Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

Doimiy e‘tiborda

Mustaqillikning dastlabki kunlaridan boshlab mamlakatimizni izchil rivojlantirishning asosiy omili sifatida tanlangan beshta tamoyilning biri, ya'ni aholini ijtimoiy muhofaza qilish masalasiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda. Aholini ish bilan ta'minlash, ayniqsa yoshlar bandligi doimo dolzarb vazifa bo'lib kelmoqda.

Qoraqalpog'iston Respublikasida aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo'llab-quvvatlash borasida ibratli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilgi «Ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi»ga ko'ra, jami 49841 ta yangi, jumladan xotin-qizlar uchun 13959 ta, yoshlar uchun 10560 ta ish o'rinlari tashkil etish belgilangan. Joriy yilning dastlabki choragida rejalashtirilgan 5593 ta ish o'rinlari ko'rsatkichi 5939 taga, shundan ayollar uchun 1478 taga, yoshlar uchun 1192 taga uddalanib, 106,2 foizni tashkil etdi.

— Bu borada Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan 2015 yil 2 fevralda qabul qilingan «2015 yil har oyda ish o'rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta'minlash dasturi» muhim ahamiyat kasb etmoqda, — deydi Qoraqalpog'iston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Umar Saburov. — Unga ko'ra, korxonalar, uyda mahsulot ishlab chiqarayotgan va xizmatlar ko'rsatayotgan fuqarolar o'rtasidagi kooperatsiyani muvofiqlashtiruvchi doimiy komissiyalar shahar va tumanlarda qizg'in ish olib borishmoqda.

Orolbo'yida ijtimoiy muhofazaga muhtoj, ish topishda qiynalayotgan shaxslarni ishga joylashtirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning birinchi choragida ana shu toifadagi 550 nafar kishi, shundan 7 nafar nogiron Bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari yo'llanmasi asosida ishga joylashtirildi.

— Nukus shahar Bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markaziga ish so'rab murojaat qildim, — deydi Rayhon Seytova. — Markazda menga korxonalar tomonidan taqdim etilgan bo'sh ish o'rinlari haqidagi ma'lumotlarni taqdim etishdi. Menga «Akademik Vohidov nomidagi ixtisoslashtirilgan jarrohlik markazi» Nukus filialidagi hamshiralik ishi ma'qul bo'ldi. Markaz yo'llanmasi asosida ushbu muassasaga ishga joylashdim. Buning uchun judayam minnatdorman.

— Beruniy tumani Bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida menga tuman tibbiyot birlashmasiga hamshira lavozimiga yo'llanma berishdi, — deydi Gavhar Xalieva. — Endi mehnat qilib, ham uyimga, ham yurtimga nafim tegayotganidan xursandman.

Bunday minnatdorlik tuyg'ularini «Qo'ng'irot Soda zavodiga» ishga joylashgan Aziz Ilalov, «Ustyurt gaz-ximiya» majmuasidagi «Xunday» kompaniyasida mehnat qilayotgan Dilbar Allashukurova ham samimiy izhor etishmoqda.

Ustyurt bag'rida bunyod etilayotgan «Ustyurtgaz gaz-ximiya» majmuasi qurilishida 11738 nafar kishi, jumladan 6337 nafar chet ellik mutaxassislar mehnat qilishmoqda. Qoraqalpog'istonlik, ya'ni mahalliy ishchilar soni 5401 nafarni tashkil etadi. E'tiborlisi, ushbu majmua qurilishida ishlayotgan 5294 nafar kishi shahar va tuman Bandlikka ko'maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazlari yo'llanmalari bilan kelishgan.

“Keksalarni e'zozlash yili” Davlat dasturi asosida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi tizimidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarda davlat ta'minotiga olingan aqliy-ruhiy nogironlar ma'naviy va moddiy qo'llab-quvvatlanmoqda. Misol uchun, Chimboydagi «Muruvvat» nogiron erkaklar uyiga «O'z Kor Gaz ximikal» qo'shma korxonasi tomonidan 100 donadan matrats, odeyalo, yostiq, ko'rpa-yostiq jildi va choyshab hadya qilindi. «Taxiatosh» keksalar va nogironlar, urush va mehnat faxriylari sanatoriyasida esa 1941-1945 yillardagi urush va mehnat fronti faxriylarini qabul qilish uchun qo'shimcha xonalar ajratildi. Qoraqalpog'iston Respublikasi Nogironlar reabilitatsiya markazining davolash bo'limlarini kapital ta'mirlash, yumshoq jihozlar va tibbiy asbob uskunalar bilan ta'minlash ishlari qo'lga olinib, hozir reabilitatsiya markazi qo'shimcha binolarida ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Muxtasar qilib aytganda, inson omili yuksak darajaga ko'tarilgan mamlakatimizda fuqarolar ijtimoiy muhofazasi doimiy e'tibordagi masala bo'lib qolaveradi.


Ko'rib chiqildi: 4663