Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (70 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (70 KB)

Vazirlar Kengashining Yoshlar siyosati va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha kotibiyatining funktsional vazifalalari to`g`risida

N I Z O M

 

1-bob. Umumiy qoidalar

 

1. Ushbu Nizom Vazirlar Kengashining yoshlar siyosati va ma`naviy-ma`rifiy ishlar kotibiyatining funktsional vazifalarini belgilaydi.

2. Yoshlar siyosati va ma`naviy-ma`rifiy ishlar kotibiyati Vazirlar Kengashining funktsional tarkibiy bo`linmasi hisoblanadi.

3. Kotibiyat o`z faoliyatini O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesining qarorlari va boshqa hujjatlariga, Vazirlar Kengashining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, mazkur Nizomga amal qiladi.

4. Kotibiyat o`z faoliyatini Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari rahbarligida amalga oshiradi.

5. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarishda Vazirlar Kengashining boshqa tarkibiy bo`linmalari, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari, boshqa organlar va tashkilotlar bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshiradi.

 

2-bob. Kotibiyatning vazifalari va funktsiyalari

 

6. Quyidagilar kotibiyatning asosiy vazifalari hisoblanadi:

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishlarini tashkil qilish;

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlash, ularni ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qilish;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan o`tkaziladigan majlislar, shu jumladan har haftalik apparat yig`ilishlari va turli komissiyalar majlislari materiallari tayyorlanishini va ularda qabul qilingan qarorlar rasmiylashtirilishini ta`minlash;

 

a) Yoshlar siyosati sohasida:

yoshlar, ya`ni o`ttiz yoshdan oshmagan shaxslar, xususan, ta`lim bilan qamrab olingan yoshlar, uyushmagan yoshlar, yosh mutaxassislar, tadbirkor yoshlar, yosh fermerlar, yosh oilalarni har tomonlama qo`llab-quvvatlash yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

umumta`lim maktablarining 9-sinflari bitiruvchilarini kasbga yo`naltirish va ularni keyinchalik o`rta maxsus, kasb-hunar ta`lim tizimida o`qish bilan to`liq qamrab olish, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish bo`yicha tizimli ishlarni tashkil qilish;

akademik litseylar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshiradi, jumladan, ularni hududlar kesimida optimal joylashtirish, iste`dodli yoshlarni qamrab olish,  o`quv jarayoni sifatini oshirish;

oliy ta`lim yo`nalishlari va oliy ma`lumotli kadrlar tayyorlash ko`rsatkichlarining hududlar bo`yicha optimal taqsimoti yuzasidan asoslangan takliflar ishlab chiqish, bitiruvchilarni chuqur professional bilimlarga ega bo`lishlariga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ta`lim tizimining barcha bosqichlarida o`quv jarayoni sifatini, o`quvchi talabalarning davomatini ta`minlash yuzasidan aniq choralar ko`rish va nazorat qilish, bu borada ta`lim muassasasi, mahalla, nodavlat va notijorat tashkilotlari, profilaktika inspektorlari va ota-onalarning o`zaro hamkorlikdagi ishlarini muvofiqlashtirish;

aholi, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz va jahon adabiyotining eng yaxshi namunalarini keng targ`ib qilish, “ommaviy madaniyat”ning ko`rinishlariga qarshi ma`naviy profilaktika ishlariga rahbarlik qilish;

ta`lim tizimining barcha bosqichlarida chet tillariga, komp`yuter texnologiyalari va internet-resurslaridan foydalanishning ilg`or ko`nikmalariga o`rgatish bo`yicha kompleks chora-tadbirlar bajarilishini nazorat qilish;

yoshlarni bo`sh vaqtlarini mazmunli tashkil qilish bo`yicha ularning mulohazalari va takliflarini inobatga olgan holda aniq va manzilli chora-tadbirlar dasturlari ishlab chiqish, turli to`garaklarga, shu jumladan, bolalar musiqa va san`at, bolalar va o`smirlar sport maktablariga qamrab olish ishlarini tizimli tashkil etish;

yoshlarni yuksak axloqiy tarbiyalash, ularni mafkuraviy tahdidlardan himoya qilish va jamiyatda yuksak ma`naviyatni qaror toptirish borasidagi ishlarga rahbarlik qilish;

yoshlarni mustaqil hayotga tayyorlash, aholining ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlar tarbiyasi masalasida jamoatchilik nazoratini tashkil etish, jamiyatda tinchlik va osoyishtalikni ta`minlash sohasidagi vazifalarni samarali bajarishga yo`naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;

ota-onalarning pedagogik madaniyatini yuksaltirishga, barkamol avlod tarbiyasida “oila–mahalla–ta`lim muassasasi” jamoat kengashining ishlarini amalga oshirishga rahbarlik qilish;

