Sahifani PDF tarzda yuklab olish (69 Kb)
Versiyasi
Sahifani doc tarzda yuklab olish (69 KB)
o`zbekiston-respublikasining-davlat-xavfsizligi-tizimini-takomillashtirish-chora-tadbirlari-to`g`risida
Davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og`ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag`rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati mamlakatning konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi, iqtisodiy va mudofaa salohiyatini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish tizimida alohida o`rin tutadi.
Shu bilan birga, Milliy xavfsizlik xizmatining maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilmay turib, unga milliy xavfsizlikni ta`minlashning barcha jihatlari yuklatilgani ushbu idoraning davlat organlari faoliyatining barcha sohalariga asossiz aralashuviga shart-sharoit yaratib berdi.
Mamlakatni rivojlantirishning hozirgi bosqichidagi ustuvor yo`nalishlar, davlat va ijtimoiy hayotning barcha sohalarini isloh qilish borasidagi vazifalarni samarali amalga oshirish davlat xavfsizligini ta`minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishni taqozo etadi.
O`zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish borasidagi faoliyatni tubdan takomillashtirish maqsadida, shuningdek, 2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasi vazifalariga muvofiq:
1. O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati sifatida qayta tashkil etilsin.
Belgilansinki, O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatining huquqlari, majburiyatlari va shartnomalari bo`yicha huquqiy voris hisoblanadi.
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati O`zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilansin.
2. O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati (bundan buyon Xizmat deb yuritiladi) faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo`nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
Xizmatning maxsus vakolatli davlat xavfsizlik organi sifatidagi huquqiy maqomi, vakolatlari va faoliyat yo`nalishlarini aniq belgilab beruvchi mustahkam qonunchilik bazasini yaratish;
bugungi kundagi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta`sirchan shakl hamda uslublarini joriy etish;
yuzaga kelayotgan ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy vaziyatni inobatga olgan holda davlat xavfsizligini ta`minlash borasidagi vazifalarni bajarishda mavjud kuch hamda vositalardan samarali foydalanish imkonini beruvchi tashkiliy tuzilmani shakllantirish;
Xizmat faoliyatini davlat xavfsizligini ta`minlash ishlarining shakl va uslublari, shuningdek, Xizmat harbiy xizmatchilarining idoraviy mansubligi haqidagi ma`lumotlar oshkor bo`lishini istisno etuvchi konspiratsiya tamoyili asosida tashkil etish;
fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og`ishmay rioya etilishini kafolatlaydigan ta`sirchan mexanizmlarni joriy qilish;
O`zbekiston Respublikasining manfaatlarini munosib himoya qilishga qodir, har tomonlama etuk va vatanparvar yoshlarni Xizmatga jalb etishga qaratilgan kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish;
mehnatga munosib haq to`lash, uy-joy va maishiy shart-sharoitlarni yaxshilash, sog`liqni saqlash tizimini takomillashtirish orqali Xizmat harbiy xizmatchilarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish.
