Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

“O‘zbekiston havo yo‘llari” yangi ufqlarga intilmoqda

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (59 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (59 KB)

Eng ulug‘, eng aziz bayram – istiqlolimizning 21 yilligi va aviatsiya xodimlarining 19 avgust kuni nishonlanadigan kasb bayrami arafasida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasiga quvonchli xushxabar keldi: mamlakatimiz aviakompaniyasi “Parvozlar xavfsizligini ta’minlashda erishgan ulkan yutuqlari uchun” nominatsiyasida “Parvozlar xavfsizligi” notijorat sheriklik tashkilotining mukofotiga hamda “Parvozlar xavfsizligini ta’minlashda erishgan ulkan yutuqlari uchun” faxriy mukofotini aviakompaniyamizga taqdim etgan Xalqaro parvozlar xavfsizligi jamg‘armasining (Flight Safety Foundation) diplomiga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, “O‘zbekiston havo yo‘llari” IOSA auditidan muvaffaqiyatli o‘tdi va bu ham soha uchun muhim voqeaga aylandi. Shu munosabat bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi bosh direktori V.Tyan kompaniya erishgan yutuqlar va to‘plangan tajriba, milliy aviakompaniya infratuzilmasini modernizatsiya qilish bosqichlari, sohada joriy etilgan texnik hamda texnologik yangiliklar haqida so‘zlab berdi. U o‘tgan vaqt mobaynida bu borada ko‘plab ishlar amalga oshirilganini, bugun Prezidentimiz Islom Karimovning uzoqni ko‘zlab yuritayotgan siyosati yuksak samaralar berayotganini hamda mamlakatimizda yagona fuqaro aviatsiyasi tizimi shakllanganini ta’kidladi. Prezidentimizning fuqaro aviatsiyasi sohasini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi samarasida hozir barcha tuzilmalarda belgilangan vazifalarni muvaffaqiyatli hal etish imkonini beradigan aniq maqsadli va serqirra ishlar amalga oshirilayotir. Ishlab chiqarish va moliyaviy ko‘rsatkichlar o‘smoqda, yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish sifati oshmoqda, texnologik baza muntazam yangilanmoqda, aeroportlar va boshqa ob’ektlarni texnik jihozlash takomillashmoqda. 2012-yilning olti oyida bajarilgan ishlar yakunlari bo‘yicha “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlari 12339 aviaqatnovni amalga oshirdi va bu 2011-yilning olti oyiga nisbatan 419 taga ko‘pdir. Shuningdek, 1 million 244 ming nafar yo‘lovchi aviakompaniya xizmatlaridan foydalandi va bu ham o‘tgan yilning shu davriga qaraganda 17,1 foiz ko‘p. Jami 20 ming tonna yuk tashildi. 755 tonna pochta jo‘natildi, o‘sish 20,5 foizni tashkil qildi. “Navoiy” xalqaro aeroporti bazasidagi yirik Intermodal markaz yanada rivojlanmoqda. Bugun kuniga 300 tonnagacha yukni qabul qilish quvvatiga ega yuk terminali ishlab turibdi. Soatiga 400 nafar yo‘lovchini o‘tkazish imkoniga ega, xalqaro standartlarga javob beradigan, barcha qulayliklar yaratilgan yangi yo‘lovchi aerovokzali foydalanishga topshirildi. Milliy aviakompaniyaning mashg‘ulot kompleksida yangi Boeing-767 trenajyori o‘rnatilgan bo‘lib, unda uchuvchilar standart va nostandart vaziyatlarda harakat qilish ko‘nikmalarini takomillashtiradi. Yaqin vaqt ichida kompaniyamiz uchuvchilari nafaqat zamonaviy A320 va Boeing trenajyorlari, balki o‘zimizda ishlab chiqarilgan Il-114-100 samolyoti simulyatori – “Full-flight“da real sharoitlarga yaqinlashtirilgan holatlarda parvoz qilishni o‘rganishi mumkin. Shuningdek, samolyotlar parki yangi avlod havo kemalari bilan to‘ldirilmoqda. Joriy yilda yangi Boeing-767 laynerlari soni to‘rttaga ko‘paydi, 2014-2016-yillarda esa milliy aviakompaniyamiz yana ikkita Boeing-787 Dreamliner samolyotlarini oladi. Ayni paytda har ikki tomon mutaxassislari “Uzbekistan airways technics” aviakorxonasi bazasida samolyotlar konstruksiyasining kompozitsion materiallardan tayyorlangan yirik ehtiyot qismlarini ta’mirlash bo‘yicha mintaqaviy sexni tashkil qilish imkoniyatlarini o‘rganmoqda. Bu texnik xizmat ko‘rsatish borasida o‘zbekistonlik mutaxassislarning yuksak mahorati va katta istiqbolidan dalolat beradi. Shu bilan birga aviakompaniyamiz aeroportlari erishayotgan muvaffaqiyatlarni ham alohida ta’kidlash joiz. “Buxoro” xalqaro aeroporti 2011-yilgi faoliyati yakunlariga ko‘ra, “Aeroport” fuqaro aviatsiyasi assotsiatsiyasining “MDHda yilning eng yaxshi aeroporti” tanlovida “Jadal rivojlanayotgan aeroport” nominatsiyasida yana bir bor g‘olib bo‘ldi. “Urganch” xalqaro aeroportida ishga tushirilgan yo‘lovchilarni qabul qilish zalining yangi binosida soatiga 200 nafargacha yo‘lovchiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Mamlakatimizning barcha aeroportlarida sifat menejmenti tizimi joriy etilgan va bu sertifikatlar