rab o‘rgandi. Tinimsiz mehnat evaziga hosildorlikni oshirish, xo‘jaligini iqtisodiy jihatdan baquvvat qilishga erishdi. Bayramqilichning asl kasbi iqtisodchi bo‘lganidanmi, aniq hisob-kitobni yaxshi ko‘radi, yetti o‘lchab, bir kesishga odatlangan. Ya’ni, mehnat qilib topilgan daromadning har bir tiyini qat’iy hisobda. Daromadning xo‘jalik ishlab chiqarishini rivojlantirishdan ortgani ishchilarning turmush farovonligini oshirish va boshqa xayrli maqsadlarga yo‘naltiriladi. – Istiqlol bergan imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan yurtdoshlarimiz katta yutuqlarga erishmoqda, – deydi fermer B.Dadaboyev. – Istiqlol yillarida mamlakatimizda bemisl ishlar amalga oshirildi. Shaharlarni-ku qo‘ya turaylik, olis ovullarimizning ham qiyofasi tanib bo‘lmas darajada o‘zgardi: biri biridan ko‘rkam uylar, guzarlar, ko‘zni quvontiradigan savdo shoxobchalari, keng va ravon yo‘llar, ta’lim muassasalari barpo etildi. Mustaqillik tufayli mening hayotimda ham katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Oddiy idora xodimidan o‘z yeriga, mulkiga, sarmoyasiga ega bo‘lgan fermerga aylandim. Darhaqiqat, Bayramqilich yetakchilik qilayotgan “Azamat” fermer xo‘jaligi tashkil topgan paytda 10 gektar maydonda dehqonchilik qilar edi. Bugun xo‘jalik a’zolari 100 gektar yerda paxta, 25 gektar maydonda g‘alla yetishtirmoqda. Xo‘jalik daromadi hisobiga sotib olingan texnika vositalari ularning og‘irini yengil qilmoqda. Fermer xo‘jaligi a’zolari keyingi uch yilda davlatga 715 tonna paxta, 137 tonna g‘alla sotishga erishdi. O‘rtacha hosildorlik paxtachilikda 33, g‘allachilikda 47 sentnerga yetkazildi. Daromad ham, foyda ham shunga yarasha oshib bormoqda. Bu yil ham g‘alladan mo‘l hosil olindi, g‘o‘za baravj rivojlanmoqda. Xo‘jalik a’zolari faqat paxta va g‘alla yetishtirish bilan cheklanib qolmay, chorvachilik va parrandachilikni ham rivojlantirmoqda. 183 bosh qoramol, 95 bosh qo‘y-echki, 10 bosh tuya, 100 boshga yaqin o‘rdak boqilmoqda. 2011-yili iste’molchilarga 114 tonna sut, 10,5 tonna go‘sht yetkazib berildi. – Mahsulotimizni emin-erkin sotish imkoniyati yaratib berilgani faoliyatimizni yanada rivojlantirishda muhim omil bo‘lmoqda, – deydi B.Dadaboyev. – O‘tgan yili sutni qayta ishlaydigan texnologiya sotib oldik. Natijada sifatli sut mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, 4 kishi ish bilan ta’minlandi. Mehnat tufayli mana shunday to‘kin-sochin hayotga, baxtga ega bo‘lgan insonlardan biriman. Bunga doimo shukrona keltiraman. O‘zA, A.Ortiqboyev, Arslon Kannazarov (surat)

13.07.2012 18:22 da elon qilingan, 2209 marta korib chiqildi