Xo‘jaylida yangi korxona

Orolbo‘yida yengil sanoatni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor ushbu yo‘nalishda yangi quvvatlarning tashkil etilishida, import o‘rnini bosuvchi, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarish hajmi hamda aholi bandlik darajasining oshishiga xizmat qilmoqda. Xo‘jayli tumanida ip-kalava ishlab chiqaradigan “Elite stars textile” mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshladi. “O‘zsanoatqurilishbank” ochiq aksiyadorlik tijorat banki tomonidan kiritilgan investitsiya hisobiga zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxona yiliga 5 ming tonna yuqori sifatli ip-kalava ishlab chiqarish quvvatiga ega. Mahsulotlarning qariyb 80 foizi eksportga chiqariladi. “Elite stars textile” MCHJ rahbari Yo‘ldosh Matniyozovning aytishicha, korxona ishga tushirilishi bilan 130 kishining bandligi ta’minlangan. Ularning 95 nafari kasb-hunar kollejlarini bitirgan yoshlardir. Korxona to‘liq quvvat bilan ishlay boshlagach, yana 70 ish o‘rni yaratiladi. O‘zA, Maqsad Habibullayev (surat)
Sana: 2012-10-30 14:37:33, Ko'rib chiqildi: 3015