3. Xizmatning asosiy vazifalari va faoliyat yo`nalishlari etib quyidagilar belgilansin:
O`zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilishni ta`minlash, mazkur sohada qonuniylik va qonun ustuvorligini mustahkamlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va ularga barham berish;
O`zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuzlarning oldini olish, ularni aniqlash hamda ularga barham berish bo`yicha razvedka va kontrrazvedka faoliyatini amalga oshirish;
O`zbekiston Respublikasining Davlat chegaralarini qo`riqlash va himoya qilish;
O`zbekiston Respublikasining Qurolli Kuchlari va mudofaa-sanoat majmuasini davlat xavfsizligiga xavf-xatarlar hamda tahdidlardan himoya qilish, mamlakat mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo`yicha strategik tashabbuslarni amalga oshirishda ishtirok etish;
terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilikka, qurol-yarog`, giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish;
davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi milliy, irqiy va diniy adovatni targ`ib etishga qaratilgan buzg`unchilik faoliyatining oldini olish, uni aniqlash va unga barham berish;
iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, ijtimoiy va axborot sohalarida davlat xavfsizligini ta`minlash, O`zbekiston Respublikasi xalqining tarixiy-madaniy va boy ma`naviy merosini himoya qilish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi korruptsiya holatlariga qarshi kurashish;
telekommunikatsiya va transport sohasida davlat xavfsizligini ta`minlash, favqulodda holatlarni yuzaga keltiruvchi omillarning oldini olish, aniqlash va ularga barham berish;
Xizmat tergov qilish vakolatiga kiruvchi jinoyat ishlari bo`yicha tergovga qadar tekshiruv va dastlabki tergov olib borish va tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish;
davlat organlari va boshqa tashkilotlarda davlat sirlari saqlanishi, maxsus aloqa xavfsizligining ta`minlanishi hamda axborotlarni kriptografik himoya qilishni tashkil etish ustidan nazoratni amalga oshirish;
davlat manfaatlari va xavfsizligiga tahdid soluvchi huquqbuzarliklar sodir etilishiga imkon beradigan sabab va shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish;
Xizmatning jangovar va safarbarlik tayyorgarligi holatini takomillashtirish va saqlab turish, kuch va vositalarni favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan hamda harbiy holat joriy qilingandagi harakatlarga tayyorlash.
4. 2018 yil 1 apreldan quyidagi funktsiyalar:
O`zbekiston Respublikasining o`ta muhim va toifalangan ob`ektlarida qo`riqlashning texnik vositalarini loyihalash, montaj qilish, sozlash, ta`mirlash va ularga texnik xizmat ko`rsatish bo`yicha ishlarni bajarishga ruxsat berish – O`zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga;
rejimli mudofaa ob`ektlarini loyihalash, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta`mirlash uchun litsenziya talabgorlariga ruxsat etilganligi haqida ma`lumotnoma berish – O`zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligiga o`tkazilsin.
5. O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 22 yanvardagi
PF–5308-son “2017-2021 yillarda O`zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo`nalishi bo`yicha Harakatlar strategiyasini “Faol tadbirkorlik, innovatsion g`oyalar va texnologiyalarni qo`llab-quvvatlash yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to`g`risida”gi Farmoniga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining bir guruh deputatlari tomonidan “O`zbekiston Respublikasining Milliy xavfsizlik xizmati to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqilganligi ma`lumot uchun qabul qilinsin.
O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mazkur Farmon qoidalaridan kelib chiqqan holda qonun loyihasini qayta ishlash tavsiya etilsin.
6. O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Xizmat bilan birgalikda bir oy muddatda 2018-2022 yillarda O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.
7. O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog`i va emblemasi namunalari 1 va 2-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, bayroq va emblemadan foydalanish tartibi Xizmat raisi tomonidan tasdiqlanadi.
8. Xizmat ikki oy muddatda:
Xizmat faoliyatini tashkil etish;
Xizmatning ta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish;
O`zbekiston Respublikasi Davlat chegarasini qo`riqlash tizimining samaradorligini oshirishni nazarda tutuvchi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlari loyihalarini kiritsin.
9. O`zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Xizmat va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda qonun hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o`zgartish va qo`shimchalar to`g`risidagi takliflarni O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi V.V.Maxmudov zimmasiga yuklansin.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti SH.MIRZIYOEV
Toshkent shahri, 2018 yil 14 mart
* * *
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 martdagi
PF-5379-son Farmoniga
1-ilova
O`zbekiston Respublikasi
Davlat xavfsizlik xizmati bayrog`ining
TAVSIFI
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog`i barqarorlik, matonat, sodiqlik, fidoiylik va mardlikni ifoda etuvchi
to`q ko`k rangli to`g`ri burchakli mato ko`rinishiga ega.
Bayroq markazida geral`dik belgi – O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining emblemasi tasvirlangan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati bayrog`ining uzunligi – 250 sm, eni – 125 sm.
