Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Kreditga zamonaviy uy-joylar

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (53 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (53 KB)

Mamlakatimizda namunaviy loyihalar asosida bunyod etilayotgan ko‘rkam turar joylar aholini uy bilan ta’minlash, qishloqda turmush darajasi va madaniyatini oshirish, qishloqlarimiz qiyofasini tubdan o‘zgartirishga xizmat qilmoqda. 2009-2011 yillarda 620 dan ziyod qishloq massivida 15 mingdan ortiq ana shunday uy-joy barpo etildi. Joriy yilda takomillashtirilgan loyihalar asosida 8,5 mingdan ziyod uy-joy qurilishi rejalashtirilgan. Ushbu uylar egalariga Osiyo taraqqiyot banki kredit liniyasi va O‘zbekiston Moliya vazirligining markazlashtirilgan mablag‘lari hisobidan 535,4 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratish mo‘ljallangan. Namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishi ko‘lamini yanada kengaytirish, kredit berish tizimini takomillashtirish hamda xorijiy tajribani amaliyotga tatbiq etish masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida shu haqda so‘z bordi. “Qishloq qurilish bank” boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.Eshonqulov va boshqalar mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida aholi turmush darajasini yanada yuksaltirish, qishloqlarda zamonaviy uy-joy va ijtimoiy ob’ektlarni qurish, infratuzilmani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining 2009-yil 3 avgustda qabul qilingan “Qishloq joylarda uy-joy qurilishi ko‘lamini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlarda muhim dasturilamal bo‘layotir. Joriy yildan e’tiboran quriladigan uy-joylar qiymatining mo‘tadilligini ta’minlash maqsadida Prezidentimizning 2012-yil 14 yanvarda qabul qilingan “2012-yilda qishloq joylarda namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joylarni qurish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, yurtimizda ishlab chiqarilmaydigan yog‘och-taxta va tom yopqichlarni chet davlatlardan arzon narxlarda olib kelish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, uy-joylar barpo etiladigan massivlarda suv ta’minoti ob’ektlarini qurish byudjet mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilishi belgilandi. Yakka tartibdagi uy-joylar, madaniy-maishiy va infratuzilma ob’ektlarining qurilishini boshqarish, texnik kuzatuv va nazorat funksiyalari “Qishloq qurilish invest” injiniring kompaniyasi tomonidan amalga oshiriladi. Yer uchastkasini ajratish tuman (shahar) hokimining qarori bilan umrbod meros qilib qoldiriladigan mulk tarzida rasmiylashtiriladi. Qishloq aholisining uy-joy sharoiti sifatini yaxshilash, ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, uy-joy qurilishiga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratishda “Qishloq qurilish bank” ochiq aksiyadorlik-tijorat banki muhim o‘rin tutadi. – Joriy yildan namunaviy loyihalar asosida quriladigan uy-joylar uchun aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlarini qaytarish bo‘yicha o‘rnatilgan imtiyozli davr bir yilgacha uzaytirildi va foiz stavkasi yillik yetti foiz miqdorida belgilandi, – deydi “Qishloq qurilish bank” boshqarma boshlig‘i Boboxon Bobojonov. – Uy-joylar qiymati asossiz oshishining oldini olish, qurilish sifatini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bank mablag‘lari hisobidan yiliga 240 million dona pishgan g‘isht ishlab chiqaradigan, 2,1 million kvadrat metr tom yopish materiallari hamda 220,0 ming kvadrat metr yog‘ochni qayta ishlaydigan zamonaviy korxonalar tashkil etildi. Anjumanda namunaviy loyihalar asosida uy-joy qurilishi jadal sur’atlarda olib borilayotgani qayd etildi. Jurnalistlarning savollariga javob qaytarildi. O‘zA, Sayyora Shoyeva

14.08.2012 16:37 da elon qilingan, 3251 marta korib chiqildi