Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (61 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (61 KB)

O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 22 fevraldagi

 O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 15 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 125-sonli qarori haqida

Hozirgi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda axborot va bilim eng muhim milliy resurslarga, ularni yaratish va tarqatishni ta`minlovchi tizimlar esa-barqaror rivojlanishning strategik omillariga aylanmoqda.

Ushbu sharoitlarda O`zbekistonda demokratik huquqiy davlatni va ochiq adolatli fuqarolik jamiyatini qurish, shuningdek, insonning huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta`minlashdek strategik maqsadga erishish, davlat boshqaruvining sifati davlatning axborot, bilim va innovatsiyalarga asoslangan modeliga o`tishini ta`minlaydigan axborotni va bilimni yaratish, qabul qilish va tarqatish imkoniyatlari bilan belgilanadi.

Shu munosabat bilan davlat va xo`jalik boshqaruvi sohasida ochiqlik va shaffoflikka asoslangan samarali qarorlar qabul qilish tizimini joriy etish, axborot olishda mansabdor shaxslarning jamiyat oldidagi hisobdorligi, ochiqligi va mas`uliyatini ta`minlash zarur. Bu davlat va xo`jalik boshqaruvi apparatining samarali faoliyat yuritishi hamda jamiyatda adolatni qaror toptirishning muhim sharti hisoblanadi.

Bunda jamiyatni davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining faoliyatidan keng xabardor qilish, ularning aholi oldidagi hisobdorligini ta`minlash «Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir» degan konstitutsiyaviy normani amalga oshirishning, «Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan ezgu g`oyani ro`yobga chiqarishning muhim sharti hisoblanadi.

Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot jihatidan ochiqligini yanada oshirish, jamoatchilikka amalga oshirilayotgan keng ko`lamli islohotlarning maqsadlari, vazifalari, borishi hamda natijalari, mamlakatning global axborot jamiyatiga uyg`un integratsiyalashuvi haqida o`z vaqtida, xolisona va to`laqonli axborotni tezkorlik bilan etkazish, shuningdek, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari axborot xizmatlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish maqsadida Vazirlar Kengashi qaror qiladi:

1. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil
15 fevraldagi “O`zbekiston Respublikasi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi 125-sonli qarori ijro uchun rahbarlikka olinsin.

2. Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan:

a) «Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to`g`risida»gi O`zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan aholi bilan ochiq muloqotni yo`lga qo`yishning samarali mexanizmlari va usullarini joriy etishga, jismoniy va yuridik shaxslarning davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari faoliyati to`g`risidagi axborotni izlash, olish va tarqatishga doir huquqlarini ta`minlashga qaratilgan normalari ijrosini so`zsiz va sifatli ta`minlash barcha darajalardagi davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining eng ustuvor vazifalaridan biri deb hisoblanishi;

Davlat va xo`jalik boshqaruvi organi rahbari ushbu vazifalar amalga oshirilishi uchun shaxsan mas`ul ekanligi belgilab qo`yilganligi;

b) davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmatlari (matbuot xizmatlari, jamoatchilik bilan aloqalar xizmatlari) (keyingi o`rinlarda axborot xizmati deb yuritiladi) davlat va xo`jalik boshqaruvi organi xodimlarining umumiy soni doirasida tashkil etiladi hamda shu organ rahbariga bevosita bo`ysunadigan alohida mustaqil bo`linma hisoblanishi belgilab qo`yilganligi;

v) quyidagilar:

davlat va xo`jalik boshqaruvi organi rahbariyati tomonidan zamonaviy talablarga muvofiq belgilanadigan axborot siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda ishtirok etish;

axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini amalga oshirish borasida O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Matbuot xizmati, davlat va xo`jalik boshqaruvi boshqa organlarining axborot xizmatlari bilan samarali va amaliy hamkorlikni ta`minlash;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organining faoliyati, uning faoliyat sohasiga doir normativ-huquqiy hujjatlar to`g`risida keng jamoatchilikni xolisona, sifatli va tezkor xabardor qilish;

ommaviy axborot vositalari bilan o`zaro hamkorlik qilish, axborot xizmati bilan doimiy hamkorlikda ishlaydigan jurnalistlar doirasini shakllantirish, axborot xabarlarini (matbuot uchun axborotlar, byulletenlar va shu kabilarni) tarqatish, ommaviy tadbirlarni tashkil etish;

axborotni davlat va xo`jalik boshqaruvi organining rasmiy veb-saytida tezkor joylashtirish va o`z vaqtida yangilab borish, Internet tarmog`idagi veb-resurslarni, shu jumladan, ijtimoiy va mobil` tarmoqlarni rivojlantirish;