* * *
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 14 martdagi
PF-5379-son Farmoniga
2-ilova
O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati
emblemasi – geral`dik belgi
TAVSIFI
Geral`dik belgi – O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati emblemasi to`q ko`k rangli aylana tasmasi bo`lgan kumush rang doiradan iborat.
Aylana tasmaning yuqori qismida oq rangli bosh harflar bilan lotin alifbosida: «O’ZBEKISTON RESPUBLIKASI», pastki qismida: «DAVLAT XAVFSIZLIK XIZMATI» deb yozilgan. Ushbu yozuvlar hurlik ma`nosini anglatuvchi sakkiz qirrali ikkita yulduz bilan ajratilgan.
Doira markazida davlat va jamiyatni tashqi va ichki tahdidlardan himoya qilish ramzini anglatuvchi, pastki qismi cho`zilgan, yuqori burchaklari kesilgan uchburchak ko`rinishiga ega qalqon tasvirlangan. Qalqon yuzasi kumush rangda. Qalqonning markazida O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat gerbidan qalqonning kambar hoshiyalariga qadar quyosh nurlarini ifodalovchi to`g`ri chiziqlar tortilgan.
Qalqonning kesilgan ikki yuqori va pastki burchaklarida shaxs, jamiyat va davlat manfaatlari muhofazasini anglatuvchi uchta xalqa tasvirlangan.
Qalqon ortida simmetriya o`qi bo`yicha tig`i pastga yo`naltirilgan qilich joylashgan. Qilich kuch, sha`n, adolat, jasorat va hushyorlikni anglatadi.
Qilich kumush rangda. Qilich dastagi ettita xalqadan iborat bo`lib, ular O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatining asosiy tamoyillarini anglatadi.
Qalqon va qilich ortida simmetrik ravishda ikki tomonga hilpirayotgan O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`i tasvirlangan.
O`zbekiston Respublikasi Davlat bayrog`ining qalqon va qilich ortida joylashuvi konstitutsiyaviy tuzum, suverenitet, hududiy yaxlitlik va davlat manfaatlarining tashqi va ichki tahdidlardan himoyalanganligini anglatadi.
* * *
“O`zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga
SHARH
Mamlakat taraqqiyotining hozirgi bosqichida strategik vazifalar va eng muhim islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi nafaqat davlat va xo`jalik boshqaruvi organlari, balki huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalar faoliyatini ham takomillashtirishni talab etadi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoev 2017 yil 22 dekabrda Oliy Majlisga Murojaatnomasida O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmatini isloh qilish zarurligini ko`rsatib berdi.
Davlat rahbari tomonidan Konstitutsiya va qonun normalariga og`ishmay rioya etilishini ta`minlash, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tizimida o`zaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tamoyilini so`zsiz amalga oshirish, boshqa organlarning funktsiyalarini bajarish va takrorlash holatlariga yo`l qo`ymaslik vazifalari qo`yilgan edi.
Bu borada O`zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan qabul qilingan “O`zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi Farmon xavf-xatar va tahdidlarga samarali tarzda qarshi kurashishga qodir maxsus xizmatning zamonaviy qiyofasini belgilagan holda, davlat xavfsizligini ta`minlashning sifat jihatidan yangi tizimiga asos soldi.
Farmonga muvofiq O`zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati O`zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati etib qayta tashkil qilindi. Idoraning nomidan “milliy xavfsizlik” tushunchasining chiqarilishi uning vakolatlari asossiz tarzda kengayishiga shart-sharoit yaratgan omillarni bartaraf etish zarurati bilan bog`liq. Chunki lokal miqyosdagi har qanday muammo milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko`rilishi mumkin edi. Mazkur o`zgartirish ushbu idoraning diqqat-e`tiborini davlat ahamiyatiga ega real tahdidlarga qaratadi. “Davlat xavfsizligi” atamasi xavfsizlikni ta`minlash doirasini aniq belgilaydi va mazkur sohadagi faoliyat yo`nalishlarini ajratib beradi.
Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmati O`zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, suverenitetini, hududiy yaxlitligini va manfaatlarini tashqi va ichki tahdidlardan himoya qiluvchi maxsus vakolatli organ etib belgilandi.
Davlat xavfsizlik xizmati faoliyatini tashkil etishning ustuvor yo`nalishlari belgilandi.
Birinchidan, mazkur idoraning maqomi, vakolatlari va faoliyat yo`nalishlarini belgilagan holda “O`zbekiston Respublikasining Davlat xavfsizlik xizmati to`g`risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish nazarda tutilmoqda. 26 yil oldin qabul qilingan Milliy xavfsizlik xizmati to`g`risidagi amaldagi nizom faoliyatni samarali tashkil etishga imkon bermaydi hamda mamlakatning ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy hayotida yuz bergan muhim o`zgarishlarni aks ettirmaydi.
Ikkinchidan, bugungi kundagi xavf-xatar va tahdidlarga qarshi kurashishning ta`sirchan shakllari hamda uslublarini joriy etish, shu maqsadda idoraning samarali tashkiliy tuzilmasini shakllantirish zarurligi belgilandi.
Uchinchidan, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga og`ishmay rioya etishning alohida muhim ahamiyati ta`kidlandi. Shundan kelib chiqqan holda, Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan inson huquqlari qonuniy kafolatlarining qat`iy ta`minlanishiga ustuvor ahamiyat beriladi.
To`rtinchidan, kadrlarni tanlash va tayyorlashning mutlaqo yangi tizimi tashkil etiladi, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy himoyasi kuchaytiriladi. Mazkur choralar Davlat xavfsizlik xizmatiga har tomonlama rivojlangan va vatanparvar yoshlarni jalb etishga imkon beradi. Shu o`rinda idora vakillarining harbiy xizmatchi sifatidagi maqomi ko`rsatib o`tildi, mazkur holat ularga nisbatan harbiy xizmatni o`tash bilan bog`liq barcha cheklov va majburiyatlar tatbiq etilishini anglatadi.
Beshinchidan, Davlat xavfsizlik xizmati o`z faoliyatini idora ishining shakllari va uslublari hamda harbiy xizmatchilarning idoraviy mansubligi haqidagi ma`lumotlar oshkor bo`lishini istisno etadigan konspiratsiya tamoyillari asosida tashkil etishi belgilandi. Bu davlat xavfsizligini ta`minlash vazifalarini bajarishda mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni ta`minlaydi.
Farmon bilan Davlat xavfsizlik xizmatining bayrog`i va emblemasi namunalari tasdiqlandi.
Idoraviy ramzlarning ta`sis etilishi harbiy xizmatchilarning jangovor ruhini oshirishga hamda ularni davlat xavfsizligini ta`minlash vazifalarini bajarishga safarbar etishga xizmat qiladi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonida davlat xavfsizligini ta`minlash sohasida to`planib qolgan muammolarni hal etishga qaratilgan qator topshiriqlar mavjud. Shu munosabat bilan:
idora faoliyatini tashkil etish, uning ta`lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish va Davlat chegarasini qo`riqlash tizimining samaradorligini oshirishga qaratilgan O`zbekiston Respublikasi Prezidenti qarorlarini ishlab chiqish;
2018-2022 yillarda Davlat xavfsizlik xizmati harbiy xizmatchilari uchun arzon uy-joylarni qurish dasturini ishlab chiqish nazarda tutildi.
O`zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur Farmoni tarixiy ahamiyatga ega bo`lib, davlat xavfsizligini ta`minlashning sifat jihatdan yangi tizimini shakllantirishning huquqiy asoslarini yaratdi.
Davlat rahbarining mazkur qarorini amalga oshirish O`zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy tuzumi, suvereniteti, hududiy yaxlitligi va manfaatlarini tashqi hamda ichki tahdidlardan himoya qilish tizimining sifat jihatdan yangi bosqichga ko`tarilishini ta`minlaydi.
Ko'rib chiqildi: 2414