Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (57 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (57 KB)

2014 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida

LOYIHA

QORAQALPOG‘ISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR KENGAShINING QARORI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 24 fevraldagi
«2014 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi
PQ-2134-sonli qarori haqida

Xalqimiz uchun sharqona yangi yilning boshlanishi, eng qadimiy, asl milliy, eng ardoqli bayram bo‘lmish Navro‘z ayyomini markazda va joylarda har tomonlama puxta tayyorgarlik bilan kutib olish va nishonlash mamlakatimizda ezgu an’anaga aylanib qoldi.

Bugungi kunda ushbu umummilliy bayramning ma’naviy hayotimizdagi o‘rni va ta’siri, insonning tabiat bilan uyg‘un bo‘lib yashashi, uning qalbida ezgulik, mehr-oqibat, bog‘rikenglik kabi olijanob tuyg‘ularni uyg‘otish, jamiyatimizda o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlash, yosh avlodimizni milliy qadriyat va an’analarimiz ruhida kamol toptirish borasidagi ahamiyati tobora ortib bormoqda.

Ana shularning barchasini inobatga olib hamda Navro‘z bayramini yuksak saviyada, munosib tarzda nishonlash maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2014 yil 24 fevraldagi «2014 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi PQ-2134-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining yuqorida ko‘rsatilgan qarori bilan:

Bayramga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita tarkibi 1-ilovaga, ijodiy guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

Tashkiliy qo‘mita va uning hududiy bo‘limlari Navro‘z bayramini poytaxtimiz Toshkent shahrida, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar markazlarida, barcha shahar, tuman va qishloqlarda umumxalq sayillari shaklida ko‘tarinki ruhda o‘tkazishga qaratilgan, «Har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!» degan shiorni asosiy g‘oya sifatida o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, madaniy-ma’naviy tadbirlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishi;

a) Tadbirlar rejasini tayyorlashda quyidagi masalalarga alohida e’tibor qaratilishi;

Navro‘z faslida insonning tabiat bilan hamohang bo‘lib, o‘zini tabiatning ajralmas bir qismi deb his etishini ifoda qiladigan, atrof-muhitni, ona zaminni e’zozlab, uning ne’matlarini, bugungi tinch hayotni qadrlab, shukronalik tuyg‘usi bilan yashashga da’vat etadigan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni uyushtirishi;

joylarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuv va suhbatlarda, ommaviy axborot vositalarida Navro‘z bayramining tarixi, uni nishonlash bilan bog‘liq
urf-odat, an’ana va qadriyatlarimizning mohiyati va ahamiyatini keng yoritishi;

mamlakatimizda yashayotgan, millati, tili va dinidan qat’iy nazar, barcha yurtdoshlarimiz uchun sevimli bayramga aylangan Navro‘zning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan ahillik va hamjihatlik, mehru sahovat, keksalarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ko‘makka muhtoj insonlarga beg‘araz yordam berish bilan bog‘liq tadbirlarni amalga oshirishi;

yangi dehqonchilik mavsumining boshlanishi, yasharish va yangilanish, qut-baraka, obodlik va farovonlik ramzi bo‘lmish Navro‘z faslida mahallalarda, shahar va qishloqlarimizda hasharlar, keng ko‘lamdagi obodonchilik va ko‘kalamzorlashtirish ishlarni tashkil etishi;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar markazlari va Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etishi;

bayram dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’ati namunalariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan, go‘zal insoniy tuyg‘ularni yuksak pardalarda tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berishi;

b) O‘tkaziladigan bayram tadbirlari:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi byudjeti va mahalliy byudjetlar hamda joylardagi ishlab chiqarish korxonalari, xo‘jaliklar, jamg‘armalar hisobidan;

Toshkent shahrida respublika byudjeti va Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda qoplanishi belgilab qo‘yilganligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2014 yil Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy guruh tarkibi 1-ilovaga, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2014 yil Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha ijodiy guruh tarkibi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

4. Nukus shahri va tumanlar hokimlariga:

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi bilan birgalikda tuman(shahar)larda bo‘lib o‘tadigan bayram dasturlariga folklor guruhlari, badiiy havaskorlik jamoalari, oilaviy ansambllar, baxshi-shoirlar, shuningdek, professional ijrochilar va iste’dodli estrada artistlarini tanlov asosida jalb etish;

bayram dasturlarini tayyorlashda xalq o‘yinlari, folklor san’ati namunalariga, el-yurtimizning dilidan chuqur joy olgan, go‘zal insoniy tuyg‘ularni yuksak pardalarda tarannum etadigan kuy va qo‘shiqlar, o‘lan va laparlarga keng o‘rin berishni va amalga oshirish hamda barcha tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish;

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning shahar(tuman)lardagi bo‘limlari bilan birgalikda barcha tadbirlar o‘tadigan joylarda hamda «Navro‘z» umumxalq bayrami davrida xavfsizlik, jamoat tartibi hamda yong‘in xavfsizligini ta’minlash vazifalari yuklatilsin.  

5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Matbuot va axborot agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Teleradiokompaniyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Xabar” agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni atroflicha yoritib borish tavsiya etilsin.

6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilishni o‘z zimmamda qoldiraman.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi

 

Vazirlar Kengashining Raisi                                         B.Yangibaev

 

Nukus sh., 2014 yil 1 mart, 56-son


Ko'rib chiqildi: 6001