Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

O‘zbekiston-amerika biznes-forumi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

Toshkentda 17 avgust kuni O‘zbekiston-Amerika biznes-forumi bo‘lib o‘tdi. Unda AQSh Ma’muriyatining yuqori martabali a’zolari, Amerikaning 25 yetakchi kompaniyalari va ishbilarmon doiralari, shuningdek, mamlakatimiz hukumati, vazirlik va idoralari, yirik kompaniyalari, xalqaro moliya institutlari hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi. Tadbirda so‘zga chiqqan AQSh Davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha yordamchisi R.Bleyk navbatdagi O‘zbekiston-Amerika biznes-forumining Toshkentda ikki mamlakat o‘rtasida oliy darajada o‘rnatilgan diplomatik munosabatlarning 20-yilligi nishonlanayotgan yilda o‘tkazilayotgani ramziy ma’noga ega ekanini ta’kidladi. Mazkur anjumanda AQShning jahonga mashhur “Jeneral Motors”, “Boing”, “Jeneral Elektrik”, “Lokxid Martin”, “Merk”, “Rio Tinto”, “Uayt end Keys”, “Anadarko”, “Keys Nyu Xolland”, “Nukem”, “Solar Turbayns”, “Katerpilar”, “Zeppelin” kabi yirik kompaniyalarining ishtirok etayotgani ham bunday kompaniyalarning O‘zbekistonga investitsiya kiritishga katta qiziqish bildirayotganidan dalolatdir. R.Bleyk mamlakatlarimiz o‘rtasida mustahkam asosga ega ikki tomonlama munosabatlar shaklidagi savdo va investitsion hamkorlik uchun keng istiqbollar mavjudligini, O‘zbekiston iqtisodiyoti ulkan salohiyatga ega ekanini hamda mamlakatimiz mintaqada yetakchi o‘rin tutishini alohida ta’kidladi. Shu nuqtai nazardan, AQSh Davlat kotibining yordamchisi O‘zbekistonning iqtisodiy jihatdan jadal rivojlanib borayotgani nafaqat O‘rta Osiyodagi qo‘shni mamlakatlar uchun, balki Afg‘onistonga elektr energiyasini yetkazib berish hamda transport va temir yo‘l infratuzilmasini yaratishga ko‘maklashish orqali O‘zbekistonning ushbu mamlakat iqtisodiy rivojlanishiga yordam berayotgani muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. R.Bleyk AQSh Ma’muriyatining O‘zbekiston bilan iqtisodiy va investitsion hamkorlikni yanada kengaytirishni, Amerikaning yetakchi kompaniyalari hamda ularning o‘zbekistonlik sheriklari o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashni qo‘llab-quvvatlashini tasdiqladi. Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi K.Lemm xonim AQSh va O‘zbekiston kompaniyalarining o‘zaro manfaatli hamkorligi uchun shart-sharoit yaratib berayotgan ikki mamlakat hukumatlariga minnatdorlik bildirdi. U O‘zbekistonda qo‘shma korxonalar soni ko‘payib borayotgani, bu korxonalar ishlab chiqarayotgan mahsulotlar hajmi tobora ko‘payib, ichki va tashqi bozorlarda, jumladan, AQSh bozorlarida ham o‘z xaridorlarini topayotgani ana shunday izchil ishlar samarasi ekanini ta’kidladi. Amerika-O‘zbekiston savdo palatasi raisi o‘zbekistonlik sheriklar bilan yigirma yildan buyon muvaffaqiyatli hamkorlik qilib kelayotgan “Jeneral Motors”, “Boing”, “Lokxid Martin”, “Jeneral Elektrik”, “Katerpilar” kabi kompaniyalar faoliyati Amerika bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi uzoq muddatli o‘zaro manfaatli iqtisodiy hamda investitsion hamkorlikka yorqin misol bo‘la olishini ta’kidladi. K.Lemm O‘zbekistonda ishbilarmonlik va investitsion muhitni takomillashtirish sohasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar hamda ulkan samaralarga alohida e’tibor qaratdi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil iyul oyida qabul qilingan, ishbilarmonlik muhitini tubdan yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish, shuningdek, biznesga hisobotlar, litsenziyalar hamda ruxsat berish bo‘yicha qo‘yiladigan talablarni kamaytirishga qaratilgan farmonlariga yuksak baho berdi. Shu bilan birga, K.Lemm O‘zbekistonda zamonaviy bozor iqtisodiyotini tashkil etishga qaratilgan iqtisodiy islohotlarning yuksak natijalari, boy inson va mineral resurslari, rivojlangan zamonaviy infratuzilma hamda mamlakatning barqaror rivojlanishi O‘zbekistonga Amerika investitsiyalarini jalb etish uchun katta istiqbollar ochishini qayd etdi. Biznes-forumda AQSh savdo vakili yordamchisining o‘rinbosari M.Burr xonim, O‘zbekiston Respublikasi hukumati, AQSh va O‘zbekiston ishbilarmon doiralari vakillari, shu jumladan, “Lokxid Martin”, “Merk”, “Keys Nyu Xolland”, “Jeneral Elektrik” va boshqa kompaniyalar, shuningdek, Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki rahbariyatining vakillari ham so‘zga chiqdi. Tadbirda O‘zbekiston va Amerika kompaniyalari o‘rtasida mashinasozlik, metallga ishlov berish, energetika, neft va gaz qazib olish, neft-gazkimyo, elektr texnika hamda tog‘-kon sanoati, farmatsevtika, oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish va boshqa sohalarda umumiy qiymati qariyb 2,8 milliard dollarlik yigirma bitta loyihani amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi. O‘zA

18.08.2012 09:30 da elon qilingan, 2638 marta korib chiqildi