uyushmagan yoshlarning manfaatlarini ruyobga chiqarishda ishtirok etuvchi davlat organlari, muassasalar va nodavlat notijorat tashkilotlarining faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo`nalishlarni belgilash;

uyushmagan yoshlarning muammolarini aniqlash va hal qilish uchun ularning ehtiyojlarini aniqlash bo`yicha monitoring olib borish va baholash, kasbga o`rgatish, ishga joylashtirish, jumladan, kichik va o`rta biznes va oilaviy tadbirkorlikka keng jalb etish, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

yosh mutaxassislarni ishga joylashtirishning tizimli monitoringini tashkil etish, mehnat bozorida ularning raqobatbardoshligini ta`minlashga qaratilgan maxsus dasturlarni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etish, yosh kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo`yicha ishlarni amalga oshirish;

yoshlar tadbirkorligi hamda yosh fermerlar faoliyatini rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, yoshlar tadbirkorligini tashkil etishda ko`maklashish, imtiyozli kreditlar berish, joy ajratish, moddiy va texnik vositalar bilan ta`minlanishiga doir dasturlarni ishlab chiqish va ruyobga chiqarish;

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati ishlarini muvofiqlashtiradi va ularga har tomonlama amaliy yordam ko`rsatadi;

yosh oilalarni ma`naviy va moddiy jihatdan qo`llab-quvvatlash, ular uchun munosib uy-joy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni tashkil etish bo`yicha chora-tadbirlar tizimini amalga oshirish, kam ta`minlangan yosh oilalarga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda moddiy yordam berish choralarini ko`rish.

b) Ma`naviy-ma`rifiy ishlar sohasida:

aholi o`rtasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo`nalishlari, keng ko`lamli islohotlarning mohiyati, qabul qilingan qonun hujjatlari va davlat dasturlari ahamiyatining targ`ibot va tashviqotni tashkil qilish;

aholining ma`naviy muammo va extiyojlarini o`rganib borish asosida hududda ma`naviy muhit sog`lomligini ta`minlash, tashkiliy-huquqiy shaklidan kat`iy nazar barcha tashkilotlarning ma`naviy-ma`rifiy faoliyatini muvofiqlashtirish va rahbarlik qilish;

aholining ma`naviy-axloqiy, diniy-ma`rifiy, madaniy saviyasini oshirish va uning doimiy ravishda o`sib borayotgan intellektual, estetik va madaniy ehtiyojlarini ta`minlash, ma`naviy-ma`rifiy merosni, urf-odat va kadriyatlarni saqlash, targ`ib qilish ishlariga rahbarlik qilish;

hududda sog`lom turmush tarzi, millatlararo totuvlik, o`zaro mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga qaratilgan ommaviy tadbirlarni tayyorlash va tashkil etish masalalarini muvofiqlashtirish, tadbirlarning maqsadli, rejali, tartibli tashkil etish va tarbiyaviy samaradorligini ta`minlash chora-tadbirlarini ko`rish;

hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, odamlarni hushyorlik va ogohlikka da`vat etish, yoshlarda yot g`oyalarga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash, huquqiy madaniyatni yuksaltirish, fuqarolarda qonunga hurmat, huquqbuzarlik holatlariga murosasizlik hissini kuchaytirishga qaratilgan samarali targ`ibot tizimini yo`lga qo`yish;

aholi orasida diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, noqonuniy migratsiya, “ommaviy madaniyat” tahdidlaridan ogoh qilishga qaratilgan profilaktik ma`rifiy, tarbiyaviy chora-tadbirlarga rahbarlik qilish;

aholi orasida mehr-oqibat, mehr-shafqat, muruvvat va himmat, insofu diyonat, vijdoniylik, ahillik va totuvlik, fidoyilik, vatanparvarlik, olijanoblik va boshqa fazilatlarni targ`ib qilish hamda ma`naviy-ma`rifiy ishlarni rivojlantirishda mahalla institutining o`rni va rolini oshirish borasidagi ishlarga rahbarlik kilish;

mamlakatda olib borilayotgan ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha siyosatning maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, hududda tashkil etiladigan chora-tadbirlar mazmuni, samaradorligini tahlil qilish, sohalarning tizimli faoliyatini tashkil qilish.

7. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:

Kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarish yuzasidan aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

kotibiyatga oid topshiriqlari bo`yicha tegishli tahliliy, ma`lumotnoma, statistik materiallar va takliflarni umumlashtiradi va tayyorlaydi;

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoniga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisi tomonidan qabul qilinadigan tegishli normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;

sohaga oid topshiriqlarning bajarilishi yuzasidan tizimli nazoratni tashkil etadi, ularning bajarilishini ta`minlash bo`yicha tegishli tashkiliy chora-tadbirlarni va nazorat rejalarini ishlab chiqadi;

muammoli masalalarni hal etish hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi, shuningdek, kotibiyatga tegishli sohalarni rivojlantirishning istiqbolli vazifalarini amalga oshirish yuzasidan takliflar va aniq chora-tadbirlarni ishlab chiqadi hamda Vazirlar Kengashi Raisiga va bevosita Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga taqdim etadi;

davlat dasturlari amalga oshirilishi va sohaga oid topshiriqlarning bajarilishi bo`yicha tegishli tizimlangan ma`lumotlar bazasini shakllantiradi va yuritadi;

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishtirokida o`tkaziladigan yig`ilishlar o`tkazilishini ta`minlaydi va mas`ullarni jalb etgan holda ishlarni muvofiqlashtiradi;

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ish rejasini ishlab chiqadi va amalga oshiradi;

jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Qonunlariga muvofiq ko`rib chiqadi;

davlat sirlari bo`lgan ma`lumotlar yoki qonun bilan muhofaza qilinadigan boshqa axborotlarning himoya qilinishini ta`minlaydi;

Vazirlar Kengashining faoliyati to`g`risida jamoatchilikni belgilangan tartibda xabardor qilishni tashkil etadi;

kotibiyatda ijro intizomini mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Kotibiyat qonun hujjatlariga muvofiq boshqa funktsiyalarni ham bajaradi.

 

3-bob. Kotibiyatning huquqlari va javobgarligi

 

8. Kotibiyat o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish uchun quyidagi huquqlarga ega:

Vazirlar Kengashida ko`rib chiqiladigan masalalarni tahlil qilish va ishlab chiqish uchun kotibiyatga qonun hujjatlarida belgilangan zarur bo`lgan materiallar va ma`lumotlarni davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalaridan, tuman (shahar)lar hokimliklaridan, boshqa tashkilotlardan, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalaridan belgilangan tartibda so`rab olish;

zarurat bo`lganda, kotibiyatda ko`rib chiqiladigan masalalarni ishlab chiqish, axborot va tahliliy materiallarni, shuningdek, Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalarini tayyorlash uchun davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari rahbarlari va xodimlarini, Vazirlar Kengashining tegishli majmualari, boshqarma va guruhlari xodimlarini taklif etish, jalb etish va ushbu maqsadlar uchun vaqtinchalik ekspert guruhlari tashkil etish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlar, Vazirlar Kengashining tegishli tarkibiy bo`linmalariga tezkorlik bilan hal etishni talab qiladigan hamda kotibiyatga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bilan bog`liq bo`lgan masalalar bo`yicha belgilangan tartibda topshiriqlar berish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining hududiy bo`linmalari, tumanlar va shahar hokimliklari, boshqa tashkilotlarda, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashi tomonidan qabul qilingan normativ-huquqiy va boshqa hujjatlarning bajarilishi yuzasidan ishlarni belgilangan tartibda o`rganish.

9. Kotibiyatning javobgarligi:

o`ziga yuklangan vazifalar hamda funktsiyalarning sifatli va o`z vaqtida bajarilishi;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining hujjatlari va topshiriqlariga muvofiq kotibiyatga tegishli takliflar va hujjatlar loyihalari har tomonlama va o`z vaqtida tayyorlanishiga;

davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan Vazirlar Kengashiga, ya`ni kotibiyatga yuklatilgan vazifalar yuzasidan kiritiladigan takliflar va hujjatlar sifatli va o`z vaqtida ishlab chiqilishining tashkil etilishi, ularning iqtisodiy, moliyaviy va huquqiy ekspertizadan o`tkazilishi, shuningdek, asoslangan xulosalar tayyorlanishiga;

O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari, O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Devoni, Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashiga ko`rib chiqish uchun kiritiladigan hujjatlar va takliflar loyihalarini ishlab chiqish va ekspertizadan o`tkazish sifati, shuningdek, kiritilgan loyihalar va qabul qilingan qarorlar amalga oshirilishining ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlariga;

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ijro intizomini mustahkamlash to`g`risida”gi 1999 yil 12 yanvardagi 12-sonli qaroriga muvofiq ijro intizomi ta`minlanishiga;

sohaga oid topshiriqlarining va kotibiyatga bevosita tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan bajarilishi holatining o`z vaqtida o`rganilishi uchun javob beradi.

 

4-bob. Kotibiyatning tuzilmasi

 

10. Kotibiyatning tuzilmasiga kotibiyat boshlig`i, bosh mutaxassis kiradi.

Kotibiyatning tuzilmasi Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi tomonidan tasdiqlanadi.

