“Eng ulug‘, eng aziz”

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi, Jurnalistlar ijodiy uyushmasi, “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi, Yozuvchilar uyushmasi, Milliy teleradiokompaniya, “O‘zbekkino” Milliy agentligi, Badiiy akademiya, Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi hamda Mustaqil bosma ommaviy axborot vositalari va axborot agentliklarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi yozuvchi va shoirlarni, jurnalistlar, tasviriy va kino san’ati namoyandalarini erkin, ozod va farovon hayotimiz, g‘urur-iftixorimiz timsoli, ezgu orzu-intilishlarimiz, yutuq va marralarimizning hayotbaxsh manbai – mamlakatimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yilligiga bag‘ishlab o‘tkaziladigan "Eng ulug‘, eng aziz" an’anaviy tanloviga taklif etadi.

Tanlovga “Betakrorimsan, yagonasan, ona Vatanim – O‘zbekistonim!” degan ezgu g‘oyani o‘zida mujassam etgan ijodiy asarlar qabul qilinadi.

“Eng ulug‘, eng aziz” tanlovi quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha o‘tkaziladi:

- yozuvchi va shoirlarning badiiy asarlari;
- bosma OAV xodimlarining jurnalistik ishlari;
- televideniye va radio ijodkorlarining materiallari;
- tasviriy san’at, foto asarlari va dizayn ishlari;
- kino san’ati asarlari.

Tanlovga taqdim etilgan ijodiy ishlarga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
- muallif va uning professional faoliyati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;
- muallifning pasporti nusxasi;
- ish joyidan tavsiyanoma;
- muallifning manzili va bog‘lanish telefonlari.

Tanlovga 2014-yilning 1-avgustidan 2015-yilning 1-avgustigacha bo‘lgan davrda chop etilgan badiiy asarlar, gazeta-jurnallar va internet nashrlarida e’lon qilingan maqolalar, radio va televideniye kanallarida efirga uzatilgan materiallar, namoyish etilgan tasviriy va kino san’ati asarlari joriy yilning 5-avgustigacha qabul qilinadi.

Tanlov g‘oliblari Vatanimiz mustaqilligining yigirma to‘rt yillik bayrami arafasida mukofotlanadilar va ularning ro‘yxati matbuotda e’lon qilinadi.

Ijodiy ishlar “Eng ulug‘, eng aziz” tanloviga deb ko‘rsatilgan holda quyidagi manzilga yuborilishi lozim:

100129, Toshkent shahri, Navoiy ko‘chasi, 30-uy.
O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi,
O‘zbekiston Jurnalistlari ijodiy uyushmasi,
O‘zbekiston “Tasviriy oyina” ijodiy uyushmasi.
Telefonlar: 244-12-61; 244-64-61; 244-27-79.


Sana: 2015-07-23 16:39:51, Ko'rib chiqildi: 3725