bilan tasdiqlangan. Barcha joylarda yangi texnika va texnologiyalar, zamonaviy uskunalar joriy etilmoqda. Foydalanishga topshirilgan yangi “Toshkent-3” mahalliy havo liniyalari yo‘lovchi terminali yuqori texnologik uskunalar bilan jihozlangan va bu yerda ham barcha qulayliklar yaratilgan. “Nukus” aeroportida texnik xususiyatlari barcha xalqaro talablarga javob beradigan uchish-qo‘nish yo‘lagi rekonstruksiya qilindi. Ushbu uchish-qo‘nish yo‘lagi barcha turdagi havo kemalarini qabul qilishi mumkin. Aeroportlar va terminallarda qo‘shimcha xavfsizlik zonalari tashkil etilayotir. Niyati buzuq shaxslar uchun kordonlar tashkil etilmoqda, metall qidirgich moslamalar va gaz analizatorlari yordamida tekshirish yo‘lga qo‘yildi, skanerlar ishlab turibdi, yangi, yanada mukammal va ishonchli texnika vositalari joriy etilmoqda, aviakompaniya, bojxona va chegara xizmatlari bo‘linmalarida nazoratchilar soni ko‘paytirildi. Nafaqat yo‘lovchilar va ularning yuklari, balki aviakompaniya xodimlari ham tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Aeroportlar hududlarida huquqni muhofaza qilish organlari xodimlaridan tarkib topgan postlarni tashkil etish, ushbu hududlarni videokuzatuv tizimlari va maxsus texnik tekshirish vositalari bilan ta’minlash orqali xavfsizlik choralari kuchaytirilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, shubhali shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash imkonini berayotir. Yaqinda mamlakatimiz bo‘ylab havo harakatini boshqarish tizimi modernizatsiya qilindi, yuqori malakali kadrlarni o‘zimizda tayyorlash, shuningdek, tariflar va chegirmalar tizimi tashkil etildi. Sifat menejmenti tizimi joriy qilinib, havo kemalarini ta’mirlash hamda texnik xizmat ko‘rsatish shakllari o‘zlashtirildi. O‘zbekiston havo hududidan yanada samarali foydalanish uchun vertikal eshelonlashtirishning qisqartirilgan minimumi (RVSM) joriy qilindi. Buning uchun tegishli texnik jihozlash ishlari amalga oshirilib, RVSM xodimlari va yo‘riqchilari o‘qitildi. Boshqacha aytganda, ushbu tizim joriy qilinishi natijasida mamlakatimiz havo hududidan foydalanish samaradorligi yanada oshdi, havo trassalarida avvalgidan ko‘proq samolyotlarni o‘tkazish imkoniyati yaratildi. Aviakompaniya samolyotlari Yevropa, Osiyo, Amerikaning qirqdan ziyod shaharlariga parvoz qilmoqda. Yurtdoshlarimiz va ko‘plab mehmonlar dunyoning eng olis qit’alariga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri uchishi mumkin. Reyslar geografiyasi muntazam kengayib bormoqda. Milliy aviakompaniyamiz tarkibiga kiradigan va samarali faoliyat ko‘rsatayotgan “Uzbekistan Airways Technics” aviakorxonasi ham bu borada o‘zining salmoqli hissasini qo‘shmoqda. Ishlab chiqarish quvvatlarini tobora oshirib borayotgan ushbu korxona bugun nafaqat “O‘zbekiston havo yo‘llari” samolyotlariga, balki xorijiy aviakompaniyalar havo kemalariga ham barcha turdagi texnik xizmatlarni ko‘rsatmoqda. Texnik xizmat ko‘rsatishning yuqori sifati va yangi xizmat turlarini o‘zlashtirib borayotgan aviakorxona xodimlarining yuqori malakasi tegishli xalqaro sertifikatlar bilan tasdiqlangan. Kompaniya jamoasi xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish bo‘yicha muttasil izlanmoqda. Shu maqsadda elektron chiptalar tizimi muvaffaqiyatli joriy qilindi, mijozlarning istagiga ko‘ra chiptalarga buyurtma berish, ularni uyga yoki ko‘rsatilgan manzilga yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Aerovokzal komplekslarida va ularning yon-atrofidagi hududlarda keng qulayliklar yaratilgan. Parvoz paytidagi ovqatlanish sifatiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Milliy aviakompaniyaning “Ketrin” unitar korxonasi issiq va sovuq taomlarning minglab porsiyalarini tayyorlash, barcha avialiniyalar samolyotlariga turli xil ichimliklar va mevalarni yetkazib berish imkoniyatiga ega. Uch yuzdan ziyod taom turlari “Global test” muvofiqlik sertifikatini olgan. Aviakompaniya mutaxassislarining yuksak kasb mahorati va fidokorona mehnati milliy aviatashuvchimizga parvozlar xavfsizligini ta’minlash, jahon hamjamiyati e’tirofiga sazovor bo‘lish va mijozlarning ishonchini qozonish imkonini berdi. O‘z faoliyati davomida O‘zbekiston aviakompaniyasi shunday yuksak natijalarga erishdiki, ularni haqiqatan ham kelajak sari qo‘yilgan muhim qadam, deya baholash mumkin. Milliy avikompaniyamiz rivojlanish sari ishonchli va dadil intilmoqda. “O‘zbekiston havo yo‘llari”ning barcha tarkibiy bo‘limlari kunu tun aviatransport qatnovlari xavfsizligi, barqarorligi va ishonchliligini ta’minlamoqda. O‘zA, Viktor Nikolayev

21.08.2012 15:49 da elon qilingan, 3685 marta korib chiqildi