Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (59 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (59 KB)

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi B.Yangibaevning Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 190 yilligiga bag‘ishlangan tabrik so‘zi

Assalomu alaykum, muhtaram mehmonlar, hurmatli anjuman ishtirokchilari!

Sizlarni ulug‘ shoir, mumtoz qoraqalpoq adabiyotining buyuk namoyandasi Ajiniyoz Qo‘siboy o‘g‘li tavalludining 190 yilligi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengashi va Vazirlar Kengashi nomidan chin ko‘ngildan muborakbod etaman!

Mustaqillik davrida xalqimizning boy tarixini yangicha o‘rganish, umumjahon qadriyatlar xazinasining bir qismi bo‘lmish moddiy va ma’naviy meroslarimizni qayta tiklash va asrab-avaylash, ularni chuqur tadqiq qilib, jahon miqyosida targ‘ib qilish – davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Har qanday xalq tarixida o‘chmas iz qoldirgan, el-yurt obro‘sini, milliy-madaniy qadriyatlarini yuksak pog‘onalarga ko‘targan buyuk ziyolilari bo‘ladi. Muhtaram Prezidentimiz Islom Abdug‘anievich Karimov «Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch» asarida ta’kidlanagidek, «bunday benazir siymolarning mavjudligi – o‘ziga xos o‘ta noyob hodisadir. Bu esa nafaqat bugungi, ayni paytda ertangi avlodlarimizning ham ma’naviy boyligiga aylanib, xalqimizga hech narsa bilan o‘lchab, qiyoslab bo‘lmaydigan ruhiy kuch-quvvat va madad berishi muqarrar». Masalan, qoraqalpoq xalqi tarixida Qo‘rqit ota, Sipira jirov, Muyten jirov, Jiyan jirov, Kunxo‘ja, Ajiniyoz, Berdax va b. mumtoz adabiyotimiz vakillari o‘z xalqi uchun jon-dili bilan xizmat qilgan, o‘zlari yashagan zamon muammolarini badiiy so‘z orqali kuylab o‘tgan atoqli shaxslar hisoblanadi. Ular orasida so‘z gavharini e’zozlagan betakror iste’dod egasi – Ajiniyoz bobomizning o‘ziga xos yo‘li alohida ko‘zga tashlanadi. Hurmatli Yurtboshimiz Islom Karimov  «O‘tmishning to‘fonli so‘qmoqlaridan mardona bosib o‘tgan qoraqalpoq xalqining qalb olamini, sezgir falsafasini o‘z asarlari orqali meros qoldirgan betakror siymo, bulbulzabon shoir Ajiniyoz she’riyatida qoraqalpoq xalqining orzu-umidlari, yorug‘ kunlarga ishonchi, nozik tuyg‘u va hayotga degan o‘chmas muhabbati yuksak badiiy darajada mohirlik bilan tarannum etildi» deb, shoir bobomiz ijodiga yuqori baho bergan edi.

Haqiqatdan ham, Ajiniyoz – so‘z qudrati bilan she’riyat bo‘stonining eng yuksak cho‘qqilarini egallagan ulug‘ shoir. Ajiniyozning she’riyat olami – qoraqalpoq adabiyotining jo‘sh urgan chashmasi, chuqur ma’noli she’riy misralarga tashna qalblarning chanqog‘ini bosadigan tuganmas buloqdir. Bu chashmada ajdodlarimizdan meros qolgan an’ana, urf-odat va udumlar, insonparvarlik, odob-axloq, vatanparvarlik, muhabbat va go‘zallik kabi tushunchalar to‘la aks ettirilgan. Shoir she’rlaridagi donolik bilan kuylangan yuksak insoniylik, insonparvarlik tuyg‘ulari, turli ohangdagi chuqur ma’noli o‘git-nasihatlari har birimizning qalbimizda go‘zallikka ishtiyoq, ko‘tarinki ruh, cheksiz iftixor his-tuyg‘ularni uyg‘otadi.

Donishmand shoir, badiiy so‘z zargari Ajiniyoz xalqimizning cheksiz huomat-e’tiboriga muyassar bo‘lgan inson. Uning ijodiyotida xalqimizning necha yuz yillar davomida shakllangan, takomillashgan falsafasi, millatimiz qalbidagi baland ohang, jaranglagan nozik kuy, yengilmas kuch-g‘ayrat jamlangan.  

Ajiniyoz she’rlarining ma’lum qismi shor hayotining muayyan bir lavhasi, qirrasi bilan bog‘lanib ketadi. Ajiniyoz she’rlarining asosiy, o‘ziga xos jihati shundan iboratki, ularda Vatan tuyg‘usi, Ona-yurt sog‘inchi kabi ham botiniy, ham zohiriy bir ehtiros tug‘yon uradi. Jumladan, uning qo‘yidagi misralarida o‘z Vatanidan olisda, o‘zga o‘lkalarda bo‘lgan paytlarida Ona yurtiga tezroq qaytish istagi mavj uradi:

Orzu aylar ko‘nglimiz o‘z yurtimizga bormaga,

Yo, ilohim, elimdi ko‘rar kunlarim bormikin?

O‘z xalqiga degan yuksak muhabbat tuyg‘ularini, qoraqalpoq elining xususiyatlarini ta’riflay kela, bu xalqning «yolg‘on so‘zni bir og‘iz ham aytmasligini, to‘g‘ri yo‘ldan bosh ketsa ham qaytmasligini, nomahramdan hech bir yo‘ldosh tutmasligini» shoir o‘zining mashhur satrlarida keltirib o‘tadi.