11. Kotibiyatning faoliyati mazkur Nizomga muvofiq tashkil etiladi.

12. Kotibiyat o`z faoliyatida Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga bo`ysunadi.

13. Kotibiyat boshlig`i Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

14. Kotibiyat mutaxassisi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi.

15. Kotibiyat nizomi Vazirlar Kengashi Raisining qarori bilan tasdiqlanadi.

16. Kotibiyat bosh mutaxassisining funktsional vazifalari Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari – yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar kompleksi rahbari tomonidan tasdiqlanadi.  

 

5-bob. Kotibiyat faoliyatini tashkil etish

 

17. Kotibiyat ishlari O`zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog`iston Respublikasi Konstitutsiyalari va boshqa qonunlariga, O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari, farmoyishlari va topshiriqlariga, O`zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning o`rinbosarlari topshiriqlariga, Qoraqalpog`iston Respublikasi Jo`qorg`i Kengesi va Vazirlar Kengashining qarorlari va topshiriqlariga muvofiq, shuningdek, Vazirlar Kengashining ish rejalari asosida tashkil etiladi.

18. Kotibiyat o`z faoliyatini yarim yillik va yillik ish rejalari asosida olib boradi.

19. Kotibiyatda har haftada yig`ilishlar o`tkazilib, berilgan topshiriqlar, rejalarning bajarilishi nazorat etilib, yangi haftaga mo`ljallangan ishlar va topshiriqlar belgilab olinadi.

20. Kotibiyatda ish yuritilishi, hujjatlarning o`tishi kotibiyat boshlig`i va mutaxassisi tomonidan olib boriladi hamda shu haqida muntazam ravishda Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga ma`lumot berib boriladi.

21. Kotibiyat boshlig`i:

Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarining ko`rsatmasi va topshiriqlariga asosan ishni tashkil etadi:

kotibiyat boshlig`i bevosita kotibiyatning boshqaruvini amalga oshiradi, mutaxassisning faoliyatini tashkillashtiradi va kotibiyatga yuklatilgan vazifalarni bajarishda shaxsan mas`ul hisoblanadi;

kotibiyat ish rejasini shakllantiradi va uning bajarilishi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;

kotibiyatga yuklangan vazifalarni bajarishda kotibiyat xodimiga ishlarni taqsimlaydi va bevosita ijrosini ta`minlaydi va nazoratga oladi;

o`ziga yuklangan vazifalar va funktsiyalarni bajarish bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari ishlarini tashkil qiladi.

Vazirlar Kengashiga kiritilgan takliflarning hamda kotibiyat faoliyati sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha Vazirlar Kengashi Raisining hujjatlari loyihalari ko`rib chiqilishini ta`minlaydi, ularning ekspert jihatdan ishlab chiqilishini, qabul qilingan hujjatlarning bajarilishini nazorat qiladi;

tegishli davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan taqdim etilgan takliflarni va hujjatlar loyihalarini har tomonlama tahlil qiladi, ular bo`yicha tahliliy materiallarni va ekspert takliflarini tayyorlaydi, shuningdek, ularning qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zarur tarzda kelishilishini ta`minlaydi;

materiallar va hujjatlar loyihalari to`g`risida belgilangan tartibda Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosariga axborot beradi;

tegishli funktsional masalalar va hujjatlar bo`yicha tizimlashtirilgan ma`lumotlar bazasi shakllantirilishi va yuritilishini, uning muntazam ravishda yangilanishini tashkil etadi;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari tomonidan kotibiyatga yuklatilgan vazifalarga taalluqli masalalar yuzasidan o`tkaziladigan majlislar, har haftadagi apparat yig`ilishlarida va barcha komissiyalarda hamda kotibiyat sohasiga kiruvchi masalalar bo`yicha o`tkaziladigan boshqa yig`ilishlarda ishtirok etadi;

agar kotibiyat boshlig`i vaqtinchalik bo`lmasa, uning majburiyatlarini bosh mutaxassis vaqtinchalik bajaradi;

yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish, ma`naviy-ma`rifiy ishlarni targ`ib qilish maqsadida qabul qilingan qarorlari bajarilishini tashkil etadi;

kotibiyat tasarrufidagi rahbar lavozimlarga amaldagi va istiqbolli kadrlar zahirasini shakllantirish yuzasidan takliflar kiritadi;

zahiraga kiritilgan nomzodlarni tayyorlab borish ishlarini tashkil etadi;

Vazirlar Kengashi Raisi va Vazirlar Kengashi Raisining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma`naviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosarining topshiriqlariga muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

 


Ko'rib chiqildi: 2280