Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz

Nukusda sayyohlik salohiyatini oshirishga bag‘ishlan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (52 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (52 KB)

Nukusda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, “O‘zbekturizm” milliy kompaniyasi hamkorligida “Sayyohlik sohasini rivojlantirish istiqbollari: muammolar va yechimlar” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi A.Mamatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisining o‘rinbosari O.Hamroyev va boshqalar noyob tarixiy va madaniy yodgorliklarga, tabiiy qo‘riqxonalarga boy bo‘lgan yurtimizga xorijlik sayyohlarning qiziqishi tobora ortib borayotganini alohida ta’kidladilar. Mustaqillik yillarida turizm xizmatlari bozorida tub sifat o‘zgarishlari amalga oshirilib, sohaga doir milliy qonunchilik izchil takomillashib borayotgani o‘z samarasini berayotir. Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham turizmni rivojlantirish va uni serdaromad sohaga aylantirish, sayyohlarga ko‘rsatilayotgan xizmat turlarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mintaqa iqlim sharoiti, Orol dengizi, ko‘plab tarixiy va madaniy yodgorliklar bilan tanishish istagida bo‘lgan xorijlik sayyohlar soni yil sayin ortib borayotir. Ayni paytda Qoraqalpog‘istonga mamlakatimiz va xorijdan tashrif buyurayotgan mehmonlarga “Sahrolar ichra o‘tmish sadolari”, “Orolga sayohat”, “Tilaklar qudug‘i”, “Ipak mo‘jizasi”, “Qoraqalpog‘istonning qadimiy qal’alari” kabi yettita marshrut bo‘yicha xizmat ko‘rsatilmoqda. O‘lkaning boy tarixiy va madaniy yodgorliklari haqidagi ma’lumotlarni o‘zida mujassam etgan Nukus san’at muzeyida 90 mingdan ortiq eksponatlar saqlanayotir. Ayniqsa, xalqimizning milliy liboslari, kashtachilik buyumlari, amaliy san’at asarlari xorijlik sayyohlarning diqqatini tortmoqda. Anjumanda Orolbo‘yining turizm salohiyatini yanada oshirish masalasi ilmiy-amaliy jihatdan ko‘rib chiqildi. Turizm sohasiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish ishlarini faollashtirish, kadrlar tayyorlash, turizm xizmatlari sifatini oshirish, xalqaro turizm tashkilotlari va chet ellik sheriklar bilan hamkorlikni kengaytirish, mintaqaning turizm infratuzilmasini rivojlantirish yuzasidan taklif va tavsiyalar bildirildi. Konferensiya doirasida yangi ochilgan, qadimiy qal’alar bo‘ylab o‘tadigan marshrutning taqdimot marosimi bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, anjuman ishtirokchilari Nukus san’at muzeyi eksponatlari hamda Orolbo‘yidagi madaniy va tarixiy yodgorliklar bilan yaqindan tanishdilar. Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi B.Yangiboyev ishtirok etdi. O‘zA, A.Ortiqboyev

31.08.2012 10:01 da elon qilingan, 2119 marta korib chiqildi