 Insonlarni yaxshilikka, adolat, insonparvarlikka, yuksak insoniy tuyg‘ularni qadrlashga da’vat qilish hamda yor vasli, uning go‘zalligi, unga cheksiz muhabbat, hijron ozobi, ayrilig‘ alamlari, visol quvonchlari Ajiniyoz she’riyatining asosiy mavzulari hisoblanadi.

Xalqimizda shunday naql bor: «Yaxshilik qil, suvga sol, baliq bilar, baliq bilmasa, xoliq bilar». Har qachon, har qanday holda ham yaxshilik qilmoq, ammo bu yaxshilikni minnat qilmaslik g‘oyasi buyuk Alisher Navoiy hazratlarida bo‘lgani kabi, Ajiniyoz ijodiy falsafasining ham asosiy yo‘nalishini belgilab bergan. Zeroki, uning:

Har kim barham topur foniy dunyoda,

Xolis bo‘lsa ixlos bilan niyati, –

deb yozishi shundan dalolat beradi. Demakki, Ajiniyoz o‘zidan oldin yashagan, jahonga mashhur madaniyat va adabiyot vakillari ijodiyotining mag‘zini chaqib, qoraqalpoq she’riyat bo‘stonini durdona asarlar bilan boyitdi, adabiyotimiz va tilimizning takomillanishiga salmoqli hissa qo‘shdi.

Aziz do‘stlar! Mumtoz adabiyotimiz, jumladan Ajiniyoz meroslarini chuqur va har tomonlama o‘rganish – zamon talabidir. Muhtaram Prezidentimiz shu 2014 yili may oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan «O‘rta asrlar Sharq allomalari va mutafakkirlarining tarixiy merosi, uning zamonaviy tsivilizatsiya rivojidagi roli va ahamiyati» mavzusida xalqaro konferentsiyaning ochilish marosimidagi nutqida ta’kidlaganidek, bu durdona asarlar «...bebaho boylik, yangi va yangi avlodlar uchun donishmandlik va bilim manbai, kerak bo‘lsa, yangi kashfiyotlar uchun ajoyib materialdir. Bizning davrimizgacha yetib kelgan bu boy merosdan...oqilona va samarali foydalanish – bu siz bilan bizning vazifamiz, siz bilan bizning burchimizdir». Albatta, bu borada fidoyi tadqiqotchi-olimlarimizning tutgan o‘rni alohida. Chunki, Yurtboshimiz yuqoridagi fikrlarini davom ettirib, shunday ta’kidlagan edilar: «Bizning xalqimizda «Ilm bilan shug‘ullanish – igna bilan quduq qazish bilan barobar» degan maqol bor. Ana shu igna bilan quduq qaziyotganlar bor bo‘lsin! Ular qo‘lyozmalar ustida 10-20 yillab va hatto umrbod ishlayotgan insonlardir. Bunday sabr-toqat bilan mehnat qilayotgan insonlar qalbida buyuk daholar merosini butun dunyoga namoyon etish istagi shunchalik kuchliki, hech shubhasiz, bunday daholarsiz insoniyat ravnaq topa olmaydi». Hurmatli Prezidentimizning bunday yuksak bahosi va ishonchi, albatta, olimlarni, jumladan qoraqalpoq olimlarini ham chuqur mas’uliyatni his etgan holda, yangidan yangi yutuqlarga erishishga chorlaydi.

Insonlarning orzu-umidlarini, ezgu tilak-maqsadlarini baland ohang bilan kuylagan Ajiniyoz bobomiz bugungi kunda xalqimizning cheksiz iftixoriga aylandi. Inson qalbining nozik torlariga ta’sir qilib, ajoyib insoniylik tuyg‘ulari va fazilatlarga yetaklovchi, ma’naviy poklik, yuksak axloqni tarannum qiluvchi shoir she’riyati bugungi mustaqil Vatanimizda xalqimizning ma’naviy rivojida, yosh avlodni insonparvarlik va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda bebaho ma’naviy manba hisoblanadi. 

Chunki bir yarim asrdan ortiq vaqt xalqimizning ma’naviy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilgan shoir she’rlari bugungi kunda ham milliy o‘zligimizni anglashga, mustaqilligimizni rivojlantirish va mustahkamlashga, insonlarning dunyoqarashlarini boyitishga, Ona Vatan, tug‘ilgan makonning qadr-qimmatini teran anglashga, bu yo‘lda mas’uliyatli bo‘lishga undaydi.   

Biz bugungi kunda ulug‘ shoir bobomiz Ajiniyoz:

Shod bo‘lib davron surmaga,

Poyanli dunyo ko‘rmaga,

Tengu-do‘st bilan yurmaga,

Ajiniyozga zamon kerak, –

deb armon etgan zamonda, mustaqil, obod makonda yashamoqdamiz. Qo‘lga kiritgan yutuqlarimizni bundan buyon mustahkamlash, ona diyorimizni yanada gullantirishda shoir bobomizning bebaho asarlari milliy-ma’naviy qadriyatlarimizning eng a’lo namunalari sifatida xizmat qilaveradi. Bu yo‘lda hammamizga bobomiz ruhlari hamisha madodkor bo‘lsin, aziz do‘stlar!

 

24 dekabr, 2014 yil
Berdaq nomidagi musiqiy teatri


Ko'rib chiqildi: 5745

Sahifalar