Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi

Qoraqalpog'iston Respublikasining Davlat hukumat portali


Қорақалпоғистон Республикаси Вазирлар Кенгашининг янги расмий веб-сайтига ўтиш. http://karakalpakstan.uz


Sahifani PDF tarzda yuklab olish Sahifani PDF tarzda yuklab olish (54 Kb)    Versiyasi    Sahifani doc tarzda yuklab olish (54 KB)

BUYUK QOZOQ SHOIRI VA MUTAFAKKIRI ABAY QO`NONBOEV IJODIY MEROSINI KENG O`RGANISH VA TARG`IB QILISH TO`G`RISIDA

Buyuk ma`rifatparvar shoir va mutafakkir, ezgulik va do`stlik kuychisi Abay Qo`nonboevning sharafli nomi va boy ijodiy merosi nafaqat qozoq xalqi, ayni paytda, butun turkiy xalqlar, jumladan, o`zbek xalqining ham qalbida bezavol yashab kelmoqda. 

O`zbekiston va Qozog`iston davlatlari o`rtasidagi o`zaro do`stlik va hamkorlik munosabatlari yangi bosqichga ko`tarilayotgan bugungi kunda Abay Qo`nonboev singari ulug` allomalarning o`lmas merosi xalqlarimiz uchun yanada muhim ma`no va ahamiyat kasb etadi. 

Abay Qo`nonboevning umuminsoniy qadriyatlar va mehr-oqibat tuyg`ulari yuksak pardalarda tarannum etilgan etuk badiiy asarlari, ibratli hayoti va ijtimoiy faoliyati bilan xalqlarimiz madaniyati rivojiga qo`shgan ulkan hissasini inobatga olib hamda o`zaro madaniy-gumanitar aloqalarni yanada rivojlantirish, el-yurtimizni qozoq adabiyotining ulug` namoyandalari ijodi bilan keng tanishtirish maqsadida: 

1. O`zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi, Xalq ta`limi vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, O`zbekiston Matbuot va axborot agentligi, O`zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O`zbekiston Fanlar akademiyasi, Respublika Ma`naviyat va ma`rifat markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do`stlik aloqalari qo`mitasi va jamoatchilik vakillarining xalqimizning qardosh Qozog`iston xalqiga, uning betakror adabiyoti va madaniyatiga, yorug` kelajagiga bo`lgan hurmati va ishonchining yorqin ifodasi sifatida yurtimizda buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish to`g`risidagi takliflari ma`qullansin. 

2. Buyuk qozoq shoiri va mutafakkiri Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilishni tashkil qilish bo`yicha tashkiliy qo`mita (keyingi o`rinlarda Tashkiliy qo`mita deb ataladi) tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 

3. Tashkiliy qo`mita bir oy muddatda Abay Qo`nonboev ijodiy merosini keng o`rganish va targ`ib qilish bo`yicha tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqsin. 

Ushbu chora-tadbirlar rejasida: 

Abay Qo`nonboevning “Saylanma” asarini hamda “O`zbek va qozoq adabiy aloqalari” nomli adabiy-tahliliy maqolalar to`plamini nashrga tayyorlash va chop etish; 

Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetida “Abay va o`zbek adabiyoti” nomli doimiy ekspozitsiyani tashkil etish; 

har yili shoir tug`ilgan 10 avgust sanasida Toshkent shahrida o`rnatilgan Abay Qo`nonboev haykali poyiga gul qo`yish marosimi va mushoira o`tkazish; 

o`quvchi va talaba-yoshlar o`rtasida “Abay asarlarining bilimdoni” insholar ko`rik-tanlovini o`tkazish; 

ommaviy axborot vositalarida Abay Qo`nonboev hayoti va ijodi haqida turkum ko`rsatuv va eshittirishlar, maqolalar berib borish; 

Abay Qo`nonboev hayoti va ijodi haqida yaratilgan badiiy va hujjatli fil`mlarni O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi telekanallari orqali namoyish etish; 

mamlakatimizdagi oliy va o`rta maxsus, kasb-hunar, umumiy o`rta ta`lim muassasalari, harbiy qismlar, mehnat jamoalari va mahallalarda taniqli shoir va yozuvchilar, olimlar ishtirokida uchrashuvlar, adabiy kechalar tashkil etish tadbirlari ko`zda tutilsin. 

4. O`zbekiston Milliy axborot agentligi, O`zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, “Jahon” axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga qaror ijrosi bilan bog`liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin. 

5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O`zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.Aripov va O`zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov zimmasiga yuklansin. 



O`zbekiston Respublikasi Prezidenti                Sh.Mirziyoev 

Toshkent shahri, 2018 yil 13 mart


Ko'rib chiqildi: 1682