axborot maydoni monitoringini olib borish va tahlil qilish, ularga munosabat bildirishning turlari, usullari va darajasi bo`yicha ekspertlar bilan birgalikda takliflar tayyorlash, ommaviy axborot vositalarida, shu jumladan, Internet tarmog`ida materiallar tarqatish bo`yicha kompleks ishlarni tashkil etish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organining boshqa bo`linmalari bilan birgalikda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalarida tarqatish uchun xabar, axborot-ma`lumot tusidagi materiallar, sharhlar va axborot-tahliliy materiallar tayyorlash;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organi faoliyatini xorijiy ommaviy axborot vositalarida sifatli yoritish maqsadida O`zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi vakolatxonalarini, shuningdek, xorijiy mamlakatlarning O`zbekistondagi diplomatik vakolatxonalarini axborot materiallari (kino, foto, audio va videomateriallar, bosma mahsulotlar va shu kabilar) bilan ta`minlash;

idora faoliyatiga nisbatan jamoatchilik fikrining holatini hamda milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari pozitsiyasini tahlil qilish va ular to`g`risida davlat va xo`jalik boshqaruvi organi rahbariyatiga axborot berish;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organining faoliyat sohasiga aloqador matnli, foto, audio va videomateriallardan iborat ma`lumotlar bankini shakllantirish va yuritish axborot xizmatining asosiy vazifasi etib belgilanganligi;

g) Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining axborot xizmati to`g`risidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlanganligi;

d) Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlariga:

o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirish;

O`zbekiston matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestatsiyadan o`tkazish;

axborot xizmatlari kadrlarining malakasini oshirish va Xizmatlarni jurnalist kadrlar, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish va boshqa sohalardagi yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan ta`minlash, shuningdek, axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo`yicha «yo`l xaritalari»ni ishlab chiqish;

axborot xizmatlari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan, shu jumladan, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda (bir oyda kamida bir marta) matbuot anjumanlari, brifinglar o`tkazilishini hamda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlashning boshqa zamonaviy shakllarini amaliyotga joriy etish topshirilganligi;

e) O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risida» 2006 yil 22 sentyabrdagi
203-son qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblanganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.

3. Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining faoliyatida ochiqlik printsipini amalga oshirish bo`yicha quyidagilarga qaratilgan metodik tavsiyalarni ishlab chiqsin.

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini oshirish, ularning faoliyati to`g`risida jamoatchilikni xabardor qilishning amaliy mexanizmlarini belgilash;

davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar to`g`risidagi axborotdan jismoniy va yuridik shaxslar keng foydalanishini ta`minlash, ochiqlikni ta`minlash bo`yicha zamonaviy tizimlarni shakllantirishda ularga ko`maklashish topshirilsin.

4. Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi  O`zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi Qoraqalpog`iston bo`limi, Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi O`zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Qoraqalpog`iston Respublikasi hududiy boshqarmasi bilan birgalikda har yili «Eng yaxshi axborot xizmati», «Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini yoritayotgan eng yaxshi jurnalist» va boshqa nominatsiyalar bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kunlariga bag`ishlab tanlovlar tashkil etsin.

5. Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2006 yil
16 oktyabrdagi “O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 22 sentyabrdagi “Davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining jamoatchilik bilan aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to`g`risidagi”gi
203-sonli qarori haqida”gi 167/10-sonli qarori o`z kuchini yo`qotgan deb hisoblansin.

6. Shahar va tumanlar hokimliklari, tegishli vazirlik, idora va tashkilotlar:

o`zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.

Qoraqalpog`iston Respublikasi matbuot va axborot agentligi bilan birgalikda uch oy muddatda:

axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlarini attestatsiyadan o`tkazsinlar.

axborot xizmatlari kadrlarining malakasini oshirish va Xizmatlarni jurnalist kadrlar, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil etish va boshqa sohalardagi yuqori malakali mutaxassis kadrlar bilan ta`minlash, shuningdek, axborot xizmatlari faoliyatini samarali tashkil etish uchun zarur zamonaviy moddiy-texnik bazani shakllantirish bo`yicha «yo`l xaritalari»ni ishlab chiqsinlar.

axborot xizmatlari tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari bilan, shu jumladan, davlat va xo`jalik boshqaruvi organlarining rahbarlari ishtirokida muntazam ravishda (bir oyda kamida bir marta) matbuot anjumanlari, brifinglar o`tkazilishini hamda ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlashning boshqa zamonaviy shakllarini amaliyotga joriy etish topshirilsin.

 

7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Vazirlar Kengashi Raisining o`rinbosari M.Jumanovga yuklansin.

 

 

 

Qoraqalpog`iston Respublikasi

Vazirlar Kengashining Raisi                                                  Q.Sariev


Ko'rib chiqildi: 2754